"Ruslan Chagayev Luis Ortis bilan jang o‘tkazsin"

Image copyright AP

Bokschilar zimmasiga bunday mas‘uliyatni Butunjahon Boks Uyushmasi (WBA) yuklagan.

Ruslan Chagayev joriy paytda professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida muntazam jahon chempioni kamari sohibi sanaladi.

35 yoshli kubalik bokschi esa, shu yil sentyabr oyida Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan jangi ortidan, xuddi shu tasnif va toifada muvaqqat chempionlikni qo‘lga kiritgan.

O‘zbekistonlik nomdor bokschining o‘zi ham BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida ushbu xabarlarni tasdiqladi.

Uning aytishicha, uyushma maxsus qo‘mitasi muzokaralar uchun o‘zlariga bir oy muhlat bergan.

Ruslan Chagayevga ko‘ra, bu haqda kuni-kecha ogoh bo‘lishgan va hozircha ikki o‘rtada muzokaralar boshlanmagan.

Luis Ortis jamlog‘i bilan ijobiy bir to‘xtamga kelgan taqdirimizda ham, WBA tartib-qoidalariga muvofiq, men undan avval, deylik, kelasi yil boshlarida yana bir jang o‘tkazishim lozim bo‘ladi.

Unda WBA reytingida yuqori o‘nlikda turgan bokschilardan biri bilan ringga chiqaman, deydi o‘zbekistonlik bokschi.

Xabarlarga ko‘ra, agar, tomonlar bo‘lajak jang xususida bir to‘xtamga kelisholmasa, Jahon Boks Uyushmasi boshqa da‘vogarlarga chaqiriq tashlaydi.

Jahon chempioni

Image copyright AP

36 yoshli Ruslan Chagayev o‘zining jahon chempionligi uchun bo‘lgan so‘nggi jangini shu yil iyun oyida o‘tkazgan.

Jang Checheniston poytaxti Grozniyda bo‘lib o‘tgan va Ruslan puerto rikalik raqibi Fres Okendoga qarshi ringga chiqqandi.

Hakamlar yakdillik bilan ustunlikni Ruslan Chagayevga berishgan va o‘zbekistonlik bokschi o‘z professional karerasida ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lgandi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ruslan ayni shu jangini dastlab Luis Ortisga qarshi o‘tkazishi lozim bo‘lgan.

Ammo kubalik bokschining promouteri bilan bog‘liq sabablar tufayli, bu ish amalga oshmay qolgandi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ruslan Chagayev hozir ham erkin agent maqomida Olmoniyada yashab, boks bilan shug‘ullanib keladi.

Ammo 2012 yildan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida o‘tkazib kelayotgan o‘zbekistonlik bokschi o‘tgan yildan buyon Chechenistonning Ahmat Hoji Qodirov nomidagi boks klubini namoyon etadi.

Undan oldin esa, Ruslan o‘n yilcha Germaniyaning Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelgan.

Qisqacha statistika o‘rnida

Ruslan Chagayevning professional boksda o‘tkazgan ja‘mi janglari soni hozir 35 taga yetgan.

Shundan 32 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasida durang natija qayd etgan.

Yangi jangi uchun muzokaralar olib borishi lozimligi aytilgan kubalik raqibi Luis Ortis esa, professional ringda ja‘mi 23 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, hozircha, mag‘lubiyat alamini tatimagan.

Havaskor boksda ham bir necha bor Osiyo va Jahon chempioni bo‘lgan Ruslan Chagayev professional boksda ham o‘z vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.

Ruslan Chagayev jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritgach, BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida sobiq raqibi, WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida superchempion bo‘lgan ukrainalik taniqli bokschi Vladimir Klichko bilan jang o‘tkazish rejasida ekanini ham aytgandi.

Ruslan yana ringga tushishni niyat qilayotgan ukrainalik nomdor bokschi joriy paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni ham hisoblanadi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02