MXX arog‘i kimlar uchun?

Image copyright social networks
Image caption Surat ijtimoiy tarmoqlardan olingan

O‘zbekistonda Milliy xavfsizlik xizmati tashkil topgan sana munosabati bilan maxsus aroq ishlab chiqarilgan.

"Toshkentvino" kombinati tomonidan tillarang shishada ishlab chiqarilgan maxsus aroq erkin sotuvga qo‘yilmagani aytilmoqda.

Aroq rasmining ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilishi ortidan turli izohlarga sabab bo‘lgan. Huquq himoyachilari davlat g‘aznasidan ta‘minlanuvchi ushbu sirli tashkilotning bunday aroqqa buyurtma berish huquqini savol ostiga olmoqda.

"Prazdnichnaya" deya nomlangan va tilla qog‘ozga o‘ralgan aroqning bir tomoniga rus tilida "O‘zbekiston Respublikasi MXX tashkil topgan kun bilan" deya yozilgan va O‘zbekiston gerbi mavjud MXX ramzi tushirilgan.

Aroqning quvvati 40 foizligi hamda "Maxsus aroq" ekanligi yozib qo‘yilgan.

"Toshkentvino" kombinati xodimlari aynan MXX tashkil topgan kunga bag‘ishlab aroq chiqarilganini tasdiq ham etishmadi, inkor ham qilishmadi. Biroq sotuv uchun emas, biror hodisaga bag‘ishlab mahsulot chiqarishi mumkinligini bildirishdi.

"Bizda sotuv uchun emas, balki biror hodisaga bag‘ishlab chiqarilgan mahsulotlarimiz bor. Shunaqasi bo‘lib turadi", - deydi kombinat mas‘ullaridan biri.

Milliy xavfsizlik xizmatiga telefon qilib ushbu masalaga oydinlik kiritishning imkoni bo‘lmadi.

"Bo‘lay desang mustaqil, SNB bilan yuzta qil!"

Ijtimoiy tarmoqlarda aroq muhokamasi yengil mutoyibalarga sabab bo‘lgan. Kimdir bu aroqdan 100 gramm ichganlar bor gapni to‘kib solarkan, desa, yana kimdir uni albatta ichib ko‘rish kerakligini yozgan.

Aroq brendi uchun hazil shiorlar ham yozilgan.

"Bo‘lay desang mustaqil, SNB bilan yuzta qil!", "MXX jasoratini tatib ko‘r!" kabi shiorlar taklif qilingan.

Toshkentdan huquq himoyachisi Surat Ikromov O‘zbekistonda biror tashkilot aroq ishlab chiqaruvchi kombinatlarga maxsus mahsulot chiqarish uchun buyurtma berish imkoni borligini aytadi.

"MXX o‘zining buyurtmasini berib hech qayerga tarqatmasdan, o‘zi sotib oladigan buyurtma berishi mumkin. Bozor iqtisodida aroq vino chiqaradigan zavodlar xususiylashtirilgan. Shuning uchun, u yerga vazirlik yoki eksport bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlar buyurtma berishi mumkin", - deydi Su‘rat Ikromov.

Surat Ikromovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda sifatsiz aroqdan zaharlanishning bir ikkita holatlari ro‘y bergan. Xavfsizlik xizmati esa xodimlarini mana shunday sifatsiz ichimlikdan himoya qilish maqsadidia ham maxsus aroq buyurtma qilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda aroqlarning narxi sifatiga qarab eng qimmati 30 ming so‘m, yoki 10 dollar atrofida ekanligi aytiladi.

Maxsus chiqartirilgan aroqlar esa 50 ming so‘m yoki 16 dollar atrofida bo‘lishi mumkin.

Turli qiynoqlar va huquq himoyachilari va jurnalistlarga bosimlar tufayli O‘zbekiston MXXning sha‘niga iliq gaplar aytilmaydi. Huquq himoyachilari davlat byudjetidan mablag‘ oluvchi ushbu tashkilotning o‘ziga maxsus aroqlar buyurtma berishi tashkilot obro‘sini yanada tushirishi mumkinligini aytishadi.

Huquqbon Surat Ikromov bunday holatlarning kelib chiqishiga MXX haqida qonun yo‘qligini sabab qilib keltiradi.

"Shu paytgacha, MXX va IIV to‘g‘risida qonuning o‘zi yo‘q. Qonun bo‘lmaganidan keyin, hech qanday yuridik organlar, Bosh prokuraturahech narsa qilolmaydi. Menimcha, ular shu narsadan foydalansa kerak. Bu aroq qimmat bo‘lishi mumkin. Lekin, ular qimmatroqqa olib, o‘zlarining xodimlariga arzanroq qilib bersa kerak".

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02