BBC mehmoni - shoira va jurnalist Shamsiya bilan suhbat

Shoira va jurnalist Shamsiya Xudoynazarova Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan.

1998 yil O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini bitirgan.

U jurnalistik faoliyatini 1994 yilda viloyat "Surxon tongi" ro‘znomasida boshlagan.

Universitetni tugatganidan so‘ng O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining radiosida faoliyatini davom ettirgan.

U 2013 yilgacha "Yoshlar" radiokanalining "Ma‘naviyat" tahririyatida ishlagan.

Shoira Shamsiyaning ilk ikki kitobi deyarli bir kunda Toshkentdagi "Yozuvchi" va "Sharq" nashriyotlarida 1998 yili chop etilgan.

"Iste‘dod" seriyasida "Yurak yaprog‘i" kitobi chop etilgan. Shuningdek, "Sizga borar yo‘llar"(1998 yil) hamda "Ko‘ksimdagi osmonim"(2007yil) nomli she‘riy to‘plamlari ham muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.

Shamsiya "Mahbub kuylar" kitobida o‘ziga xos ijodiy eksperimentga qo‘l urgan: kitobda shoiraning 10 dan ortiq she‘riy janrdagi ijodi mahsulotlari jamlangan.

Shoira baxshiyona usuldagi, hajviy yo‘nalishdagi she‘rlar, duet, sonet bilan birga g‘azal, tuyuq, ruboiy, chiston, muxammas va muvashshah uslublarida o‘zini sinab ko‘rishga ahd qilganini aytadi.

Bir necha yil oldin Shamsiya jurnalist sifatida Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Fitratlar haqida radioeshittirish tayyorlamoqchi bo‘lganida, "Yoshlar" radiokanali Ma‘naviyat bo‘limi rahbarining "bular haqida eshittirish tayyorlash mumkin emas" degan gapidan iztirobga tushganini aytgan.

BBC mehmoni - shoira va jurnalist Shamsiya bilan suhbat

BBC: She‘riyatga qiziqishingiz, shoirlikka mehr qanday paydo bo‘lgan?

Shamsiya: She‘riyatga, shoirlikka havas, qiziqish bolalikdan, oila muhitida shakllangan. Chunki, ziyoli oilada, ijodkor oilasida dunyoga kelganman. Rahmatli Otam jurnalist edilar. Surxon vohasida u kishini juda yaxshi eslashadi. U kishi viloyat gazetasi va radiolarida ancha vaqt faoliyat yuritganlar. Tuman gazetasining ham tamal toshini qo‘ygan jurnalistlardan biri hisoblanadilar. Jurnalistlik faoliyati bilan bir qatorda badiiy ijod bilan ham shug‘ullanganlar. Kichik hikoyalar, qatralar, novellalar, badihalar, masallar yozib turganlar. Chuqur bilim sohibi edilar. Otamning vafotidan so‘ng meni "Surxon tongi"ga ishga taklif etishganlarida, Otam bilan birga ishlagan, u kishini yaqindan bilgan ustoz ijodkor, faxriy jurnalist Xurram Maqsadqulov menga shunday deganlari hanuz yodimda: "Sening otang dovyurak, o‘tkir fel‘etonist edi. Qalamidan o‘t chaqnab turgani uchun biz uni "Surxondaryoning "Lermontovi" deb atardik. U faqat vijdoniga bo‘ysunib yashadi... Sen ana shunday buyuk qalbli insonga munosib farzand bo‘la olishing kerak va shart!"

Xullas, men ana shunday yuksak e‘tiroflarga sazovor bo‘lgan bir ijodkor, jurnalist – Turg‘un Xudoynazarov oilasida tug‘ildim va voyaga yetdim. Xonadonimizda o‘ziga xos ijodiy muhit bor edi. Dadamning ijodkor do‘stlari tez-tez yig‘ilishar, ijod, adabiyot haqida qizg‘in bahs-munozaralar qilishardi.

Bolalik yillarimizda, qishning uzun tunlarida biz farzandlar pech(ka) yonida tizilishib o‘tirar, dadam bizga turfa ertaklar, she‘rlar, masal va rivoyatlar, hikoyalar o‘qib berardilar. Ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklarini jon qulog‘imiz bilan tinglardik. Bundan tashqari rus xalq ertaklari va boshqa xalqlarning rus tilidagi tarjimasini dadam shundoq bir nazar solib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zbekchalshatirib o‘qib berardilar. Dadam kasbiy faoliyatlari sabab o‘z davrida juda qattiq ta‘qib-tazyiqlarga, xurujlarga uchragach (hatto butun oilamiz ta‘qib-tazyiq ostida qolgan paytlari ham bo‘lgan), hayotining so‘nggi yillariga qadar maktabda o‘qituvchilik qildilar. O‘zbek tili va adabiyoti hamda rus tili va adabiyoti fanidan o‘quvchilarga saboq berardilar. Shu boismi, uyimizda, ayniqsa milliy tilimizga e‘tibor juda kuchli edi. Dadam bizning so‘z boyligimizni oshirish uchun bolalarbop turli o‘yinlar o‘ylab topardilar. Masalan, birgina so‘z aytib, bizdan uning qofiyalarini topishni talab qilardilar. Yoki biror omonim so‘z aytib, uning turfa ma‘nolarini topishga bizni undardilar va hokazo... - Ana shunday ajoyib mutolaa onlari bizning tilga, so‘zga, adabiyotga, she‘riyatga ixlos qo‘yib, ulg‘ayishimizga sabab bo‘lgan.

Onam – Robiyaxon aya – ham juda kitobsevar, ma‘rifatli ayol edilar. Ro‘zg‘or ishlaridan bir on bo‘shasalar ham, qo‘llariga kitob olardilar. Bizga o‘qigan dostonlari, romanlari haqida so‘zlab berardilar. Ayniqsa, mumtoz adabiyotimizdagi g‘azallarning shaydosi edilar. Ko‘pincha uyda hech kim bo‘lmagan paytlarida, onam ikkimiz yolg‘iz qolgan lahzalarda Mashrab devonini olib, undagi g‘azallarni shu qadar sokin, shu qadar xazin ovozda xirgoyi qilardilarki, tovushlarida ichkin bir sog‘inch bor edi... Biroz xirgoyi qilgach, xuddi shu usulda davom ettirgin, deya kitobni mening qo‘limga tutqazardilar. Bilasizmi, Onamning o‘sha sokin, mayin, hazin tovushidagi ichkin sog‘inchni nimaga o‘xshataman: Jannatni sog‘inib ichikkan Odamning holatiga mengzayman! Harholda, Onam menga bolaligimda shunday tushuntirganlar: "Odam gunoh qilganligi uchun jannatdan quvilgan. Odamzotning asl Vatani jannatdir. Mashrabning baytlarida ana shu asl Vatanga talpinish, uni sog‘inish tuyg‘ulari bor. Har gal Mashrab g‘azallarini o‘qiganimda ana shunday tuyg‘u mening ham yuragimga ko‘chib qolgandek tuyuladi... " Bu gaplarni bolalik kezlarimda unchalik tushunmagandirman, ehtimol, lekin ulg‘ayib, o‘zim ham mumtoz adabiyotga oshno bo‘lib, boqiy satrlarning mag‘zini chaqishga uringan kezlarimda Onamning o‘sha holatini yurak-yurakdan his qildim...

Bolalik yillarimdagi kitobxonlik soatlarida aytilgan so‘zlar, g‘azallardagi ohanglar, qofiyalar shuurimga shunchalik singib ketgan ekanki, endi ularning mazmun-mohiyatlari ruhiyatimda bir-bir ko‘z ochayotgandek. O‘shanda so‘zlarni, qofiyalarni bilib-bilmay, goho topqirlik o‘yinlari uchun aytgan bo‘lsak, bugun har bitta so‘z ongli ravishda mening butun borlig‘imdan, tomirlarimdan, yuragimdan, ich-ichimdan sizib o‘tib, so‘ngra qog‘ozga to‘kilayotganday... Yozganim sari ona tilimiz, turkiy tilimizning naqadar jozibali, naqadar boy ekanligiga tobora amin bo‘lib borayapman. Va o‘z o‘rnida biz bugun bu ulkan xazina - asrlar bo‘yi sayqal topgan ona tilimizdan yetarlicha va oqilona foydalana olmayotganimizga ham nadomat ila iqror bo‘layapman. Ona tilimizda biz hali kashf etishimiz mumkin bo‘lgan jihatlar juda ko‘p ekanligini yanada chuqurroq anglayapman...

BBC: 10 dan ziyod she‘riy janrdagi asarlaringiz jamlangan "Mahbub kuylar" kitobingiz adabiy jamoatchilik, ustozlar tomonidan qanday qarshi olindi?

Shamsiya: Avvalo bu kitobning dunyoga kelishi haqida biroz to‘xtalsam: Bir kuni katta qizim Farzona, – o‘shanda 3-sinfda o‘qirdi, – maktabdan kelib, ko‘zlari chaqnagancha uyga kirar-kirmas hayajon bilan so‘zlay ketdi:

– Ayajon, bilasizmi, o‘qituvchimiz bugun bizga zo‘r faktni aytdilar. Hazrat Alisher Navoiy dunyodagi eng buyuk shoir ekan. Dunyodagi hech bir xalqning adabiyotida turkiy adabiyotimizdagichalik ko‘p janrlar kashf etilmagan va hech bir shoir Hazrat Navoiychalik ko‘p janrda ijod qila olmagan ekan. U kishi she‘riy yo‘nalishda 12 ta janrda, nasriy yo‘nalishda 4 ta, jami 16 ta janrda qalam tebratgan ekanlar. So‘z boyligi jihatidan ham shuncha asrlardan beri hech kim Navoiy bobomizga teng kela olmapti! Navoiy bobomizning so‘z boyligi hatto ruslarning daho shoiri Pushkinning so‘z boyligidan ham besh-olti marotaba ko‘p ekan! Bu faktni eshitib, barcha rusiyzabon sinfdoshlarim bizga, sinfdagi 4-5 nafar o‘zbek millatiga mansub bolalarga havas bilan qarashdi! O‘zbekligimdan, Hazrat Navoiyning avlodi ekanligimdan shunday g‘ururlanib ketdimki...

Rus maktabi uyimizning yonginasida bo‘lgani uchun til o‘rgansin deya qizimni shu maktabga bergandik. Rusiyzabon o‘rtoqlari oldida farzandimning milliy g‘ururi qanchalar yuksalgani, daho ajdodimizga nisbatan qalbida yuksak ehtirom jo‘sh urganini tasavvur qilarkanman, yurakdan xursand bo‘ldim. So‘ng qizimning boshini asta silab, qo‘limdan kelgancha tushuntirdim:

–Ustozing to‘g‘ri aytibdilar. Chindan ham Hazrat Navoiy asrlarni titratib turgan daho shoir! Agar ul zot bizning asrimizda yashaganlarida edi, shubhasiz, bundan-da ko‘p janrlarda ijod qilgan bo‘lardilar. Sababi, bobomizning davrlarida faqat aruz vaznida yozishgan, zamonaviy she‘riyatimizda barmoq vaznida yozishayapti.

Shunda u kutilmaganda meni savollarga ko‘mib tashladi:

– Demak, o‘zbek adabiyotidagi janrlar yana ham boyib ketibdi-da?! Unda nega bugungi shoirlar shuncha keng imkoniyatlardan foydalanishmayapti? Axir, shunday ulug‘ shoirning ishlarini bugungi shoirlar davom ettirishi kerak emasmi? Nega? Masalan, siz ham shoirasiz-ku, kitoblaringiz chiqqan, ayting-chi, o‘zingiz nechta janrda ijod qilgansiz? Aytganday, ayajon, siz Hazrat navoiy ijodi haqidagi bu faktlarni bilarmidingiz? Avval ham eshitganmidingiz yoki o‘qiganmidingiz? Men esa, buni bilishingizni bilmagandim. Bu gaplarni tezroq sizga yetkazay deb shoshib keluvdim... Agar men sizning o‘rningizda bo‘lsaydim, shoir bo‘lsaydim, o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rardim...

Ba‘zan bolalardan ham nimanidir o‘rganasan kishi. Ochig‘i, esimni taniganimdan beri she‘r yozarkanman-u, janrlarga, ularning soniga hecham e‘tibor bermagan ekanman. Shu suhbat turtki bo‘ldi-yu, yozganlarimni boshqatdan ko‘zdan kechira boshladim. Avvalgi kitoblarimga kiritilmay qolganlarini ham jamlab qarasam, yetti- sakkizta janrda yozgan ekanman. Yana yangi janrlarda yozib, ularning yoniga qo‘shdim. Xullas, kitob nashrdan chiqqach, ustoz ijodkorlarning fikrlarini bilish, ikki og‘iz nasihatlarini eshitishdek ezgu maqsad ila milliy matbuot markazida taqdimot o‘tkazdik. Taklifnomalar juda ko‘pchilik ijodkorlarga bir-bir yarim oy oldin tarqatilganiga qaramasdan, afsuski, Yozuvchilar uyushmasidan birorta vakil qatnashmadi, kela olmadi. Sababi, ertaga taqdimot o‘tkaziladi, degan kuni kechqurun prezident apparatidan uyushmaga yangi rais saylash haqida topshiriq bo‘libdi. Majlis 15 fevral, soat 11:00 boshlanishi va bu majlisga uyushmaning barcha a‘zolari qatnashishi shart ekanligi tayinlanibdi. Bu ayni kitob taqdimoti o‘tkaziladigan vaqtga to‘g‘ri keldi... Shunga qaramay, Qutlibeka Rahimboyeva, Eshqobil Shukur, Tursun Ali, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Abdulla Ulug‘ov singari taniqli shoirlar, adabiyotshunoslar taqdimotga kelishdi va o‘zlarining iliq fikrlarini bildirishdi. "Juz‘iy kamchiliklardan holi emas, ammo qutlasa bo‘ladi!" deyishdi. Bundan tashqari hamkasblarimiz, tengdosh ijodkorlar, ommaviy axborot vositalaridan ko‘plab muxbirlar tashrif buyurishdi. O‘ndan ortiq janrda yozilgan kitob taqdimoti haqida deyarli barcha tele va radiokanallar, ayrim gazetalar xabar tarqatishdi.

Taqdimot bo‘lib o‘tgach, Yozuvchilar uyushmasidan, vijdon amri bilan bo‘lsa kerak, ustoz Tursunboy Adashboyev uyga sim qoqib, (taqdimotda u kishi so‘zga chiqishi kutilgan edi) "Shamsiyaxon, uzr, taqdimotga bora olmadik, sizga aytishgan bo‘lishsa kerak, tasodifan bizda muhim majlis o‘tkazilishi kerak bo‘lib qoldi. Lekin hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham ikki og‘iz so‘zimni aytsam devdim", - dedilar. Va juda vazmin ohangda dona-dona qilib aytdilar: "She‘rlar zo‘r, juda zo‘r! O‘qib, ko‘p mutaassir bo‘ldik. Xuddi shu tarzda davom eting. O‘zingizni, bolalarni ehtiyot qiling. Yanada ko‘proq ijod qiling. Omon bo‘ling!"

Shu qisqa va lo‘nda e‘tirofdan ruhim ancha ko‘tarildi. Negaki, keyingi yillarda meni adbiy davralar, mushoiralarga deyarli chaqirishmasdi. Surbetlarcha bostirib boraverishni esa men o‘zimga ep ko‘rmasdim, tabiatimga to‘g‘ri kelmasdi. Shu bois ijodiy muhitdan ancha uzilib qolgandim. Ochig‘i, Yozuvchilar uyushmasidan kitob taqdimotiga hech kim kelmagani uchun o‘zimni ancha o‘gaylangandek his qildim.

Lekin otaxon adib, ulug‘ shoir, bugungi zamonaviy adabiyotimizning tirik vijdoni – ustoz Shukrulloning kamtarona ijodimga bergan bahosi men uchun boshqalarning bergan va beradigan bahosidan afzal va bir umrga tatigulik bo‘ldi...

(davomi bor)

Your contact details
Disclaimer