AQSh dronlari O‘zbek jangarilarini nishonga oldi

Reuters agentligining xabar berishicha, Pokiston shimoli-g‘arbida uchuvchisiz uchoqdan qilingan hujum oqibatida kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan qo‘mondon doxil besh jangari o‘ldirilgan.

Reuters ga bu borada Pokiston xavfsizlik xizmatidagi manba xabar bergan.

Janubiy Vaziriston mintaqasida yakshanba kuni amalga oshirilgan hujum aytilishicha, sentyabr oyi oxiridan beri AQSh uchuvchisiz uchog‘idan qilingan birinchi hujumdir.

Amerika tomonidan qilinadigan bu kabi hujumlar Pokistonda noroziliklarga sabab bo‘lgandi va shuning uchun oxirgi vaqtlarda juda kamdan-kam ro‘y berayotgan edi.

Josuslik xizmatidagi manbaga ko‘ra, halok etilgan hamma besh nafar jangari o‘zbek millatiga mansub bo‘lganlar.

Xabarni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Pokistondagi Toliblar safida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari doxil yana ko‘plab millat vakillari mavjudligi aytiladi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati shu yil Karachi qo‘nalg‘asiga uyushtirilgan yirik hujum ortida turganligini da‘vo qilgandi.

Ushbu guruh ham ko‘pmillatli ekani aytiladi.

1990- yillar oxirlarida tashkil etilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining maqsadini O‘zbekistondagi dunyoviy tuzumni ag‘darish deya e‘lon qilgan.

Keyinchalik guruh Afg‘onistondagi Toliblar va Al-Qoida saflariga kirgan.

Afg‘onistonga xorijiy ittifoqchi kuchlar kiritilishi ortidan ko‘plab jangarilar Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh mintaqalarida boshpana topishgan.

Hozirda Pokistonda O‘zbekiston Islomiy Harakatining qancha jangarisi borligi haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q. Ularning soni bir necha yuzdan tortib, bir necha minggacha deya taxmin qilinadi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan hafta Islomiy Davlat jangari guruhini dastaklashi haqida e‘lon etgan edi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer