Tolibon "Islomiy Davlat"ni qo‘llaydi

Image copyright AFP
Image caption Mavlono Fazlulla barcha mujohidlarni AQShga qarshi birlashishga chaqirgan

Pokistondagi Tolibon harakati Qurbon Hayiti arafasida bayonot chiqarib, Iroq hamda Suriyada urushayotgan "Islomiy Davlat" mujohidlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Toliblar, xususan, barcha musulmonlarni Islom olamining "dushmani" bo‘lmish AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi birlashishga chaqiradi.

"Islomiy Davlat" jangarilari Suriya va Iroqning katta hududlarini qo‘lga kiritishmoqda. Ammo ayrim Islomiy guruhlar bu jangarilar safiga qo‘shilmasdan, aksincha, ularga qarshi urushishmoqda.

Pokiston Toliboni esa aynan ana shu Islomiy guruhlarga murojaat qilib, "o‘zaro adovatni unutishni" maslahat bermoqda.

Harakatning Pokistondagi rahbari sanalmish Mavlono Fazlullo nomidan chiqarilgan bayonotda "Islomiy Davlat" mujohidlari amallari olqishlanadi.

"Dushmanlarga qarshi qo‘lga kiritayotgan zafarlaringizdan faxrlanamiz va ham yaxshi, ham yomon damlarda biz siz bilan birgamiz" - deyiladi ushbu bayonotda.

Keyin esa boshqa raqib jangari guruhlarga qarata ham murojaat qilinadi.

"Shunday notinch kunlarda sabrli bo‘ling va dushmanlarga qarshi kurashda birlashing. Chunki dushmanlar sizlarga qarshi birlashishmoqda. O‘zaro raqobatdan voz keching".

Ammo Pokistondagi Tolibon va "Islomiy Davlat" o‘rtasidagi biron munosabatlar o‘rnatilgani yo kelishuvlarga borilgani xususida ko‘p narsa ma‘lum emas.

Oldinroq Peshovar shahrida "Islomiy Davlat" tarafdorlari ularni olqishlaydigan varaqalarni tarqatishayotgani haqida xabarlar chiqqandi.

Iroq va Suriyadagi "Islomiy Davlat" nazoratiga o‘tgan hududlardan qochgan odamlar soni 160 mingga yetgan. Ular, asosan, shialar, turkmanlar, kurdlar, nasroniylar va yazidiylardir.

"Islomiy Davlat" mujohidlari sunniy bo‘lmagan erkaklarni qatl etayotgani, 9 yashar qizaloqlar doxil yosh ayollarni o‘lja sifatida qo‘lga olib, jinsiy tahqirlayotgani haqida xabarlar bor.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02