Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Gollivud Amir Temur haqida film olmoqchimi?

O‘zbekistondagi qator nashrlar rossiya va amerikalik prodyuserlar hamkorlikda Amir Temur haqidagi filmni suratga olishni boshlayotganliklari haqida xabar bergan.

Internet nashrlarining rossiyalik ishbilarmon Andrey Poklonskiydan iqtibos keltirishicha, filmda Amir Temur roli uchun Gollivud aktyori Xyu Jekmanning nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.

Janob Poklonskiy film Rossiya va Gollivud studiyalarining mablag‘i hisobidan olinishini aytgan.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Andrey Poklonskiy "Rossiya pravoslav metsenatlari klubi" rahbari va bir kunda qurib bitkazilgan cherkov loyihalari bilan nom qozongan.

Moskvada yashab, ijod qilayotgan taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyevning aytishicha, u 2009 yilda janob Poklonskiyning buyurtmasi bilan Amir Temur haqidagi film stsenariysini yozgan.

"Ettinchi o‘q", "Favquloda komissar" hamda "Vodillik kelin" singari o‘nlab filmlarni suratga olgan rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, loyiha mualliflari filmda pravoslav motiviga urg‘u berishni istaganlar.

"Ammo bu shartlar menga to‘g‘ri kelmadi. Men o‘zim musulmon bo‘lsam, pravoslav proyektlariga aralashib nima qilaman, dedim. Film olinmadi va 5 yillik kontrakt muddati shu yil iyulida tugadi", - deydi rejissyor.

Image caption Ali Hamroyev Gollivudning Amir Temur haqida haqqoniy film olishiga shubha qiladi

Ali Hamroyev yangi stsenariydan xabari yo‘qligini aytish bilan birga, agar unda o‘zi yozgan biron epizod yoki dialogdan foydalanilgan bo‘lsa, film ijodkorlarini mahkamaga berishini aytdi.

BBCning Andrey Poklonskiy bilan bog‘lanishga urinishlari hozircha natija bergani yo‘q, ammo uning to‘liq ismini berishni istamagan Irina ismli prodyuseri Ali Hamroyevga o‘z vaqtida stsenariy uchun buyurtma berishgani va ikki o‘rtada shartnoma imzolanganini tasdiqladi.

Ayni paytda u Gollivud bilan hamkorlik tafsilotlari haqida Poklonskiyning o‘zi bilan gaplashishni tavsiya qildi.

Ali Hamroyev Gollivudning Amir Temur haqida haqqoniy, yirik epik kartinani suratga olishga qodirligini savol ostiga oladi.

1990-yillarda o‘zbekistonlik ijodkorlar Amir Temur haqida suratga olgan film unchalik muvaffaqiyat qozonmagan.