Muxtor Ablyazov garov puli evaziga ozod etilmaydi

Image copyright none

Fransa mahkamasi qozog‘istonlik sobiq oligarx va siyosatchi Muxtor Ablyazovni garov puli evaziga ozod qilish borasidagi arizasini rad etgan.

Janob Ablyazov 14 oy muqaddam Kann shahridan 8 kilometr shimolda joylashgan Muan-Sartu qishlog‘ida ushlangan edi.

U katta miqdorli moliyaviy firibgarliklarda ayblanadi.

Lion apellyatsiya mahkamasi dushanba kuni qozoq bankiri va sobiq vazir Muxtor Ablyazovni qo‘yib yubormaslikka qaror qilgan.

25 sentyabrda bo‘lib o‘tgan tinglov jarayonida 51 yoshli Ablyazov elektron jihoz bilan hibsxonadan uy qamog‘iga o‘tkazilishi uchun 100 ming yevro to‘lashga rozi bo‘lgandi.

Fransa mahkamasi ikkinchi martadirki, korchalon Muxtor Ablyazovni ozod qilmaslik yuzasidan hukm chiqarmoqda.

2013 yil dekabrida Fransa janubidagi mahkama uni ekstraditsiya qilishga rozilik bergan, ammo ishni Lion sudiga oshirgan boshqa bir mahkama bu qarorni bekor qilgandi.

Lion prokurori ham ekstraditsiya masalani yoqlab chiqqan, lekin bu boradagi qaror 24 oktyabrda e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Ablyazov 2012 yil Britaniya mahkamasi tarafidan 22 oyga qamalishi hukmidan so‘ng Britaniyani maxfiy ravishda tark etgan edi.

Bir paytlar Qozog‘istonning eng badavlat insonlaridan hisoblangan Muxtor Ablyazov 2009 yili o‘z bankining davlat tarafidan musodara etilishi ortidan mamlakatdan qochib chiqqan. 2011 yil Britaniya unga siyosiy qochqin maqomini bergan edi.

Qozog‘iston uni davlat mablag‘larini o‘marishda ayblab keladi.

Ablyazov bu ayblovlarni rad etib, ular ortida siyosiy vajlar turganini aytadi.

2013 yilning iyun oyida uning rafiqasi hamda 6 yashar qizi Italiyadan Qozog‘istonga deportatsiya etilganida bu hodisa dunyo matbuoti sarlavhalarini qayta egallagan edi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02