"Ming farishta va bir surat" san‘at asarimi?

Image copyright none
Image caption Lekim Ibragimov (Surat BBCniki emas, culture.ru saytidan olindi)

O‘zbekistonlik rassom Lekim Ibragimovning "Ming farishta va bir surat" deb nomlanuvchi mega polotnosi Toshkentdagi sayyohlik ko‘rgazmasida namoyish qilinmoqda. Bo‘yi 8 metr va uzunligi 66 metrni tashkil qiluvchi mega polotno ikki yil oldin Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga ham urinib ko‘rgan. 10 yildan oshiq vaqt davomida chizilgan suratlarning yig‘indisi bo‘lgan polotnoning og‘irligi 22 tonnani tashkil qiladi. Toshkentdan taniqli rassom Vyacheslav Oxunovdan ushbu asarga bo‘lgan bahosini so‘radik.

Vyacheslav Oxunov: Mening fikrimcha, hozir dunyo san‘atida atraktsionizm degan yo‘nalish bor. San‘at shu darajaga tushib ketdi. Bu atraktsion, ya‘ni ko‘ngil ochish so‘zidan kelib chiqqan. Shouga o‘xshaydi. Sovet davrida ham "kimniki ko‘p va kimniki baland" degan narsa bor edi. Inqilobga qadar Chor Rossiyasida dunyodagi eng katta va otmaydigan zambarak yasashgandi. Yoki chalinmaydigan eng katta qo‘ng‘iroq yasashgandi. Ushbu polotno ham mana shular qatoriga kiradi. U baddiy funktsiya emas, balki ko‘ngilochar funktsiya bajaradi. San‘atga ko‘chirilgan sportga o‘xshab ketadi. Lekin biz boshqa kartinani ham bilamiz. Bu inson kattaligida chizilgan. Uni toshkentlik rassom Nikolay Sergeyevich Shin yaratgan. Stalin koreyslarni Saxalindan Qozog‘iston va O‘zbekiston cho‘llariga ko‘chirganida qatag‘on azoblarini boshidan kechirgan. Ushbu jarayonni balandligi 3 metr va uzunligi 50 metrlik kartinada chizgan. Bu juda ham jiddiy ish edi.

BBC: Lekim Ibragimovning mega polotnosini qimmatli san‘at asarlari qatoriga qo‘shishi mumkinmi?

Vyacheslav Oxunov: Menimcha, uni san‘at asariga qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Garchi, rassom uning asari Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi, degan bo‘lsa ham biz 5 chaqirimlik kartinalar chizuvchi rassomlarni bilamiz. Ushbu farishtalar badiiy qiymat kasb etmaydi. Balki oddiy kartinka sifatida chiroyli bo‘lishi mumkin.

BBC: Ushbu polotnoga O‘zbekistonda qiziqish qanday?

Vyacheslav Oxunov: Menga yigitlar telefon qilib bu haqda aytishdi. Bu haqda reklama qilishmoqda. Misol uchun, Ozarbayjon Turkmaniston bilan kimning bayrog‘i katta, deb musobaqalashmoqda. Boku juda ham katta bayroqni bo‘g‘ozga ilmoqda. Ashxabodda esa futbol maydonidek bayroqni tayyorlab ilishmoqda. Ushbu kartinaga ham shunday munosabatda bo‘lishmoqda. Uning hajmini muhokama qilishmoqda. Lekin birorta odam kartinani chiroyli ekan, badiiy asar sifatida qalbdagi kechinmalarni chizibdi, degan gaplarni eshitmadim. U yerda uyg‘ur xalqi tarixiga bog‘liq bo‘lgan hech narsa yo‘q. Bo‘m bo‘sh kartinka.

BBC: Lekin, tanqidlarga qaramasdan, ushbu kartina dunyoning yirik shaharlarida namoyish etildi va bu bilan jamoatchilikning e‘tiborini tortdi.

Vyacheslav Oxunov: Ayrimlar uning ismini bilganidan mamnun bo‘lishi mumkin. Albatta, homiy topishning uddasidan chiqib, uni u yer bu yerda namoyish qilishning uddasidan chiqqani uchun mamnun bo‘lishi mumkin. Ammo, xalqaro badiiy e‘tirofga boshqa narsalar va yo‘llar orqali erishiladi. Rassomlarning muzey e‘tirofi bo‘ladi. Unda g‘arb muzeylari asarni sotib oladi. Bozor bahosi bor, auktsion orqali baland narxda sotib olishadi. Mana shunday paradokslar bor.

BBC: Ushbu mega polotnoning qiymatini qanday baholaysiz?

Vyacheslav Oxunov: Birinchidan, uni hech kim sotib olmaydi. Uni o‘rnatish juda ham murakkab. Muallifning o‘zi, ushbu kartinani undan qismlarga bo‘lgan holda sotib olishlarini va yuz yildan so‘ng qayta jamlashilarini istashini aytgan. Bunday narsa bo‘lmaydi. Chunki tushunarsiz fragmentlardan tashkil topgan kartina hech kimga kerak emas. Uni sotib olib katta bir garaj yoki bino qurib saqlaydigan odam topilishi amrimahol. Lekin tarixdan bilamizki, Klod Mone o‘zining Nilufarlar asarini chizgan va ularning balanligi 6 metrdan bo‘lgan. U shunchalik chiroyli tasvirlaganidan maxsus muzey qurishgan. Lekin, afsuski, bu Klod Monening asari emas-da. Bu shunchaki ko‘ngilochar narsa. Kartinkani ko‘ngilochar asarlar singari u yoqdan bu yoqqa ko‘chirishadi. Vaqt o‘tishi bilan eskirib u yer bu yerida teshik paydo bo‘lib, alal-oqibat omborga joylashtirishadi. Ushbu polotnoning taqdiri mana shunday tugaydi.