Ispaniyada yangi ebola holati bo‘yicha tekshiruv boshlandi

Image copyright AP

Ispaniyalik hamshiralardan biri halokatli Ebola virusini yuqtirgani ma‘lum bo‘lishi ortidan Madriddagi shifoxonada tekshiruv boshlangan.

Hamshira xastalikka G‘arbiy Afrikadan tashqarida chalingan ilk insondir.

U mintaqadan virusni yuqtirib kelib vafot etgan ikki ispan missionerini davolashda ishtirok etgan.

Rasmiylarga ko‘ra, virusga chalingan hamshira Madriddagi Karlos III shifoxonasida ispaniyalik ruhoniylar Manuelya Gariya Vexo va Migel Paxaresaga qaragan 30 nafar tibbiyot xodimidan biridir. Uning shaxsi borasida ma‘lumot berilmadi, ammo yordamchi hamshira vazifasini o‘tagani aytildi.

Ebolani Serra-Leoneda yuqtirgan 69 yoshli Gariya Vexo 25 sentyabr kuni shifoxonada vafot etgan edi.

Liberiyada xastalikka chalingan 75 yoshli Migel Paxaresa esa, Ispaniyaga qaytganidan keyin avgust oyida olamdan o‘tgandi.

Hamshira janob Gariya Vexo muolaja qabul qilgan xonaga ikki bor - unga qarash va o‘limidan keyin xonani dezinfektsiya qilish uchun kirgan.

Har ikki safar ham u himoyalovchi kiyim-boshda bo‘lgani urg‘ulanadi.

Madrid shahrining sog‘liqni saqlash bo‘yicha bo‘limi direktori "virusni tasodifiy yuqtirish xavfi borligi" borasida ma‘lumoti yo‘qligini aytgan.

Ko‘p o‘tmay, hamshira ta‘tilga ketgan, ammo 30 sentyabr kuni xastalangani ma‘lum bo‘lgan. Madrid janubi-g‘arbidagi Alkorkon shifoxonasida uning ebola virusini yuqtirgani aniqlangan.

Seshanba kuni politsiya kuzatuvida hamshira Karlos III shifoxonasiga ko‘chirilgan va hozir ahvoli barqaror ekani xabar qilinadi.

Uning turmush o‘rtog‘i va shifoxonaning boshqa xodimlari ham tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Hamshira ta‘tilini o‘tkazish uchun qayerga borgani ma‘lum emas. Shu bilan birga, yordamchi hamshiraning tana suyuqligi orqali yuquvchi virusni qanday qilib yuqtirgani ham qorong‘u qolmoqda.

Shifoxonada himoya choralari kuchaytirilgan bo‘lgani xabar qilinadi.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Barak Obama mamlakatga uchib kelayotgan yo‘lovchilarni tekshirish rejalarini e‘lon qilgan.

Ebola tufayli aksari G‘arbiy Afrikada bo‘lgan 3, 400 inson hayotdan ko‘z yumgan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02