Kobani: havo hujumlari Islomiy Davlatning ilgarilashini to‘xtatdi

AQSh boshchiligidagi ittifoq Turkiya-Curiya chegarasidagi Kobani shahrini ishg‘ol etishga urinayotgan Islomiy Davlat jangchilariga qarshi hozirga qadar eng kuchli havo hujumlarini o‘tkazdi.

Suriyadagi kurd jangchilari so‘zlariga ko‘ra, havo hujumlari o‘ta samarali bo‘lgan esa-da, uzoq davom etmagan.

Muxbirlarga ko‘ra, Islomiy Davlatning Kobanidagi ilgarilashi aftidan to‘xtatilganga o‘xshaydi, ammo shaharda janglar hamon davom etmoqda.

Suriya Kurd Demokratik Ittifoq Partiyasi aytishicha, janglar tun bo‘yi tinmagan va partiya kuchlari Islomiy Davlat jangchilarining kuchli hamlalariga ro‘baro‘ bo‘lganlar.

"Og‘ir janglar davom etayotir. Partiyamiz oddiy fuqarolarni qutqarishga urinmoqda, - deyiladi partiya bayonotida. - Ularga qarshi katta amaliyot o‘tkazilmoqda".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Kobaneda uch haftadan buyon davom etayotgan janglarda kamida 400 nafar inson halok bo‘lgan va 160 ming suriyalik Turkiyaga qochib o‘tgan.

AQSh Mudofaa vazirligi bayonot chiqarib, dushanba va seshanba kuni Kobanidagi Islomiy Davlat kuchlariga qarshi havo amaliyoti o‘tkazilganini ma‘lum qilgan, biroq hujum tafsilotini oshkor etmagan.

Mudofaa vazirligi aytishicha, so‘nggi havo hujumlari Islomiy Davlatga qarashli "bir bo‘linma" va to‘rtta ulovni ishdan chiqargan.

Biroq Suriya-Turkiya chegarasida bo‘lgan BBC muxbiri Pol Adamsning aytishicha, seshanba kuni Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi ittifoq sakkiz marta havo hamlalarini uyushtirgan.

Unga ko‘ra, natijada shaharda janglar sur‘ati sezilarlii darajada susaygan.