Saudiya podshohi dunyoning eng qudratli musulmoni

Image copyright AFP

Ummondagi Qirollik Islomiy Strategik Tadqiqotlar markazi bu yil ana shunday xulosaga kelgan.

Yangi ro‘yxatda O‘zbekistonni bu yil yana mamlakat Bosh muftiysi Usmon Alimov namoyon etgan.

O‘tgan yil esa, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ilk bor markazning "Dunyoning eng qudratli 500 musulmoni" ro‘yxatiga tushgandi.

Amaldagi "Dunyoning eng qudratli musulmoni" bo‘lgan Misrdagi "Al-Azhar" universiteti Buyuk shayxi va masjidining Bosh imomi Ahmad Muhammad at-Toyib hazratlari bu gal ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Eron Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy esa, bu yil ham yuqori uchlikni to‘ldirgan jahondagi eng ta‘sirli musulmon bo‘lgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, misrlik Bosh imom o‘tgan yili qudratlilik bobida, ketma-ket besh yildirki, hammadan o‘zib kelgan Saudiya Arabistoni podshohining o‘rnini egallagandi.

Markaz bu yil ham Iordaniya qiroli Abdullohni jahonning eng katta ta‘sirga ega to‘rtta musulmonidan bittasi, deb topgan.

Yuqori o‘ntalik

Image copyright AP

Dunyoning eng qudratli ellikta musulmoni ro‘yxatiga kirgan ayollar soni bu yil uchtadan ikkitaga qisqargan.

Markazning yangi ro‘yxatiga faqat Suriyadagi "Qubaysiy" harakati yetakchisi shayx Munira Qubaysiy va Iordaniya Qirolichasi Raniya al-Abdulloh tushishgan, xolos.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, bu yilgi ro‘yxatda ham yuqori o‘nlikni siyosiy va diniy rahbarlar to‘ldirishgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bu gal ham o‘tgan yilgisi kabi oltinchi o‘rinda kelgan.

O‘sha paytda Turkiyaning Bosh vaziri bo‘lgan janob Erdo‘g‘on bor-yo‘g‘i ikki yil burun markaz tomonidan dunyoning eng qudratli ikkita musulmonidan bittasi deb topilgandi.

Bu yil ham yuqori o‘ntalikdan joy olganlar safida yana Marokash podshohi, Iroq Bosh oyatullohi, Indoneziya prezidenti, Ummon sultoni, Birlashgan Arab Amirliklari valiahd shahzodasi va Pokistondagi "Tablig‘i Jamoat" diniy guruhi rahbari Amir Hoji Muhammad Abd al Vahod ham bor.

Yuqori elliktalik

Image copyright Reuters

Turkiyadagi "Nurchilar" oqimi rahbari Fathulla Gulen bu yil ham yuqori o‘ntalikka kirolmagan, ammo ro‘yxatda 14-o‘rinni egallagan.

Allaqachon yangi ro‘yxatga tushib ulgurgan Misrning yangi prezidenti Abdul Fattoh Sisiy esa, undan bir pog‘ona yuqori o‘rinni egallagan.

Shuningdek, yuqori elliktalikda qator G‘arb davlatlari tomonidan "terrorchi" tashkilot, deb tan olingan "Hizbulloh" Bosh kotibi Sayyid Hasan Nasrulloh ham bor.

O‘z o‘rnida, Falastindagi Hamas tashkiloti lideri Xolid Mash‘al ham dunyoning eng qudratli ellikta musulmoni safidan joy olgan.

Alohida kitob holida chop etiluvchi ro‘yxatda eng avvalo dunyoning ellikta eng katta ta‘sirga ega musulmoni ism-sharifi keltiriladi.

Ammo, bu yilgi ro‘yxatga qaralsa ham, ularning orasida biror bir sobiq Sho‘ro davlati vakili yo‘q.

Qolgan qudratlilar

Image copyright AP

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, bu yil qo‘shni Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ushbu ro‘yxatga tushishgan.

Sobiq Sho‘ro davlatlarini yana Ozarbayjon, Tatariston va Checheniston prezidentlari namoyon etishgan.

Dunyoda eng katta ta‘sirga ega ekstremistlar tasnifiga kelganda esa, Suriya va Iroqdagi "Islomiy Davlat" guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy peshqadamlik qilgan.

Dunyoning eng qudratli 450 musulmoni 13 ta tasnif bo‘yicha aniqlab olinadi. Ammo ularga o‘rin berilmaydi.

Ya‘ni musulmon liderlari yoki ulamolarining siyosatdan tortib din, matbuotdan tortib, san‘at, ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shgan hissalari inobatga olinadi.

"Dunyoning eng qudratli 500 musulmoni" yillik ro‘yxati Ummonda joylashgan Qirollik Islomiy Strategik Tadqiqotlar markazi tomonidan e‘lon qilib kelinadi.

Ushbu ro‘yxat 2009 yildan buyon Amerikaning George Town universiteti qoshidagi Shahzoda Al-Valid bin Talal markazi bilan hamkorlikda chop etiladi.

Bundan maqsad esa, dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarning Islom olami, musulmonlarning bugungi dunyoga ta‘siri va odamlarning Islom dinini yaxshiroq anglashlariga ko‘mak berishdir.