Janob Rahmon yo‘qligi uchun "xavfsizlik choralari kuchaytirildi"mi?

Tojikiston poytaxti Dushanbedan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, shaharga kirish joylarida zirhli texnika va qurolllangan harbiylar joylashtirilgan.

Huquq-tartibot organlari va maxsus xizmatlar kuchaytirilgan xavfsizlik holatiga o‘tkazilganlar.

Bunday vaziyat 8 oktyabr tunidan kuzatilmoqda.

Turli ommaviy axborot vositalari Dushanbe shahrida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani sababi haqida turli xabarlarni tarqatganlar.

Huquq-tartibot idoralaridagi manbaning Avesta web-saytiga aytishicha, bu Tojikiston poytaxtining 90 yilligini nishonlashga tayyorgarlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Biroq Asia-Plus axborot agentligi Dushanbe shahar Ichki ishlar boshqarmasiga tayanib xabar qilishicha, bu choralar Prezident Imomali Rahmonning Minskka safari bilan bog‘liq.

9 oktyabr kuni Belarus poytaxtida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Ovrosiyo Iqtisodiy hamjamiyatiga a‘zo mamlakatlar rahbarlarining sammiti rejalangan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ham Minskka yo‘l olgani haqida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar tarqatganlar.

Dushanbe shahar militsiyasidan aytishlaricha, Prezident Imomali Rahmon vataniga qaytishi bilan ushbu xavfsizlik choralari bekor qilinadi.

Poytaxt militsiyasidagi manba, bu choralar 10 oktyabrga chaqirilgan norozilik mitingi bilan bog‘liq emas, deb aytgan.

Internetda Tojik muxolifatining "Gruppa 24" deb nomlangan tashkiloti 10 oktyabr kuni Prezident Imomali Rahmon boshqaruviga qarshi norozilik mitingiga chaqirgan video e‘lon qilingan.

Bu videoda ham Tojikiston ichkarisida va ham xorijda norozilik aktsiyasini tashkillashtirishga chaqiriq yangragan.

Ozodagon web-sayti xabar qilishicha, Dushanbe shahrining ayrim binolarida aksilhukumat yozuvlar paydo bo‘lgan.

Ozodagon manbasi Tojikiston poytaxtining "Avtovokzal" mavzesida 8 oktyabr kuni bir yozuv paydo bo‘lgani, biroq huquq-tartibot organlari bu yozuvni tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘lganlari haqida aytgan.

Rasmiylar bozordagi bo‘yoq sotuvchilardan kim bo‘yoq sotib olgani haqida so‘rab-surishtiruv ishlari o‘tkazayotgani haqida xabar qilgan web-sayt.

5 oktyabrdan boshlab Tojikistonda mavjud hamma 8 Internet provayderlari orqali Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Iyun oyidan beri Tojikistonda Youtube video portaliga ham kirish imkoni yo‘q.

Asia-Plus agentligi Tojikistonda deyarli 300 web-saytga kirish yo‘li yopilganini xabar qilgan.

Tojikiston shimolidagi Sug‘d viloyatida Internet aloqasi deyarli yo‘qolgan.