Kabul Dreams o'zbekcha kuylamoqchi

Image copyright none
Image caption Sulaymon Qardosh - ilk afg‘on rok guruhi Kabul Dreams solisti

Sulaymon Qardosh - Kobulda tug‘ilgan, Toshkentda ulg‘aygan va bugun AQSh bozoriga kirish uchun San Frantsiskoda ijod qilayotgan yosh o‘zbek san‘aktori.

Sulaymon Qardosh yoshligidan Toshkentda o‘rgangan rok musiqasini Kobulda sinab ko‘rishni orzu qilgan.

Tolibon qulatilgach, u vataniga qaytib Kabul Dreams guruhini tuzdi. Afg‘oniston uchun g‘ayriodatiy bo‘lgan ayni dasta tezda dunyoga tanildi.

Guruh hozir AQSh bozorida o‘z o‘rnini topish niyatida San Frantsiskoga kelib, ijod qilmoqda.

Ingliz va fors tillarida kuylagan Kabul Dreams kelasi yili o‘zbek tilidagi ashulalaridan birini ham muxlislariga taqdim etmoqchi.

Sulaymon Qardosh BBC O‘zbek Xizmati radiotinglovchilari va bbcuzbek.com websahifasi o‘quvchilari savollariga javob berdi.

BBC: Nilu Rashidova ismli tinglovchimiz bir nechta savol yo‘llagan. Xususan, ko‘pchilik Afg‘onistonni qoloq davlat, deb biladi. Sizning rok musiqangizni u yerda qanday qabul qilishgani haqida ham so‘raydi.

Sulaymon Qardosh: Boshlanishida ozgina qiyin bo‘lgan. Aslida, rok musiqasi 1950-yillari AQSh yoki Britaniyada ham qabul qilinmagan. Har bir yangilik o‘ziga yarasha qarshilikka uchraydi. Men rok musiqasini O‘zbekistonda o‘rganganman. Ammo u yerda ham rok hali u qadar urf bo‘lmagan. Chunki har bir mamlakatning o‘z ommabop san‘ati bo‘ladi. Pop bilan esa raqobatlashish qiyin. Bizda, kichikroq bo‘lsa ham, Kobulda o‘z muxlislarimiz bor. Hartugul, hozirgi texnologiya va internet davrida o‘zingni tanitish imkoniyatlari katta.

BBC: Siz o‘zbek, fors, rus va ingliz tillarida ravon gaplasha olasiz. Rossiyadan Jonibek hamda Jamshid Yo‘lchi kabi tinglovchilarimiz o‘zbek tilida ham ashula aytganmisiz, deb so‘rashgan. Afg‘onistondan Xolid Sayid biroz xafa bo‘lib, nega Sulaymon o‘z ona tili - o‘zbekchada qo‘shiq kuylamaydi, deb yozgan.

Sulaymon Qardosh: O‘zbek tilida ikkita ashula aytganmiz. Lekin ularni hali studiyada yozganimiz yo‘q. Guruhimizda yana ikkita hamkorim bor va ularning sharoitiga ham qaraymiz. Keyingi yili bitta o‘zbekcha ashulamiz bo‘ladi, albatta.

BBC: Boshqa mamlakatlardan muxlislaringiz xat yozishgan. Sochidan Jonibek Rossiyada kontsert berasizmi, deb so‘raydi. Toshkentdan Siroj esa qachon O‘zbekistonda kontsert berishingiz mumkin, deb savol yuborgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Sulaymon Qardosh: O‘zbekistonda kontsert berish mumkin edi boshida... Ammo har bir davlatda kontsert berish uchun hamkorlik kerak. U tomonda ham qiziqish lozim, tashkilotchilar kerak. Hozir biz AQShdagi bozorda o‘z joyimizni topishga intilayapmiz. Bu yerdan endi u yoqqa borish niyatimiz bor. Lekin Rossiya borasida biron aniq va‘da berolmayman. Chunki bir safargi sa‘y-harakatimiz ancha cho‘zilib ketgandi. U yerda bizga katta qiziqish borligi alomati ham yo‘q.

BBC: Bremendan Hulkar Norqobilova nega ommabop pop musiqasini emas, balki rok yo‘nalishini tanlagansiz, deb so‘raydi.

Sulaymon Qardosh: Men Toshkentda rok musiqasini eshitib katta bo‘lganman. U yerda musiqa maktabida ham o‘qidim. O‘z hayotimda bo‘lgan narsalarni rokka bog‘lay olganman, qandaydir, bu musiqani tushuna olganman. To‘g‘ri, rok musiqasi bilan biz to‘yga borolmaymiz yoki boyib keta olmaymiz. Lekin Kabul Dreams guruhini tuzganda, biz to‘yga borish yo boyib ketishni maqsad qilmagandik.

BBC: Qirg‘izistonning O‘sh shahridan Odiljon Maxdumiy nega o‘zbek mumtoz san‘atini tanlamasdan, rok yo‘lidan ketganingizni bilishni istaydi.

Sulaymon Qardosh: Men Toshkentda o‘zbek mahallasida ulg‘ayganman va shu bois o‘zbek mumtoz san‘atiga juda qiziqaman. Mumtoz san‘at o‘zgacha maktab va uning hadisini olish uchun ham uzoq yillar kerak bo‘ladi. O‘zbek mumtoz san‘ati yo‘lida ijod qilishim uchun ko‘p narsani o‘rganishim kerak.

"USTOZIM - TURG‘UN ALIMATOV"

BBC: Qaysi o‘zbek san‘atkorlarini yoqtirasiz?

Sulaymon Qardosh: O‘z yo‘nalishim haqida gapirsam, O‘zbekistonda ham ijodini rokka bag‘ishlagan san‘atkorlar ko‘p emas. Agar o‘zbek pop musiqasi haqida so‘z yuritsak, Jahongir Otajonov yoqadi. Men uni tinglab ulg‘aydim. Uning yo‘nalishi, ovozi va maktabi yoqadi. Jahongir jonli ijro qiladi. Rok yo‘nalishida ham faqat jonli ijro lozim. Hech qachon rokda fonogramma ishlata olmaysiz. Ammo menga yoqadigan san‘atkor bu - Turg‘un Alimatov. U kishini o‘zimga ustoz, deb bilaman. To‘g‘ri, mening rok yo‘nalishimga u kishining yaqinligi yo‘q. Lekin muxlis sifatida bu san‘atkorni sevib tinglayman.

BBC: Siz O‘zbekistonda, ya‘ni to‘y qo‘shiqlari, pop, folklor va mumtoz san‘at ichida katta bo‘lgansiz. Qanday qilib rokka oshno bo‘ldingiz?

Sulaymon Qardosh: Toshkentda bir o‘rtog‘im "Nirvana" guruhi albomini bergandi. O‘shanda hamma narsaga qiziquvchan o‘spirin edim. Men u musiqani tinglab, qandaydir o‘z hayotimga bog‘lay oldim. Lekin o‘zim barcha yo‘nalishdagi musiqani tinglayman.

BBC: Abdul Vahid Ozod musiqiy bilimingiz va ta‘limingiz haqida bilishni istaydi.

Sulaymon Qardosh: Toshkentda Yunusoboddagi bolalar musiqa maktabini bitirdim. O‘zi musiqaga kirib kelishim qiziq bo‘lgan. Boshida ota-onam meni pianino o‘rganishga berishdi, uni tashlab, doiraga o‘tdim. Keyin biroz skripkani sinab ko‘rdim. Eng oxirida o‘zim gitaraga ishqim tushib, maktabga kelsam, meni qabul qilishni istashmagan. O‘shanda Saida-opa ismli muallima "Sulaymon, sen hech narsa bilan jiddiy shug‘ullanmaysan. Gitarani ham tashlab yuborsang kerak" degandi. Keyin Afg‘onistonga qaytgach, Kobul universitetida biznes sohasi bo‘yicha o‘qidim.

BBC: Basir Muqimiy ismli o‘quvchimiz esa afg‘on musiqasi haqida fikringizni bilmoqchi.

Sulaymon Qardosh: Afg‘oniston musiqasi ham xuddi O‘zbekiston musiqasi kabi yoshligimdan hayotimning bir qismi bo‘lib kelgan. Ularni chetlab o‘tolmaysiz. Esimda, bolalik chog‘larim akalarim uyda afg‘on ashulalarini tinglashardi. Hozir ham bizning guruhimizga afg‘on va o‘zbek musiqalari ta‘siri katta. To‘g‘ri, rok musiqasi bilan shug‘ullanamiz, ammo musiqachi sifatida o‘z kamchiliklarimizni ko‘rish va tuzatish uchun Afg‘oniston va O‘zbekiston musiqasi yordam beradi.

QUR‘ON VA ROK

BBC: Hozirgi rok san‘atingizga afg‘on yo o‘zbek musiqasi jihatlarini uyg‘unlashtirish niyatingiz bormi yoki u yo bu musiqani buzib qo‘yish mumkin, deb o‘ylaysizmi?

Sulaymon Qardosh: Umuman buzadi, deb o‘ylamayman. Yaqinda "Shahob" nomli forscha ashulamizga afg‘on rubobini uyg‘unlashtirishga intildik. Biz afg‘on rubobi yo tanburdan foydalanishni istaymiz. Ammo uni bog‘lay olishimiz, muvaffaqiyatli qo‘llashimiz muhim.

Image copyright none
Image caption Sulaymon (o‘rtada) O‘zbekistonda, Siddiq Pokistonda, Mujtabo Eronda ulg‘ayishgan

BBC: Qator o‘quvchilarimiz sizning rok yo‘nalishida ashula aytishingizga qarshi fikr bildirishgan. Amir Turon ismli o‘quvchimiz rok va rep shayton va uning askarlari ishi, deb yozadi. Nima deysiz?

Sulaymon Qardosh: Qur‘onda rok yo rep taqiqlangan joyni o‘qimaganman. Hammaning o‘z fikri bor, albatta. Biz esa Afg‘oniston Islomiy Respublikasidan chiqqan guruh sifatida qilayotgan har bir ishimiz uchun javob beramiz. Bu do‘stimizning fikri o‘zida qolsin. Men har bir odamning fikrini hurmat qilaman. Lekin agar biron faktga asoslanib gapirsak, judayam yaxshi bo‘ladi.

BBC: Rok guruhi tuzib, Afg‘onistondagi Tolibon kabi guruhlarni g‘azabga solishdan qo‘rqmaysizmi, degan savollar ham bor.

Sulaymon Qardosh: Allaqachon, ularni g‘azabga solib bo‘lganmiz... Lekin ertami yo kechmi bunday ishlarni boshlash kerak edi. Biz hamma narsani bilib, bu ishga kirishdik. Guruhning uch a‘zosi bir-birimizga ishonamiz. To‘g‘ri, tahdidlar bo‘lganda bir-ikki oy radio yo televideniye orqali chiqish qilmasdik. Hayotingizni shunga bog‘lagandan keyin, orqaga qayta olmaysiz.

"QAZINI SOG‘INDIM"

BBC: Sulaymon, Kabul Dreams rok guruhi sizning tashabbusingiz bilan tuzilgan. Bu g‘oya qayerdan kelgan, dastadoshlarni qanday topgansiz?

Sulaymon Qardosh: Dastadoshlarni oldindan tanimaganman. Ammo Toshkentda maktabda o‘qib yurgan kezlarim albatta bir kun kelib vatanga qaytishimni bilardim. O‘shanda Afg‘onistonga borsam, rok guruhi tuzaman va bu musiqani vatanimdagi tengqurlarimga tanishtiraman, deb orzu qilardim. Kobulga kelgach, do‘stlarim orqali Pokistonda katta bo‘lib qaytgan Siddiq va Eronda ulg‘ayib qaytgan Mujtabo bilan tanishdik. Ular ham muhojirotda musiqiy ta‘lim olishgan ekan. Shu bois tezda chiqishib ketdik va dastani tuzdik. Hozir guruhimiz AQShga kelgan. Niyat - bu yerda ham o‘zimizni sinab ko‘rish.

BBC: Mana hozir San Frantsiskoda ijod qilayapsiz. Oldinroq Kobul va Toshkentda yashagansiz. Qaysi shahar yuragingizga yaqin yoki ko‘proq sog‘inasiz?

Sulaymon Qardosh: Kobulni ko‘p sog‘inaman. O‘zim Kobulda tug‘ilganman va bu shahar menga ko‘p narsani o‘rgatgan. Toshkentni juda sog‘inaman. Chunki bolaligim shu shaharda o‘tdi va haqiqiy do‘stlar orttirganman. Bilasizki, bolalikdagi do‘stlar manfaatparast bo‘lishmaydi. Ya‘ni ular biron narsaga asoslanib, siz bilan do‘stlashishmaydi-da. Men yilida bir marta bo‘lsayam, Toshkentga borib, do‘stlarim bilan ko‘rishishga intilaman. Kobulda esa ota-onam va universitetdagi do‘stlarim yashashadi. Shu uchun Kobul ko‘proq o‘ziga tortadi. AQShda o‘z taomlarimizni qo‘msayman. Bir amallab ikkita o‘zbek restorani daragini eshitib, topib bordim. Bittasi yopilib ketgan ekan. Ikkinchisi esa afg‘on restorani bo‘lib chiqdi. U yerda afg‘on buloniysidan yedim. (Tahr: Buloniy - ichiga qiyma solinib, qovuriladigan cheburek kabi taom) Ammo men u yerga buloniy emas, somsa yeyish uchun borgandim. Qazi istab, O‘zbekistondagi do‘stlarimdan qazi jo‘natishni so‘radim. Ammo go‘sht mahsulotlarini AQShga kiritishmaskan. Toshkent qazisini ham juda sog‘inganman.