"Putinga qarshi qo‘shig‘i uchun hibsga olindi"

Image copyright BBC World Service

Rossiya prezidentiga qarshi qo‘shiqni qariyb butun stadion kuylagan bo‘lsa, o‘yindan keyin ishqibozlarning yuzdan ortiqrog‘i qo‘lga olingan.

Bir-biriga ulanib ketgan bu ikki hodisa Belarus-Ukraina futbol uchrashuvi chog‘ida yuz bergan.

Ikkovlon kecha payshanba kuni futbol bo‘yicha 2016 yilgi Ovro‘po chempionati saralash bellashuvlari doirasida bir-birlariga qarshi maydonga tushishgandi.

Belarusdagi ayrim nashrlarning yozishlaricha, Ukrainadagi prezident Putinga qarshi kayfiyatlarni o‘zida ramzlantirib kelayotgan bu qo‘shiqni kuylashda mahalliy ishqibozlar ham bas kelishmagan.

Ular bu bilan ham kifoyalanmay, "Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin", deya hayqirib, ukrainalik mehmonlarga hamdard ekanliklarini bildirishgan.

Xuddi shu shior Kiyevning "Maydon"ida kechgan bir necha oylik ommaviy namoyishlarning o‘ziga xos ramziga ham aylanib ulgurgandi.

O‘z o‘rnida, iltifot bobida ukrainalik ishqibozlar ham mezbonlardan zarracha qolishishmagan.

Ular bu kabi "hamdardlik"ka javoban "Yashasin Belarus", deya qichqirishgan.

Hibslar

Image copyright BBC World Service

Agar, ayrim muxolif internet nashrlaridagi xabarlarga tayanilsa, shuncha baqir-chaqir bilan kechgan o‘yin ortidan, 100 ga yaqin ukrainalik va 30 nafar mahalliy ishqiboz Ichki ishlar bo‘linmasiga olib ketilgan.

Xabarlarga ko‘ra, ular "og‘izlariga haddan ziyod erk berish"da gumon qilinishgan.

Qo‘lga olinganlardan ayrimlari allaqachon mahkamaga yuz tutishgan.

Ulardan bir nafari 10 kunlik, yana bir qanchasining 5 kunlik qamoq jazosiga hukm etilishganiga oid xabarlar bor.

Ayrim xabarlarda ukrainalik ishqibozlarning o‘z yurtlariga deportatsiya etilishlari ham aytiladi.

Bu - Putinga qarshi mazmundagi qo‘shiqlar bilan bog‘liq ilk mojaro emas.

Shu yil iyun oyida prezident Putinni Kiyevdagi namoyishchilar bilan birga qo‘shilishib haqorat qilgani uchun rossiyalik mulozimlar Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Deshitsaning iste‘fosini talab qilishgandi.

Rossiyaning o‘zida esa, hali aprel oyidayoq filmlar, qo‘shiqlar va umuman san‘at namunalarida haqoratomo‘z so‘zlarning qo‘llanilishi qonunan taqiqlab qo‘yilgan.

Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko o‘z Tashqi ishlar vazirligidan Belarusda qo‘lga olingan fuqarolarining himoyasini ta‘minlashini so‘ragan.

Stokgolmda esa...

Image copyright BBC World Service

Xuddi shu kuni va ayni shu tasnifdagi Shvetsiya-Rossiya uchrashuvi oldidan Ukraina va rossiyalik futbol ishqibozlari orasida mushtlashuv yuz bergan.

O‘yin arafasida "Friends Arena" stadioni tashqarisida Rossiya rahbariyati siyosatiga qarshi norozilik aktsiyasi ham uyushtirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, aktsiya Shvetsiyada yashovchi ukrainaliklar tomonidan tashkillashtirilgan.

Bir guruh rossiyalik ishqibozlar ularga qarshilik qilmoqchi bo‘lishgan va buning ortidan mushtlashuv boshlanib ketgan.

Mojaroga mahalliy politsiya aralashib, ularni ajratib olgan.

Boshqa bir xabarlarda aytilishicha, uchrashuv chog‘ida stadionning o‘zida ham janjal kelib chiqqan.

Bunga rossiyalik futbol ishqibozlaridan birining "Donetsk Xalq Respublikasi" bayrog‘ini ko‘z-ko‘z qilishga urinishi sabab bo‘lgan.