Malala Nobel Tinchlik mukofoti sohibasi

Image copyright Nobelprize.org

Tolibonning o‘qidan omon qolgan pokistonlik yosh faol bu yilgi Nobel Tinchlik mukofotini hindistonlik bolalar huquqlari faoli Kaylash Satyarti bilan bo‘lishadigan bo‘ldi.

Ikkovlon 1.1 million AQSh dollariga yaqin mukofot pulini 10 oktyabr kuni rasman qabul qilib olishadi.

Malala Yusufzay 11 yoshidan boshlab Pokistonda qizlarning ta‘lim olishi uchun kurashib kelgan.

U 2009 yil boshlarida BBC Urdu Xizmati uchun yozgan kundaliklari bilan ham tilga tushgan.

Malala o‘z kundaliklarida Tolibon nazorati ostida kechgan hayotlari, qizlarning tahsildan umuman mosuvo etilganliklari haqida hikoya qilgan.

2012 yilda xuddi shu faoliyati uchun Tolibonning qahriga uchrab, og‘ir yaralangan, ammo omon qolgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, qo‘mitaning qarori ortidan, 17 yoshli Malala Yusufzay Nobel Tinchlik mukofotining eng yosh sohibasiga aylangan.

2012 yilda butun dunyo bo‘ylab o‘n minglab odamlar xuddi shunday da‘vat bilan onlayn-petitsiyaga ham imzo chekishgandi.

Image copyright AP

Ular o‘z aktsiyalari bilan Nobel Tinchlik mukofotining aynan Malalaga berilishini talab qilishgandi.

Onlayn-petitsiyaga britaniyalik faol Shohida Chaudhari boshchilik qilgandi.

U "Nobel Tinchlik mukofotining berilishi Malala dunyoning e‘tiborida ekaniga dalolat qilishi"ni bayon qilgandi.

O‘shanda Malalaning otasi ham qizi Nobel Tinchlik mukofotiga loyiq, ekanini da‘vo qilgandi.

Bundan avvalgi Nobel Tinchlik mukofoti Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga berilgandi.

2011 yilda esa, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga birvarakayiga uch ayol: Liberiya Prezidenti Ellen Jonson Sirlif, liberiyalik Liyma Gboui va yamanlik Tavakul Karmanlar loyiq, deb topilishgandi.

Image copyright AP

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Nobel qo‘mitasi tomonidan belgilangan me‘yorlarga javob beruvchi har qanday shaxsning nomzodi ushbu mukofotga ilgari surilishi mumkin.

Ammo mavjud tartib-qoidalarga muvofiq, nomzodlar ro‘yxati keng jamoatchilikka oshkor qilinmaydi va sovrindorlar oktyabr oyida tanlanadi.

So‘nggi yillarda turli tashkilotu shaxslar tomonidan Qozog‘iston va Rossiya prezidentlarining nomzodi ham ushbu mukofotga ilgari surilgan.

Janob Nursulton Nazarboyev esa, hatto, nomzodi Nobel Tinchlik mukofotiga qayta-qayta taqdim etilgan ilk Markaziy Osiyo prezidentiga ham aylanib ulgurgan.

Ammo sobiq Sho‘ro rahbarlari orasidan faqat Mixail Gorbachevgina uni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Bu tasnifdagi Nobel mukofoti odatda tinchlik yo‘lida erishilgan yutuqlar uchun topshiriladi.

Biroq oxirgi yillarda qo‘mita tinchlik yo‘lida kurashayotgan insonlarni ham rag‘batlantirish uchun o‘z nomzodlari ro‘yxatini kengaytirgan.