Tesco majburiy mehnatga qarshi kampaniyaga qo‘shildi

Tesco paxta terimi mavsumida O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi kampaniyaga qo‘shildi.

Tesco chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi duyodagi ikkinchi yirik kompaniyadir.

Hozirga qadar O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi petitsiyani imzolagan nomdor shirkatlar soni 150dan oshib ketdi.

Ular orasida Joins Target, Walmart, C&A, Marks&Spencer, Ikea va H&M kabi duyoning yetakchi brendlari ham bor.

Petitsiya As You Saw nodavlat shirkati tashkillashtirgan loyiha asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Responsible Sourcing Network nomini olgan ushbu loyiha O‘zbekistonda paxta yig‘imi paytida inson haqlarining buzilishi va majburiy mehnatga qarshi qaratilgan.

As You Saw o‘z kampaniyasini o‘zbek paxtasi xalqaro yarmarkasi boshlanishi arafasida yo‘lga qo‘ygan.

Xalqaro yarmarka 14-15 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

As You Saw ma‘lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili paxta yig‘im-terimiga to‘rt milliondan oshiq odam jalb qilinadi.

"Hamshiralar, davlat xizmatchilari va o‘qituvchilar shifoxona va maktablarni tashlab, paxta terishga yo bo‘lmasa yirik miqdorda jarima to‘lashga majburlar", - deyiladi shirkat bayonotida.

Shu bilan birga shirkat xalqaro hamjamiyat bosimi natijasida O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatdan foydalanishda "ba‘zi yutuqlar"ga erishganini aytadi.

"Besh yil davomida muvofiqlashtirilgan holda olib borilgan targ‘ibot ishlari oqibatida 7-15 yoshdagi bolalar, alaloqibat, dala ishlaridan deyarli chetlatildilar", - deb ta‘kidlanadi bayonotda.

Ammo, O‘zbekistonlik faollarga ko‘ra, bolalarga oid ahvol biroz yaxshilangan esa-da, boshqa jabhada vaziyat yomonlashib ketmoqda.

Xususan, yoz payti o‘qituvchi va shifokorlar o‘toq hamda yagana ishlariga, kuzda esa paxta terimiga majburlanmoqda.

O‘zbekiston hukumati norozilik bildirgan shaxslarni turli yo‘llar bilan jazolash orqali qo‘rqitib keladi.

Paxta dalasida ishlashdan bosh tortganlar esa ishini yo‘qotib qo‘yish va yo undan ham og‘irroq jazolar qo‘llanishidan qo‘rqishadi.

Sovet davridan davom etib kelayotgan bu tajribani aksar o‘zbeklar odatiy holat, deb qabul qilishlarini aytadiganlar ham bor.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ko‘p suvtalab va mehnattalab paxta narxi uning tannarxi, ya‘ni paxtani yetishtirish uchun ketgan sarf-xarajatni qoplamaydi.

Shu bois O‘zbekiston hukumati uni arzon yoki tekin mehnat evaziga terib olishni istaydi.

Xalqaro Quldorlik Ko‘rsatkichi tashkiloti esa odamlarni bu taxlit ishlatish tajribasini quldorlikka tenglashtirgan.