Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rishtonlik o‘qituvchi: "Paxta-ko‘pga kelgan to‘y"

Toshkentda X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ochilgan.

Prezident Karimov tashabbusi bilan o‘tkaziladigan yarmarkada o‘zbek paxtasini sotib oladigan xorijiy shirkatlar vakillari ishtirok etishadi.

Hukumat bu yil bir milliard dollarlik shartnomalarni imzolashga umid qilmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zbek paxta sanoatidagi majburiy bolalar mehnati bois o‘zbek paxtasini sotib oladigan shirkatlar soni keskin kamaygan.

O‘tgan hafta Angliyaning yirik shirkatlaridan Tesko (Tesco) o‘z mahsulotlarida o‘zbek paxtasidan foydalanishni man qilgan.

Ammo o‘zbek hukumati majburiy mehnatdan voz kechmayotgani kabi, o‘zbek paxtasini sotishda ham unchalik katta muammolarga duch kelmayotgandek.

O‘zbekiston hukumati Toshkentda ko‘p million dollarlik paxta shartnomalarini imzolarkan, mamlakat bo‘ylab o‘n minglab talaba va o‘qituvchilar majburiy mehnat bois hanuz paxta dalalarida qolishayotir.

Farg‘onalik mustaqil jurnalist Bahodir Eliboyev Facebook dagi sahifasida Rishton tumanidagi litsey talabalarining paxta terayotgani aks etgan suratlarni chop etgan.

Uning yozishicha, bu yil akademik litsey talabalari birinchi marta paxtaga olib chiqilayotgan ekan.

Ayni litseyda ingliz tilidan dars berayotgan Bahodir Eliboyevning o‘zi ham paxtada.

Uning BBCga aytishicha, paxta terayotgan talaba va o‘qituvchilarga nafaqat pul to‘lanmayapti, balki oziq-ovqat va hatto choy ham berilmayotir.

Bahodir Eliboyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar ham, talabalar va ularning ota-onalari ham paxta terimidan norozi, ammo ular hech kimga shikoyat qila olmaydilar.

"Paxta-ko‘pga kelgan to‘y", - deydi u.