BBC mehmoni - Tojikistonlik taniqli jurnalist va muxolifat faoli Sayidyunus Istaravshaniy

Janob Istaravshaniyga o‘z savollaringizni sahifamiz quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Sayidyunus Istaravshaniy 1969 yilda Tojikiston shimolidagi Istaravshan shahrida tug‘ildi.

O‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Rossiyaning Saratov Rassomchilik Institutiga o‘qishga kirdi.

Biroq 1989 yilda ushbu institutni tark etdi, Toshkentga yo‘l oldi va taniqli ruhoniy Ma‘rufjon Rahimjonov qo‘lida diniy saboq ola boshladi.

Ma‘rufjon Rahimjonov 1990-1991 yillarda Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasiga imom-xatiblik qilgan.

Sayidyunus Istaravshaniy 1994 yildan 1999 yilga qadar Erondagi Mustafo (s) Xalqaro Universitetida falsafa va islomiy ilmlardan tahsil ko‘rdi.

2001 yilda Suriya Damashq Universiteti Falsafa va Hikmat Bo‘limida ta‘lim ola boshladi va 2007 yilda ayni sohada fan nomzodi darajasiga loyiq deb topildi.

2008 yildan buyon "islomiy ijtihod"dan saboq olish bilan bir vaqtning o‘zida Mustafo Xalqaro Universiteti talabalariga falsfadan dars bermoqda.

Sayidyunus Istaravshaniy 20 dan ko‘proq diniy va falsafiy asarlar va yana ko‘plab maqolalar muallifidir.

Janob Istaravshaniy oxirgi yillarda prezident Imomali Rahmon hukumatiga muxolifatda bo‘lgan kuchlar safida faoliyat ko‘rsatmoqda.

U, shuningdek, Tojikistonda mashhur "Kimiyoi saodat" web sahifasi asoschisi bo‘lib, ushbu sayt orqali Tojikiston va mintaqada yuz berayotgan hodisalarni sharhlab boradi.

Istaravshaniy jumladan shunday yozadi: "Tarixni ikki toifa insonlar yaratganlar: birlari hokimlar bo‘lsa, ikkinchilari tarixda avval boshda hamisha "devonalar" deya qayd etilgan ozchilikdir... Hokimlar , o‘zlariga qasrlar qurish bilan, urushlar bilan, qirg‘inu qatli omlar bilan, zulmu sitam bilan, muxoliflarini zindonga tashlash bilan... Va ammo "devona" ozchilik esa hokimlarga "Yo‘q!" deya qarshi chiqish bilan, zo‘ravonlarga tan bermaslik bilan, jur‘at va risk bilan..."

O‘tgan oy boshida Toshkent viloyatidagi Zangiota tuman ayollar qamoqxonasidan Sayidyunus Istaravshaniyning turmush o‘rtog‘i Nilufar Rahimjonovaning o‘ligi chiqdi.

Janob Istaravshaniyning aytishicha, u 2012 yil boshida soxta ayblar bilan ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Sayidyunus Istaravshaniy savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini juma kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

BBC mehmoniga savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.