Qo‘shma Shtatlarda ikkinchi shaxs ebolaga chalindi

Image copyright v
Image caption Hozirga qadar eboladan halok bo‘lganlar soni to‘rt mingdan oshgan

O‘tgan chorshanba kuni Dallas shifoxonasida eboladan vafot etgan bemorni davolashda ishtirok etgan tibbiyot xodimi ebola virusiga chalingani aniqlangan.

"Biz ikkinchi (marta Ebolaga chalinish) hodisa haqiqat bo‘lishi mumkinligini bilardik va bunga tayyorgarlik ko‘rayotgan edik", - deya bayonot bergan Texas sog‘likni saqlash departamenti vakili Devid Leyki.

Ebolaga chalingan tibbiyot xodimining ismi hozircha oshkor etilmayotir.

Bu shaxs juma kuni isitmasi ko‘tarilganidan shikoyat qilishi ortidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Dallas shifoxonasiga eboladan vafot etgan Tomas Dankan o‘z vatani Liberiyadan Qo‘shma Shtatlarga kelishidan oldin virusni yuqtirib olgan.

U Qo‘shma Shtatlarda ebolaga chalingan ilk shaxs edi.

Asosan Liberiya, Gvineya va Siyerra-Leoneda tarqalgan ebola kasalligi hozirga qadar 4 mingdan ziyod inson umriga zomin bo‘ldi.

Britaniya va Amerika hukumatlari ebolaning tarqalishini to‘xtatish uchun aeroportlarda yo‘lovchilarni tekshirish bo‘yicha maxsus choralar qo‘llanishini e‘lon qilganlar.