Turkiya: "AQSh havo bazamizdan foydalanishi mumkin"

Turkiya "Islomiy Davlat" jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarda AQShga o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat berdi.

Bu haqda AQSh hukumati Milliy Xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Syuzan Rays ma‘lum qildi.

Rays xonimning aytishicha, AQSh tomoni ushbu kelishuvni olqishlaydi.

Turkiya tomonidan foydalanish ruxsat berilgan harbiy bazalar orasida mamlakat janubidagi Injirlik bazasi ham bor.

AQSh boshchiligidagi ittifoqchi kuchlar Iroq va Suriyaning ba‘zi hududlarini bosib olgan "Islomiy Davlat"ga qarshi havo hujumlarini bir necha haftadan beri davom ettirib kelmoqda.

Turkiya ham Suriya va ham Iroq bilan chegaradosh, lekin shu vaqtgacha o‘z piyoda qo‘shinlarining harbiy amaliyotlarga qo‘shilishidan bosh tortib kelmoqda.

Rays xonimning matbuotga aytishicha, "Turkiya Suriyaning mo‘‘tadil muxolifati kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish va Suriya ichkarisidagi amaliyotlarda ishtirok etish uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga rozi bo‘ldi".

Oxirgi kunlarda "Islomiy Davlat" jangarilari Turkiya bilan chegara o‘tish nuqtasida joylashgan Kobani shahriga yaqinlashib kelganlar.

Shaharni himoya qilib turgan kurd kuchlarini havodan ittifoqchi kuchlar hujumlar bilan dastaklab turibdi.

Lekin jabha chizig‘ida deyarli hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan.

Turkiya o‘z qurolli kuchlarini chegaraga yaqin yerga safarbar qilgan. Ammo o‘z hududidagi kurdlarga chegara oshib, janglarda qatnashishlariga ruxsat bermagan va piyoda qo‘shinlarini kiritishdan ham bosh tortib kelmoqda.

Turkiya hukumati kurd ozchiligiga qarshi ko‘p yillardan beri kurashib keladi va shuning uchun "Islomiy Davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlar mobaynida kurd jangchilarini qurollashdan xavotir olmoqda.

"Islomiy Davlat" Kobaniga qarshi hamlalarni sentyabr o‘rtalarida boshlaganidan beri 500 ga yaqin inson halok bo‘lgan, 200 ming kishi chegara osha Turkiyaga qochib o‘tgan.

Iroq va Suriyaning ba‘zi hududlarini bosib olib, xalifalik e‘lon qilgan guruh o‘zining shafqatsizligi bilan nom qozongan.

"Islomiy Davlat" ommaviy qatllar, diniy va etnik ozchiliklar vakillarini olib qochish, shuningdek askarlar va jurnalistlarning boshlarini tanasidan juda qilish amallari uchun qoralanmoqda.

Your contact details
Disclaimer