Gulnora Karimova "hanuz uy qamog‘ida"

Image caption Avvalroq Karimova xonimning, ko‘rinishidan, qo‘riqlanayotgani aks etgan suratlari e‘lon qilingan

Londondagi piar shirkati Gulnora Karimovaning go‘yoki O‘zbekistonni tark etgani haqida muxolifat nashrida paydo bo‘lgan xabarni rad etgan.

Karimova xonimning so‘zchisi ekanini aytgan Loksli Rayn BBCga uning hanuz O‘zbekistonda uy qamog‘ida qolayotganini aytdi.

"Davidson, Ryan, Dore" piar shirkati vakiliga ko‘ra, "Gulnora Karimova ham, u bilan birga bo‘lgan qizi ham shoshilinch tibbiy muolajaga muhtoj".

U Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqarilgani haqidagi "har qanday xabar soxta va jamoatchilikni chalg‘itish maqsadida "qasddan tarqatilgani"ni iddao qildi.

Janob Rayn BBCning "Gulnora Karimova mamlakatni tark etgani taqdirda siz bundan mutlaqo xabar toparmidingiz?" degan savoliga "albatta" deb javob berdi.

Avvalroq uzxalqharakati.com muxolifat nashri shaxsi noma‘lum qolayotgan "U. Haqnazarov" imzosi ostida Karimova xonim O‘zbekistonni tark etgani va Ovro‘po davlatlaridan birida ekani da‘vo qilingan maqolani chop qilgan edi.

"Bosimlar"

Bugun kechroq e‘lon qilinishi kutilayotgan bayonotda "o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida Gulnorani uy qamog‘ida ushlab turganlar O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidan Gulnoraning adolatli mahkamaga yuz tutishi uchun o‘tkazilayotgan bosimlar ostida vahimaga tusha boshlaganliklari" ham da‘vo qilinadi.

Ammo Gulnora Karimovaning "oilasi va do‘stlari tomonidan yollangani"ni aytgan janob Rayn BBCning "bosim o‘tkazayotganlar" kimlar va qanday tashkilotlar ekani haqidagi savolini javobsiz qoldirdi.

Avvalroq u Gulnora Karimova Shveytsariya mahkamasida ko‘rsatma berishga tayyorligini aytgan edi.

O‘tgan oy O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova hamda qizining shoshilinch tibbiy muolajaga muhtoj ekani haqidagi da‘volarni rad etgan.

22 sentyabr kuni tarqatilgan bayonotda Bosh prokuratura Karimova xonimning AQSh da tug‘ilgan qizi Imonning tergov qilinayotgan jinoyat ishiga hech qanday aloqasi yo‘qligi va istasa, AQSh pasportini olib, xorijga erkin safar qilishi mumkinligini aytgan.

Bosh prokuratura O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi millionlab dollar mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish va pul yuvish bilan bog‘liq yirik jinoyat ishi yuzasidan tergovga jalb etilganini tasdiqlagan, ammo uning jinoyat ishidagi roliga aniqlik kiritmagan.

Shuningdek, Karimova xonimga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo‘llangani ham qorong‘u qolayotir.

O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytilgan tuzilmalar va unga yaqin shaxslarga nisbatan tergov Ovro‘podagi korruptsiya bilan bog‘liq yirik tekshiruvlar ortidan boshlangan.

Ayrim tahlilchilar o‘zbek huquq-tartibot idoralarining tergovidan maqsad Ovro‘podagi Gulnora Karimova hamda sheriklariga tegishli ekani taxmin qilinayotgan yirik mablag‘larni O‘zbekiston g‘aznasiga qaytarish bo‘lishi mumkin, degan farazlarni ilgari surishgan.