Turk uchoqlari PKKni bombaladi

Turkiyaning F-16 va F-4 qiruvchi uchoqlari Iroq chegarasi yaqinida joylashgan Haqqoni viloyatidagi Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) nishonlarini bombalagan.

Har ikki tomon 2013 yil martidan buyon o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvga amal qilayotgandi.

Turk matbuotining yozishicha, janubi-sharqiy Dog‘lija qishlog‘iga uyushtirilgan havo zarbalari "og‘ir talofatlar" ga sabab bo‘lgan.

Kurdlar Turkiya Suriyaning Kobani chegara shahrini "Islomiy davlat" jangarilaridan himoya qilishga yordam bermayotganidan g‘azabda.

Dushanba kuni shuningdek, Turkiya janubidagi Tunjeli mintaqasida turk armiyasi bilan PKK jangarilari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergani xabar qilingan.

Turkiya harbiylari Dog‘lijadagi havo zarbalari PKKning ayni hududdagi harbiy-o‘tish nuqtasiga uyushtirgan hujumiga javob amali ekanini aytishgan.

"Hurriyat" ro‘znomasining yozishicha, PKK uch kun davomida harbiy-o‘tish nuqtasini og‘ir qurollardan hujumga tutgan.

Namoyishlar

Image copyright EPA
Image caption Kurdlar Turkiya Kobanini himoya qilmayotganidan g‘azabda

O‘tgan hafta Turkiyaning kurdlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi janubi-sharqiy viloyatlarida ommaviy norozilik chiqishlari yuz bergan.

Ko‘cha to‘qnashuvlarida kamida 31 kishi halok bo‘lgan.

Armiya ayrim mintaqalarda komendantlik soatlarini joriy etgan.

Ammo ba‘zi to‘qnashuvlarning PKK tarafdorlari bilan "Islomiy davlat"ga xayrxoh kurdlar o‘rtasida kechgani aytilmoqda.

Turkiya PKKni terrorchi tashkilot deb biladi va uning rahbari Abdulloh O‘jalan qamoqda.

Ko‘pgina g‘arb davlatlari tomonidan ham "terrorchi tashkilot" deb e‘tirof etilgan Kurdiston Ishchilar partiyasi 30 yildan buyon Turkiya sharqida mustaqil kurd davlati barpo etish uchun urushib keladi.

Urushda hozirga qadar 40 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.

Kobani

Suriyaning o‘zida "Islomiy davlat" ga qarshi urushayotgan kurd jangchilari Kobani shahridagi tepalik ustidan nazoratni qayta qo‘lga olganliklarini aytishgan.

Xabar qilinishicha, kurdlar tepalikni AQSh va ittifoqchilarining IDga qarshi havo zarbalari ortidan qo‘lga kiritishgan.

"Islomiy davlat" jangarilari Kobani g‘arbidagi Til Sheir tepaligini bundan 10 kun muqaddam zabt etishgandi.

Bu ularga shaharni tepalikdan turib o‘qqa tutish imkoniyatini yaratgan.

Kobanining qurshovi qariyb bir oydan buyon davom etadi.

"Qasos amali"

Image copyright EPA
Image caption "Xalqaro Amnistiya"ga ko‘ra, shia jangarilari sunniylardan o‘ch olmoqda

Ayni paytda "Xalqaro Amnistiya" inson haqlari tashkilotining aytishicha, Iroqdagi shia jangarilari ko‘plab sunniy musulmonlarni o‘g‘irlab ketgan va qatl etganlar.

Tashkilot ushbu qotilliklarning "Islomiy davlat"dan o‘ch olish harakatlari ekanini taxmin qiladi.

"Xalqaro Amnistiya"ning hisobotida aytilishicha, Bag‘dod, Samarra va Kirkuk shaharlarida shaxsi aniqlanmagan ko‘plab jasadlar hanuz qo‘liga kishan solingan va boshidan otilgan holda topilgan.

Tashkilot shia jangarilari mamlakatdagi boshboshdoqlikdan foydalanganini aytgan va Iroq hukumatini qonun ustivorligini o‘rnatishga chaqirgan.