MXX rahbari Inoyatov Xitoy bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Image copyright xinhuanet.com

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining rahbari Rustam Inoyatov Xitoy siyosiy va huquqiy masalalari komissiyasi rahbari Meng Dziyangju bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik borasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Pekinda seshanba kuni o‘tgan uchrashuvda Janob Meng xavfsizlik va huquq-tartibot sohasini "ikki-tomonlama munosabatlarning muhim qismi" ekanini aytgan va ikki mamlakat xavfsizlik xizmatlari o‘zaro hamkorlik qilish yo‘llarini yaxshilashlari kerakligini urg‘ulagan.

Xitoy rasmiysi, shuningdek, ikki tomon xavfsizligiga bo‘lgan umumiy tahdidlar haqida gapirib, o‘zbek va xitoylik xavfsizlik xizmatlari ko‘proq qo‘shma aksil-terror harakatlarini amalga oshirishlarini kerakligini aytdi.

Janob Inoyatov, o‘z navbatida, O‘zbekiston aksil-terror hamkorlikni kengaytirish uchun Xitoy bilan ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

Rustam Inoyatov O‘zbekistonda joriy yil boshida O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova tomonidan tanqid qilinishi va Karimova xonimning uy hibsiga olinishi ortidan ilk bor matbuot kameralari qarshisida paydo bo‘lmoqda.

Inoyatovning Xitoy rasmiylari bilan uchrashuvda xavfsizlik borasidagi hamkorlikdan O‘zbekiston qanday foyda ko‘rishi, yoki uning evaziga berilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy ko‘maklar haqida tafsilotlar ochiqlanmagan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov joriy yilning 19 avgustida Pekinga qilgan rasmiy safarida xitoylik hamkasbi bilan uchrashib, besh yillik taraqqiyot dasturi amaliga imzo chekkandi.

Uyg‘urlar masalasi

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik Xitoyda ko‘proq avtonomiya, demokratiya va hatto mustaqillik uchun kurashayotgan uyg‘urlar uchun yomon xabar bo‘lishi mumkin.

O‘zbek xavfsizlik kuchlari allaqachon aksil-Xitoy chaqiriqlarni targ‘ib qiluvchi uyg‘urlar faoliyatini nazorat qilib keladi. Bu kabi hamkorlikka o‘n yil avval Xitoy va O‘zbekiston orasida imzolangan "Terrorchilik, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash" bo‘yicha kelishuv asos bo‘lgandi.

O‘zbekistonda uyg‘urlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu diasporaning hajmi borasida statistik ma‘lumotlar yo‘q.

Rasmiy Toshkentning uyg‘urlar faoliyati borasidagi mavqei qo‘shnilarinikidan farq qilib kelgan. Misol uchun, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uyg‘urlar harakatlariga to‘siqlar qo‘yishgan bo‘lsa-da, amaldagi qonunlar doirasida ba‘zi faoliyatlarini amalga oshirishga ruxsat berib kelganlar.

Biroq, O‘zbekiston uyg‘urlarga o‘z hududida siyosiy chaqiriqlar bilan chiqishga ruxsat bermaydi va buni bartaraf qilib keladi.

2006 yilda O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati Kanada fuqaroligiga ega bo‘lgan sobiq uyg‘ur imom Husayn Jalilni Toshkentda tutib Xitoyga topshirgandi.

Sharqiy Turkistonda mustaqillik uchun mafkurafiy kurashga qo‘shilgan Husayn Jalil o‘z rafiqasi qarindoshlarini ko‘rish uchun Kanadadan O‘zbekistonga safar qilganida hibsga olingan.

Toshkent uni Xitoyga topshirishi ortidan, janob Jalil terrorchilikda aybdor deb topilib bir umrlik qamoq jazosiga mahkum qilingan.

Your contact details
Disclaimer