"Olmoniya O‘zbekistonga tikucharlar sotilishiga qarshi"

Image caption Afg‘oniston uzra Airbus tikucharlaridan biri. Lekin O‘zbekistonga aynan qaysi turdagi tikucharlar va‘da berilgani ma‘lum emas

Uchoq va mudofaa jihozlari ishlab chiqaruvchi yirik Airbus shirkatining ma‘lum qilishicha, Olmoniya tomonidan kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga harbiy tikucharlarning yetkazilishi yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.

Bu haqda Airbus Bosh ijrochi direktori Tom Enders shu hafta aytdi. Janob Enders Olmoniya hukumatining harbiy jihozlar eksportiga nisbatan siyosatini tanqid ostiga oldi.

Berlinda o‘tkazilgan Xavfsizlik anjumanida gapirgan Tom Endersning aytishicha, Fransada qurilgan 14 ta tikuchar ular uchun nazarda tutilgan Olmoniya ishlab chiqarilgan qismlar yuborilmayotgani tufayli O‘zbekistonga yetkazib berilmayapti.

Airbus Bosh ijrochi direktorining aytishicha, hozirda shirkat bu qismlarni boshqa yerdan sotib olish yo‘llarini qidirmoqda.

"Olmoniya esa mijozlarni yo‘qotishga yuz tutishi mumkin", dedi Tom Enders.

Olmoniyada o‘tgan yili yangi koalitsion hukumat qudratga kelganidan beri qurol-yarog‘lar eksportiga nisbatan ehtiyotkorroq siyosatni yurgiza boshladi.

Ikki oy avval Ukraina mojarosi ortidan Olmoniya rasmiylari Rossiyaga mo‘ljallangan harbiy mashq jihozlari eksportini to‘xtatib qo‘ydilar.

Hammasi bo‘lib 2014 yilning birinchi yarmida Olmoniya 2,2 milliard yevrolik harbiy jihoz eksport qildi. 2013 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatgich 2,9 milliard yevro edi.

Olmoniya Iqtisod vazirligi tomonidan oshkor qilingan hujjatlarda huddi shu muddat mobaynida harbiy jihozlar uchun kelib tushgan arizalardan ikki barobarga ko‘prog‘i rad etilgani aytiladi.

Olmoniya rasmiylari kiritgan qonunlarga ko‘ra, harbiy jihozlar yetkazib berilayotgan davlatlarda ulardan tazyiqlar yo‘lida foydalanish ehtimoli, hamda inson huquqlariga ne qadar rioya qilinishi borasidagi xavotirlar eksportni to‘xtatishga asos bo‘lishi mumkin.

Muxolifat esa hukumat huquqlar poymol etilayotgan davlatlarga qurol-yarog‘ va jihoz yetkazib berishning oldini olish yo‘lida yetarli choralar ko‘rilmayotganini aytib kelmoqda.

Your contact details
Disclaimer