Rossiyada Putin shaxsiga sig‘inishadimi?

Image copyright Reuters

Agar, yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, har besh rossiyalikdan bittasi, "Ha, sig‘inishadi", degan fikrda.

So‘rov ishtirokchilari uchdan bir qismining nazdida esa, Rossiyada halicha bu kabi holat to‘liq shakllanib ulgurmagan.

Ammo, ularga ko‘ra, mamlakatlarida bundayin ehtimol kuchaygandan kuchayib bormoqda.

Xuddi shu manzarada 40 foiz rossiyalikning aytishicha, Rossiyada prezident Putin shaxsiga sig‘inishning biror bir asorati yo‘q.

Yangi so‘rov o‘tgan oy oxirida Rossiyaning nufuzli "Levada" mustaqil omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan.

Unda Rossiyaning 46 mintaqasidagi 1630 kishining fikri o‘rganilgan.

Ammo, agar tafsilotlariga qaralsa, yangi so‘rov birgina prezident Putinning shaxsiga sig‘inish bor-yo‘qligi savoli bilan cheklanmagan.

Rossiyaliklarning uchdan bir qismi, o‘z o‘rnida, o‘z mamlakatlari prezidentining mavqei va qarashlari bilan mutlaq yakdil ekanliklarini ham izhor etishgan.

Ularning nazdlarida, prezident Putin Rossiya to‘qnash kelib turgan muammolarni muvaffaqiyatli va munosib hal etmoqda.

Bu kabi xulosa Rossiya aholisining mamlakat rahbariga bo‘lgan ishonchi sabablari bu yilga kelib o‘zgarganiga ham dalolat qiladi.

Image copyright AFP

O‘tgan yili so‘rov ishtirokchilarining yarmiga yaqini Rossiya siyosatida prezident Putinga teng keladigan siyosatchi yo‘qligi bois unga ishonishlarini bildirishgandi.

Yigirma foizga yaqin rossiyalikning nazdida prezident Putinning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan boshqa biror bir siyosatchi yo‘q.

Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, yangi so‘rov natijalari Rossiya rahbarining faoliyatidan mamnun ekanlarning soni norozi bo‘lganlaridan anchagina ko‘p ekaniga ham dalolat qilgan.

Ammo mamlakat aholisining chorak foizga yaqini, agar demokratik yo‘ldan chekingudek bo‘lsa, shu zahotiyoq prezident Putinni dastaklashni bas qilishlarini ham bayon qilishgan.

So‘rov ishtirokchilari yarmiga yaqinining nazdida Rossiya rahbari haqiqatan ham aholining hayotini yaxshilashni istaydi, ammo qog‘ozbozlik sabab, bu ishni amalda uddalay olmaydi.

Ya‘ni, yangi so‘rov hanuz aholi kayfiyatida prezident yaxshi, ammo hamma muammolarga uning atrofini o‘rab turgan odamlar aybdor, degan qarash ustunligini ko‘rsatgan.

So‘ralganlarning uchdan bir qismiga yaqini esa, prezident Putin nima istashini yaxshi bilishlarini bayon qilishgan.

Ustiga ustak, agar so‘rov natijalariga tayanilsa, ular kelasi olti yil ichida Rossiya rahbari mamlakatda ijobiy o‘zgarishlar qila olishiga ham ishonishadi.

Image copyright AP

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, so‘rov ishtirokchilarining har beshtadan bittasi o‘z rahbarlari so‘zlarining samimiy ekaniga ishonishmaydi.

Yangi so‘rov, o‘z o‘rnida, Rossiya ichkarisida prezident Putinning obro‘si o‘tgan besh yil davomida kuzatilmagan bir darajada ortganini ham ko‘rsatgan.

Eng so‘nggida shuni ham eslatib o‘tish kerakki, "Levada"ning yangi so‘rovi Ukraina inqirozi hanuz yakuniy yechimini topmagan va G‘arb xuddi shu bo‘hronda tutgan o‘rni uchun Rossiyaga ustma-ust sanktsiyalar kiritayotgan bir manzarada o‘tkazilgan.

Xuddi shu manzarada Rossiyada prezident Putinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uyushtirilgan qator aktsiyalar ham mamlakatda uning shaxsiga sig‘inish shakllanmoqda, degan fikrlarga sabab bo‘lgandi.

Avvaliga Moskvadagi eng qimmatbaho do‘konlardan biri Vladimir Putin aksi tushirilgan futbolkalarni sotuvga chiqargandi.

Narxi osmono‘par bo‘lsa ham, bu kabi futbolkalarni qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan odamlar do‘kon qarshisida turnaqator navbatlar paydo qilishgan va soatlab tikka oyoqda turishga ham rozi bo‘lishgandi.

Image copyright AP

Buning ortidan, Rossiya poytaxti Moskvada ikki mahalliy dizayner tashabbusi bilan "Sanktsiyalarga dizaynerona javob", nomli ikki haftalik o‘ziga xos vatanparvarlik aktsiyasiga qo‘l urilgandi.

Aktsiya butun Moskva bo‘ylab 6 oktyabrga qadar davom etgan va bu vaqt ichida shahar aholisiga vatanparvarlik ramzi tushirilgan 30.000 dan ortiq futbolka tarqatilgandi.

Prezident Putinning xuddi shu aktsiyaning ertasi kuniga to‘g‘ri kelgan tavallud ayyomida esa, poytaxt Moskvada uning Kremldagi faoliyati afsonaviy Gerkulesga qiyos berilgan o‘ziga xos ko‘rgazma ham tashkil qilingandi.

Rossiyaning davlatga qarashli yirik shirkatlari va qator amaldorlarini nishonga olgan jazo choralari esa, allaqachon mamlakat iqtisodida o‘z so‘zini aytmay qolmagan.

Rubl AQSh dollariga nisbatan rekord darajada qadrsizlangan, yevroga nisbatan ham o‘z qimmatini anchagina yo‘qotgan.

Ammo shu yil avgust oyida aynan "Levada" tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir so‘rov, hozirga kelib, prezident Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyaliklar soni qariyb 90 foizga yetganiga dalolat qilgandi.

Sotsiologlar o‘shanda bularning barchasiga aynan Ukraina inqirozi sabab bo‘lganini aytishgandi.

"Levada" markazi tomonidan bugun payshanba kuni e‘lon qilingan yana bir so‘rov natijalariga tayanilsa, aksariyat rossiyaliklar nazdida G‘arbning jazo choralari ish bermayotir.

Ularga ko‘ra, sanktsiyalarning ta‘siri salbiy bo‘lmay, aksincha, Rossiya iqtisodiga ijobiy ta‘sir qilmoqda.