Putin Poroshenko bilan uchrashdi

Image copyright STsegolko

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Milanda ukrainalik hamkasbi Pyotr Poroshenko va Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari bilan ukrain inqirozini muhokama qilgan.

Putin va Poroshenko juma kuni ertalab, nonushta ustida uchrashganlar.

O‘ninchi "Osiyo-Ovro‘po" sammiti doirasidagi muzokaralarda shuningdek, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Olmoniya, Italiya hamda Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari ham ishtirok etishgan.

Muzokaralar arafasida Putin AQSh va Ovro‘po Ukraina masalasida o‘zini "shantaj qilolmasliklari"ni aytgan.

U Ukrainani Ovro‘poga gaz ta‘minoti uchun "xavf", deb atagan.

"Rossiyaning mas‘uliyati"

Muzokaralardan so‘ng gapirgan Italiya Bosh vaziri Matteo Rentsi Ukrainadagi inqirozga barham berish borasida "ancha umidbahsh" ekanini aytgan.

Avvalroq Poroshenko Olmoniya Kantsleri Angela Merkel bilan ham uchrashgan.

Har ikki rahbar o‘tgan oy Minskda imzolangan tinchlik rejasining ayrim bandlari hanuzgacha bajarilmaganidan "taassuf" izhor qilishgan.

Merkel xonim tinchlik rejasining amalga tadbiq etilishi "birinchi navbatda Rossiyaning mas‘uliyati" ekanini aytgan.

Merkel va Putin o‘rtasidagi uchrashuv rejalanganidan to‘rt soat keyin amalga oshgan.

Ikki rahbar tunda ikki yarim soat mobaynida ukrain inqirozini muhokama qilganlar.

Kreml voizi inqirozning asl sabablari borasida farqli qarshlar saqlanib qolayotganini aytgan.

G‘arb Rossiyani bo‘lginchilarni qurollantirish va Ukrainaga muntazam qo‘shinlarni yo‘llashda ayblab keladi.

Moskva esa buni rad etadi.

Shu hafta boshida Putin Ukraina chegarasidagi 18 mingga yaqin Rossiya qo‘shinlarini doimiy bazalariga qaytarish haqida buyruq bergan.

Ammo NATO rus qo‘shinlari chekinganini rad etmoqda.

Shu yil aprelida Ukraina sharqida janglar boshlanganidan buyon 3600 dan ortiq inson halok bo‘lgan.