"Lyuis chempion qilaman desa, bizda bolalar ko‘p"

Havaskor boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov angliyalik yulduz bokschining so‘zlariga ana shunday munosabat bildirdi.

Yaqinda O‘zbekistonning sports.uz internet nashri Toshkentdan turib Lennoks Lyuis bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan va buyuk bokschi o‘z suhbatida, "agar o‘zbekistonlik yosh iqtidor talablariga to‘g‘ri kelsa, uning chempionga aylanishi uchun shaxsan o‘zi yordam berishi mumkinligi"ni bayon qilgandi.

"Men Lennoks Lyuisning so‘zlarini judayam jiddiy qabul qilaman. Chunki Lennoks professional. Osmondan olib gapirmaydi. Bokschilarimizni Olimpiada O‘yinlari va jahon chempionatlarida ko‘rgandan keyin u ham qanaqadir xulosa chiqargan-da", - deydi o‘zbekistonlik Bosh murabbiy BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

Haqli ravishda jahon professional boksida o‘z davrining eng sara bokschilardan biri ko‘rilgan Lennoks Lyuis bu kabi va‘dani "Chempionni izlab" (In Search of Champions) loyihasi haqidagi savolga javobida bergan.

Suhbat tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, Lennoks Lyuis yangi loyihasi doirasida allaqachon butun dunyo bo‘ylab 10 dan ziyod yosh bokschilarni ko‘zdan kechirishga muvaffaq bo‘lgan.

Xuddi shu o‘rinda jahon boks yulduzi o‘zbekistonlik boks iqtidorlari ham ushbu loyiha ishtirokchilari bo‘lishlari mumkinligini ta‘kidlagan.

Unga ko‘ra, buning uchun "istalgan boks ustasi http://insearchofchampions.com/ internet sahifasiga kirib, shartlar bilan tanishib, ro‘yxatdan o‘tadi. So‘ngra kichik formatda mashg‘uloti va "sparring"idan olingan videolavhalarni yuklab, o‘zlariga jo‘natishi lozim bo‘ladi".

O‘zbekistonlik Bosh murabbiyning aytishicha, o‘zlarida Lennoks Lyuisning talablariga javob berishi mumkin bo‘lgan bokschilar, albatta, bor.

"Lyuisga o‘xshagan odam shu bokschini o‘ziga olib, janglar, musobaqalar uyushtirib bersa, bizda bunaqa bolalar bor. Professional boksda asosan og‘ir vazn toifalarini yaxshi ko‘rishadi, shu bois ham, ular juda ommabop bo‘ladi. Bizda ham hozirgi paytda shunaqa bokschilardan Ro‘stam To‘laganov bor. Judayam iste‘dodli, judayam zo‘r. Undan tashqari, Bobur Yo‘ldoshev, mana respublika chempioni bo‘lgan. Oybek Mamazulunov... Shunda ham, kimnidir alohida gapirmasdan, hammasini aytishim mumkin. Hammasi, haqiqatan, zo‘r bokschilar", - deydi Mars Qo‘chqorov.

O‘z o‘rnida, Bosh murabbiyning e‘tirof etishicha, Lennoks Lyuis darajasidagi professional bokschi o‘zbekistonlik bokschilarga ham ko‘p narsani o‘rgatishi mumkin.

"Birinchidan, Lennoks Lyuis taktikani o‘rgatadi. Ringda o‘ylashni, qanday boks tushishni o‘rgatadi. Chunki jang 12 raund bo‘ladigan bo‘lsa, butun raundlar davomida kuchni qanday sarflashni o‘rgatadi. Buni taktika, deyiladi. Bundan tashqari, professional boksda o‘zining sirlari bor. Buning o‘z metodikasi bor. Masalan, men bularni Lyuis bilgan darajada bilmayman. Buni men o‘rgata olmayman. Buning uchun menga vaqt kerak. Men professionallarning murabbiyi bo‘lishim lozim. Lekin Lennoks Lyuis buni judayam yaxshi biladi".

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Lennoks Lyuis professional boksning eng og‘ir vazn toifasida "Mutlaq yengilmas chempion" maqomini shu kungacha o‘zida saqlab kelayotgan yagona bokschi bo‘ladi.

Jahon boks olamidagi ko‘pchilik tomonidan barcha zamonlarning eng buyuk bokschilaridan biri sifatida ko‘riladi.

Professional ringda ja‘mi 44 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning 41 tasida g‘alaba qozongan: Shundan 32 tasiga raqibini nokaut qilib, erishishga muvaffaq bo‘lgan.

38 yoshida jahon chempioni maqomida katta ringni tark etgan tarixdagi uchta buyuk bokschidan bittasi sanaladi.

Lennoks Lyuisning jahon boks olamida tutgan o‘rnini alohida e‘tirof etgan o‘zbekistonlik Bosh murabbiy suhbatdoshimiz ham uning katta ringni tark etishiga oid xabardan xafa bo‘lganini yashirmaydi.

"Lyuis judayam mashhur bokschi. Qanday musobaqa bo‘lmasin, o‘zini har tomonlama ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan bokschi: Jismoniy tarafdan ham, taktika jihatdan ham, texnikasi bilan ham...U judayam ajoyib bokschi bo‘lgan. Men Lennoks Lyuis boksni tashlaganida judayam xafa bo‘lgandim. Chunki yana uch-to‘rt yil bizlarni televizor ekranlaridan quvontiradi, deb o‘ylagandim. Ammo u boksni tashlab ketdi", - deydi Mars Qo‘chqorov.

Image copyright AP

Shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, Artur Grigoryan, Ruslan Chagayev, Bahodir Mamajonov kabi nomdor bokschilarining erishgan yutuqlari O‘zbekiston boks vakillarining jahon professional ringlarida nimalarga qodir ekanliklariga ham dalolat qiladi.

Suhbat va suhbatdosh haqida

O‘z o‘rnida e‘tirof etish joiz, sports.uz Lennoks Lyuis kabi jahonning buyuk sportchilaridan biri bilan Toshkentdan turib suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekistondagi sanoqli nashrlardan biri bo‘ladi.

Agar, bu sport portalining ish boshlaganiga hali bir yil ham bo‘lmagani nazarda tutilsa, bu – ular erishgan muvaffaqiyatning ahamiyatiga ham dalolat qiladi.

Sports.uz internet nashri Bosh muharriri Davron Azizovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, kelajakda yirik bir sport agentligiga aylanish kabi o‘z oldlariga qator maqsadlarni qo‘yishgan va buyuk bokschi bilan eksklyuziv suhbat ham xuddi shu istaklari doirasida amalga oshirilgan.

"Biz shu maqsadda bir qancha loyihalarga qo‘l urganmiz. Bu loyihalar qatorida bokschi bo‘ladimi, futbolchi yoki tennischi, jahon sportida o‘z o‘rniga ega, katta muvaffaqiyatlarga erishgan sportchilar bilan eksklyuziv suhbatlar uyushtirib, ularni ommaga yetkazish rejasi ham bor", - deydi suhbatdoshimiz.

Davron Azizovning aytishicha, Lennoks Lyuis bilan suhbat, hozircha, ana shu loyiha doirasida amalga oshirgan birinchi ishlari bo‘ladi.

"Buning bafurja sirini aytishga shoshmay turaman. Bu, deylik, o‘z portalimizning jurnalistik siri bo‘lib qola qolsin. Lekin, asosan, biz internet orqali Lennoks Lyuisning agentlari bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lganmiz. Bu suhbatni olish uchun salkam 3-4 oy vaqt ketdi. Shuncha vaqt davomida muzokaralar olib borib, suhbatni qanday shaklda berishimiz, nimalarga e‘tibor qaratishimizni do‘stona muhokama qilganmiz. Va, mana, ko‘rib turganingizdek, O‘zbekiston qolib, xorijdan ham bizga qo‘ng‘iroq qilib, muxlislarimiz tashakkurlar bildirishayapti", - deydi sports.uz sport portali muharriri.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, boks O‘zbekistonda futboldan keyin eng sevib tinglanadigan, o‘qiladigan va tomosha qilinadigan sport turi bo‘lgani uchun ham, ilk suhbatdoshlarini tanlashda ustunlikni Lennoks Lyuisga berishgan.

"Biz buni o‘z suhbatimizda ham ta‘kidlab o‘tganmiz: Hozirgi kunda jahon professional boksida "Mutlaq yengilmas chempion" maqomiga ega bo‘lib turgan yagona bokschi bu – Lennoks Lyuis. Shunday ekan, turgan gapki, eng katta e‘tibor ham unga qaratiladi. Shu sababdan ham, biz aynan Lennoks Lyuisni mehmon sifatida saytimizga taklif qilganmiz", - deydi sports.uz portali muharriri.

"Albatta, savollarimizga javoblarni olganimizdan keyin xursand bo‘ldik. Chunki, hali aytib o‘tganimdek, bu suhbatni uyushtirish uchun salkam uch-to‘rt oy harakat qilganmiz. Shuncha vaqt qilgan umidlarimiz zoye ketmagani va yakunida to‘liq bir suhbatga imkonli bo‘lganimiz uchun ham, albatta, mamnunligimizning cheki bo‘lmadi".

"Ammo bu – bizning eng so‘nggi marramiz emas. Bundan ham yuksakroq marralarga erishishga harakat qilamiz. Chunki bu – shov-shuv ketidan quvish emas. Maqsadimiz – O‘zbekistonda boksga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish. Lennoks Lyuis bilan suhbatni o‘qigan yosh bokschilar yoki endi boks olamiga qadam qo‘yayotgan yoshlarimiz, "Men ham mutlaq chempion bo‘laman", degan ma‘noda harakat qilishadi".

Suhbatdoshimiz, bundan keyin ham ushbu loyihalari ustida ishlashda davom etishlarini aytarkan, bundan keyingi mehmonlari qay bir buyuk sportchi bo‘lishini avvaldan oshkor qilish niyatida emasligini bildiradi.

"Deylik, ozgina bo‘lsa ham, sir bo‘lishi kerak. Chunki bu narsa muxlislarga yangilik bo‘lishi lozim. Lekin faqatgina keyingi yulduz suhbatdoshimiz futbol olamidan bo‘lishini aytishim mumkin, xolos", - deydi O‘zbekistondagi sports.uz sport portali Bosh muharriri Davron Azizov.