Tojik-afg‘on chegarasiga yaqin hududda Tolibon bilan janglar bo‘lmoqda

Image copyright none

Afg‘oniston shimolidagi Badaxshon viloyati rasmiylariga ko‘ra, Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasiga yaqin Varduj qishlog‘ida qurolli jangarilar bilan ikki kundan buyon janglar davom etayapti.

Tolibon a’zolari ekani ishonilgan jangarilarning 15 nafari o‘ldirilgani aytiladi.

Badaxshon viloyati politsiya raxbari Said Abdulqodir Sayyod kamida 4 politsiyachi halok bo‘lgani haqida aytgan.

Janob Sayyodga ko‘ra, bu jangarilar orasida chechenlar, O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari va Tojikiston fuqarolari ham bor.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon chegaradagi vaziyatdan tashvish bildirgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Faridul Muhammadaliev Tojikiston chegara qo‘shinlari Afg‘oniston bilan chegaradagi xavfsizlik choralarini oshirganlarini bildirdi.

Avvalroq Afg‘oniston tarafi o‘zining Badaxshon viloyatiga 50dan ortiq tojik fuqarolari o‘tgani va Vardujdagi hujumlarda Tolibon safida ishtirok etganini da’vo qilgan.

Bi-bi-si murojaat etgan Tojikiston hukumati rasmiylari hozircha bu haqida ularda ma’lumot yo‘q ekanini aytishdi.