Rublning qadrsizlanishi Markaziy Osiyoga 'anchaga tushadi'

Agar, EurasiaNet.org internet nashri tahliliga tayanilsa, Rossiya milliy pul birligining keskin qadrsizlanishi allaqachon Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiga jiddiy zarba berib ulgurgan.

Internet nashri, agar ta’bir joiz bo‘lsa, bu “zarbaning kuchi”ni ko‘rsatish uchun maqola avvalidayoq qirg‘izistonlik nafaqaxo‘r onaxon Jiparkul Karaseyitovaning bugungi turmushini misol keltiradi.

Maqola tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, onaxon ortiq o‘ziga bir tishlam go‘shtni ep ko‘rolmaydi.

Ya’ni, poytaxt Bishkek bozorlarida o‘tgan olti oyning o‘zida mol go‘shtining kilosi 9 foizga qimmatlab ketgan.

Internet nashrining yozishicha, bu kabi holat nafaqaxo‘r onaxonlar qolib, ana shu go‘shtni sotuvchi qassoblarning hayotlarini ham og‘irlashtirgan.

Deylik, qassob Oygul Shalpikovaning so‘zlariga ishonilsa, o‘tgan bir oyning o‘zida savdosi 40 foiz yo‘qotishga uchragan.

Uning aytishicha, oyida o‘rtacha 400 kg go‘sht sotib kelgan bo‘lsa, sentyabr oyida bu raqam 250 kiloga tushib qolgan.

Internet nashrining yozishicha, Rossiya rubli keskin qadrsizlanishining ta’siri ham butun Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘tgan oy boshida yaxshigina sezilgan.

Chunki aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va importga qaram.

Rossiya rubli ortidan mahalliy pul birliklari ham o‘z qadrini yo‘qota boshladi, bu esa, o‘z navbatida, keng iste’moldagi chetdan kelayotgan mahsulotlar narxlarining qimmatlashuviga sabab bo‘ldi.

Shu ikki holatning o‘ziyoq mahalliy aholiga haliyam qanchalik sobiq mustamlakachi og‘alariga qaram ekanliklarini eslatmay qolmadi, deya davom etadi nashr.

Sanktsiyalar...

Xuddi shu o‘rinda internet nashri, bir tomondan, G‘arbning Rossiyaga ustma-ust kiritgan sanktsiyalari tufayli ham shu yil boshidan buyon rublь AQSh dollariga nisbatan 20 foizga qadrsizlanganini alohida eslatib o‘tadi.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Ukraina inqirozida tutgan o‘rni uchun rasmiy Kremlni “jazolash”ga qaror qilgandi.

Rossiyaning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neft narxining pasayib ketishi esa, bu jarayonni yanada tezlashtirdi.

Sentyabr oyida rublь o‘tgan to‘rt yil davomida kuzatilmagan bir darajada arzonlab ketdi.

Zaiflashib qolgan rublь esa, butun mintaqa bo‘ylab mahalliy milliy pul birliklarining ham, ayrim hollarda, yaxshigina qadrsizlanishiga olib keldi, deb yozadi nashr.

Xuddi shu o‘rinda internet nashrining qirg‘izistonlik yuqori martabali mas’ul Zayniddin Jumalievning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, o‘tgan bir yilning ichida poytaxt Bishkekda oziq-ovqat narxlari 20-25 foizga qimmatlagan.

Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul o‘tkazmalari ham kamaya boshlagan.

So‘nggi yillarda bu kabi naqd tushumlar, deylik, Qirg‘iziston Yillik Ichki Yalpi Mahsulot Ishlab chiqarish hajmining qariyb uchdan bir va Tojikistonnikini esa, yarmiga yaqinini tashkil qilgan.

Ya’ni, rublning qadrsizlanib borishi Rossiyadagi mehnat muhojirlarining ishlab topgan pullariga sotib olayotgan AQSh dollarining cho‘g‘iga ham ta’sir qilgan.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi esa, oktyabr oyida Qirg‘izistonda kelasi yili iste’mol narxlari qariyb 9 foizgacha oshishini bashorat qildi.

Bu kabi jarayon Qozog‘iston va Tojikistonda ham kuzatilishini bayon qildi.

Buyog‘i qanday bo‘ladi?

Asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neftini Xitoyga avvaldan kelishilgan bahoda sotayotgani bois, Turkmaniston bu kabi iqtisodiy beqarorliklardan deyarli ziyon chekmaydigan mintaqadagi yagona davlat bo‘lsa kerak, deb davom etadi nashr.

Maqolada yozilishicha, rublning qiymatini tutib qolish uchun allaqachon 50 milliard AQSh dollari xarjlashga ulgurgan Rossiya Markaziy Banki siyosatining o‘zgarishi ham mintaqadagi vaziyatga jiddiy va xuddi osmondan tushgandek ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillardan biridir.

Rossiya rublining qadrsizlanib, neftning arzonlashishi Qozog‘iston iqtisodini ham boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi.

Rasmiy Ostonani davlat byudjetini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi, iqtisodiy o‘sish sur’atlariga oid bashoratlarni manfiylashtirdi va tanganing qiymati oshiqcha baholab yuborilgan-yuborilmaganiga oid savollarni paydo qildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston Markaziy Banklari esa, milliy pul birliklarining qiymatini tutib qolish uchun o‘zlarining cheklangan zahiralarini ishga solishdi.

Lekin, shunga qaramay, qirg‘iz somi AQSh dollariga nisbatan 12 foizga, tojik somoniysi esa, 5 foizga arzonladi.

Jahon Bankining bashoratlariga ko‘ra, somoniy bundan buyog‘iga ham qadrsizlanishda davom etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya iqtisodining orqaga ketishi Markaziy Osiyoga uzoq muddatli ta’sirga ega bo‘ladi, deya xulosa qiladi EurasiaNet.org.