Karimov: 'Afg‘oniston Iroqqa aylanishi mumkin'

Image copyright AP
Image caption Janob Karimov Iroqdagi oralarida o‘zbeklar ham bor deb ishoniladigan "Islomiy davlat" guruhini tilga olmagan

Janob Karimov Iroqdagi oralarida o‘zbeklar ham bor deb ishoniladigan "Islomiy davlat" guruhini tilga olmagan Prezident Islom Karimov xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki undan tashqarida ham xavfsizlikka tahdidning kuchayishiga olib kelishini aytgan.

Turkmanistonga safari chog‘ida gapirgan janob Karimovga ko‘ra, Afg‘onistonda yuzaga keladigan siyosiy bo‘shliqni "hech kim tomonidan boshqarilmaydigan turli-tuman buzg‘unchi va terrorchi kuchlar" to‘ldirishi mumkin.

"Qisqa qilib aytganda, - degan O‘zbekiston Prezidenti, - Iroqdagi vaziyat qaytarilishi mumkin".

O‘zbekiston rahbari hozirda Iroq qa Suriyaning katta hududlarini nazorat qilayotgan va oralarida o‘zbeklar ham bor deb ishoniladigan "Islomiy davlat" guruhini tilga olmagan.

Ammo avvalroq Yaqin Sharqdagi "yangi va yangi terrorchi guruhlar" O‘zbekiston va mintaqaga tahdid solishini aytgan edi.

Janob Karimovning Afg‘oniston borasidagi bayonoti O‘zbekiston davlat telekanali 25 oktyabr kuni namoyish etgan maxsus ko‘rsatuvda yangragan.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar chog‘ida Prezident Karimov O‘zbekiston Afg‘oniston bilan ikki davlat manfaatlariga tayangan aloqalarni rivojlantirishini aytgan.

Image copyright EPA
Image caption Prezident Karimov Afg‘onistonda siyosiy bo‘shliq yuzaga kelishidan ogohlantirgan

Prezident Karimov Afg‘onistonda siyosiy bo‘shliq yuzaga kelishidan ogohlantirgan O‘z navbatida turkman rahbari Toshkent va Ashxobodning Afg‘oniston borasidagi mavqe’lari yakdil ekanini urg‘ulagan.

"Turkmaniston ham, O‘zbekiston ham Afg‘on mummosining xalqaro tashkilotlarning faol ishtirokida tinch, siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etilishi tarafdori", deb aytgan janob Berdimuhamedov.

O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga navbatdagi tashrifi AQSh va NATO Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib ketayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Yakshanba kuni Britaniya harbiylari Afg‘onistondagi eng so‘nggi harbiy bazasi - Helmand viloyatida joylashgan "Kemp-Bastion" ni tark etgan.

So‘nggi paytlarda Afg‘onistonga qo‘shni O‘zbekiston va Turkmaniston chegarani mustahkamlash choralarini ko‘rayotgani haqida xabarlar olingan.

Janob Karimovdan farqli o‘laroq, Turkmaniston rahbari Afg‘onistonda vaziyatning beqarorlashish ehtimollari borasida ochiq bayonotlar qilmagan, ammo g‘arb matbuoti turkman hukumati Afg‘oniston bilan chegarada "misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari"ga qo‘l urayotgani haqida yozgan.

"The Diplomat" nashrining yozishicha, rasmiy Ashxobod, aftidan, toliblarning o‘z chegarasiga yaqin erlarda faollashayotganidan tashvishda.

So‘nggi yillarda Afg‘onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining faollashgani aytiladi.

O‘tmishda O‘zbekiston va Turkmanistonning Afg‘on Toliboniga nisbatan siyosati turlicha bo‘lgan.

Turkmaniston o‘zining betaraflik siyosati bilan Tolibon tahdididan bir qadar ixotalangan bo‘lsa, O‘zbekiston boshida toliblarga qarshi faol mavqe’ni egallagan.

Ammo Tolibon hokimiyatda bo‘lgan so‘nggi yillarda rasmiy Toshkentning mavqe’i yumshagan va Prezident Karimov Tolibonni "mintaqaga tahdid emas" deb e’lon qilgan edi.

Prezident Karimov o‘zining so‘nggi chiqishlarida O‘zbekiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmasligini ta’kidlagan.