Ebola: Banan vahimasi yoxud o‘zbek hukumati nega jim?

O‘zbekistonda mobil telefonidan foydalanuvchilar orasida "Banan yemang, ebola virusini yuqtirishingiz mumkin" degan vahimali SMS tarqala boshlagan. SMSda bu meva Afrikadan olib kelinishi va unda Ebola virusi bor bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

O‘zbekiston hukumati Ebolaga qarshi qandaydir profilaktik choralar ko‘rilayotgani yoki O‘zbekistonga kirish nuqtalarida yo‘lovchilar tekshirilayotgani borasida bironta ma‘lumot tarqatmayapti. Biz O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat sanitar epidemiologiya nazorati, Milliy virusoligiya instituti kabi qator muassasalarga bog‘landik, biroq birontasidan O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan yo rejalanayotgan choralar, yoki umuman bu kabi choralar borligi haqida ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadik.

Davlat sanitar epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasining rahbari Muhamedov Komil Qodirovich qo‘ng‘irog‘imizga qisqacha "Ha, hamma joyda chora ko‘rilayapti", deya javob berdi-yu, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi va qayta javob bermadi.

Milliy Virusologiya instituti rahbari Musaboyev Erkin Isoqovich "yuqori"dan ruxsat bo‘lmagani tufayli bu mavzuda gapirishdan bosh tortdi. U "Mevadan, masalan, banandan Ebola virusi o‘tishi mumkinmi o‘zi?" degan oddiy savolimizga, "Men bilmayman" deya javob berdi.

Avgust oxirida Rossiya matbuotida tarqalgan bir xabar O‘zbekiston hukumatining Ebolaga munosabatiga ishora qilgandi. Unda sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda sentyabrь boshida o‘tgan kurash bo‘yicha jahon chempionatiga, Ebola bilan og‘rimaganlari borasida qo‘shimcha ma‘lumot berishmaguncha, G‘arbiy Afrika sportchilari chaqirmasliklarini tavsiya qilgandi. Kimning banani?

O‘zbekistonda aftidan hozircha hech qanday choralar ko‘rilmayapti. Davlat idoralari sukut saqlayotgan bir vaqtda, oddiy odamlar orasida bananlar va ebola borasida vahima tarqalishi davom etmoqda.

Bu mavzu internetdagi ijtimoiy muloqot saytlariga ham sirqib chiqdi. Masalan Feysbukdagi Potrebitelь sahifasida yuzaga kelgan munozarada ko‘p sharhlovchilar O‘zbekistonga bananlar Afrikadan olib kirilmasligini, balki Eron, Malayziya va Rossiya orqali olib kelinishini aytishmoqda.

Biz O‘zbekistonga banan sotish bilan shug‘ullanuvchi Sankt Peterburgdagi GK Integro shirkati bilan bog‘landik va bu shirkat rahbari Sergey Mayamsin Rossiyaga barcha bananlar Ekvadordan olib kirilishi va u O‘zbekistonga ham faqat Ekvador bananlarini sotishini bildirdi.

Afsuski, bu ma‘lumot baribir to‘liq emas, va bu borada biz O‘zbekiston Savdo va sanoat palatasidan ma‘lumot ola olmadik. Ebola qanday yuqishi mumkin?

Ebola bilan og‘rigan odamdan virus uning qoni, qusqisi, najasi yoki suyuqliklari orqali boshqa odamga yuqishi mumkin. Virus Ebola bilan og‘rigan odam bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq teri yoki og‘iz va burun orqali aloqadan yuqishi mumkin.

Virus siydik va spermada ham bo‘lishi mumkin. Ebola virusidan xalos bo‘lgan erkakning spermasida uch oydan keyin ham bu virus topilishi mumkin.

Ebola virus bilan og‘rigan odamning ko‘rpa-to‘shagi, kiyim-kechagi va u tekkan jihozlar orqali ham yuqishi mumkin, lekin uni faqat ochiq teri orqali yuqtirish mumkin.

Ebola jihozlar sathida qancha vaqt yashashi hozircha noma‘lum, biroq ba‘zi dalil-isbotlarga ko‘ra, bu olti kungacha davom etishi mumkin. Oqartirgich moddalar va xlora Ebolani o‘ldirishi mumkin.

Mazkur virus, masalan, tumovga o‘xshab havo orqali yuqmaydi. Ebola bir odamdan ikkinchisiga yuqishi uchun bu ikki odam juda yaqin aloqada bo‘lishi kerak.

Ebola alomatlari inson organizmida 21 kungacha bo‘lgan vaqt ichida sezila boshlaydi.

Alomatlar sezilmaguncha, uni yuqtirgan odam yuqumli bo‘lmaydi.

Shunday ekan, banan orqali O‘zbekiston aholisi ebolani yuqtirishi ehtimoli aftidan juda kam.