'Bu 'Saylovlar' deb nomlangan katta qo‘g‘irchoq o‘yin'

Image copyright BBCUZBEK

Davlat nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalarining keng targ‘ibot-tashviqotiga qaramasdan o‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar parlament saylovlariga shubha bilan qaraydilar.

O‘zbekistondagi davlat nazoratidagi telekanallar, radiostantsiyalar, matbaa nashrlari va veb-saytlar va Internet ijtimoiy tarmoqlarini kuzatib ana shunday xulosaga kelingan.

Tele va radiokanallar, matbuot hamda veb-saytlar 21 dekabrga mo‘ljallangan O‘zbekistondagi parlament saylovlari haqida keng miqyosdagi kampaniyani boshlaganlar. Ular muntazam ravishda e’lonlar berib bormoqdalar, uchrashuvlar va davra suhbatlari haqida xabarlar tarqatmoqdalar. Bu tadbirlarda saylovoldi jarayonining "demokratiya tamoyillariga to‘la mos kelishi" ta’kidlanmoqda, ekspertlar asosan saylov qonunchiligi borasida jamoatchilikka ma’lumot bermoqdalar. Ammo aksar veb-foydalanuvchilar esa O‘zbekistondagi navbatdagi saylovning mamlakatga biror bir o‘zgarish keltirishiga shubhadalar.

Internet ijtimoiy tarmoqlari

"Mamlakatda hech narsa o‘zgarmaydi", deyishadi ijtimoiy tarmoqlardagi aksar foydalanuvchilar o‘zlarining sharhlarida. Ayrim izohlar mualliflari O‘zbekistonda mamlakat prezidentidan boshqa biror siyosatchini bilmasliklarini tan olganlar. "Bu "Saylovlar" deb nomlangan katta qo‘g‘irchoq o‘yin. Hamma partiyalar bir shaxs tomonidan boshqariladi", deb yozgan Facebook foydalanuvchilaridan biri.

fergananews.com veb-saytida "prosto chel" nomi ostida sharh qoldirgan Internet foydalanuvchi yozadi: "Saylovlar? Qanaqa saylovlar? Har bir odam allaqachon oldindan saylab bo‘lingan. Odamlarning saylash huquqi yo‘q yoki ular maxsus xizmatlarning rasmiylari tomonidan qo‘rqitilgan. O‘zbekistonda hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmaydi. Bu erda normal haq to‘lanadigan ish yo‘q, gaz yo‘q, elektr quvvati uzib tashlangan, hamma narsaning narx-navosi ko‘tarilib ketayapti, nonning narxi, benzin va internet baholari juda qimmat... mamlakat korruptsiyaga botib ketgan... O‘zbekistonda umuman adolat yo‘q!"

Davlat nazoratidagi veb-saytlar

Davlat nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalari saylo kampaniyasiga faol kirishganlar. Markaziy Saylov komissiyasining va uch hukumatparast partiya - Xalq Demokratik partiya, "Milliy Tiklanish" Demokratik partiyasi, Ishlab chiqaruvchilar va biznesmenlarning harakati - Liberal-Demokratik partiyaning veb-saytlari muntazam yangilanib turibdi. 23 oktyabr kuni tekshirilganda "Adolat" Sotsial-Demokratik partiyaning veb-sayti "ochilmadi". Biroq keyingi kunlarda tekshirilganda, veb-sayt normal faoliyat yuritayotgani kuzatildi.

Davlat axborot agentliklarining Internet sahifalari ham saylov mavzusini muntazam yoritib kelayapti. "15 oktyabr kuni Berlinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Olmoniya Bundestagi vitse-prezidentini 21 dekabrga mo‘ljallangan Oliy Majlis quyi palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlar haqida boxabar qildi", deya xabar qilgan Tashqi ishlar vazirligining "Jahon" axborot agentligi.

"Axborot agentliklari, Mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoatchilik jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar saylo jarayonida matbuot rolini kuchaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi", deya xabar tarqatgan O‘zA axborot agentligi.

Ro‘znomalar

O‘zbekistonning davlat nazoratidagi gazetalari Markaziy Saylov komissiyasi faoliyatidan o‘quvchilarni boxabar qilib kelayapti. "Komissiya mamlakatdagi barcha to‘rt siyosiy partiyaning ham saylovda ishtirok etishiga ruxsat bergan qarorni qabul qildi", deb yozgan Ichki ishlar vazirligining "Postda" ro‘znomasi 11 oktyabr kuni.

Parlament va hukumat nashri bo‘lgan "Xalq so‘zi" muxbiri Qobil Xidirov saylovlarni "shaffof va ochiq"ligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni maqtagan. Xususan, muxbir saylovlarni yoritadigan jurnalistlar uchun qulay sharoit barpo etilgan, deb yozgan.

"Hozirgi paytda saylov komissiyalari ovoz berishning demokratik tamoyillarga mos kelishi uchun saylov uchastkalarini hozirlamoqdalar", deb yozgan "Pravda Vostoka" ro‘znomasi 15 oktyabr kuni.

Yaqinlashayotgan parlament saylovlari "qonunlar va demokratik printsiplarga to‘la mos kelishi uchun" Markaziy Saylov komissiyasining mintaqaviy bo‘limlari o‘z xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari va boshqa tadbirlar tashkillashtirmoqdalar", deyiladi "Pravda Vostoka"ning 17 oktyabrdagi xabarida.

"Frantsiyadagi O‘zbekiston elchiligi O‘zbekistondagi yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi", deya xabar qilgan ro‘znoma 18 oktyabrdagi sonida.

"Parlament saylovlariga ikki oy qolar ekan, Markaziy Saylov komissiyasi saylov uchastkalarini tashkil qilishni nihoyasiga etkazdi", deb yozgan "Narodnoe slovo" ro‘znomasi 21 oktyabr kuni. Shuningdek, komissiya saylovlarning mahalliy qonunchilik va xalqaro mezonlarga munosib bo‘lishi uchun boshqa chora-tadbirlarni ham ko‘rayapti, deb yozgan rus tilidagi gazeta.

22 oktyabr kuni "Turkiston" ro‘znomasi saylovlarning matbuot tomonidan yoritilishining ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilgan.

Televidenielar

"O‘zbekiston" telekanali muntazam ravishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida "Markaziy Saylov komissiyasi xabarlari"ni, saylov kampaniyasiga bag‘ishlangan "Parlament vaqti" ko‘rsatuvini e’lon qilib kelmoqda. Shuningdek, televidenie reklama va "Saylov - Demokratiya ko‘zgusi" deb nomlangan ko‘rsatuvlarni efirga uzatib kelmoqda. Parlament a’zolari, jamoatchilik faollari studiyaga taklif qilinib "bahslar" uyushtirilayapti, bu ko‘rsatuvlarda ham asosan urg‘u teletomoshabinlarga saylov qonunchiligini tushuntirishga berilmoqda.

O‘zbekiston televideniesining mashhur "Axborot" ko‘rsatuvi ham tomoshabinlarni saylov kampaniyasi va Markaziy Saylov komissiyasi so‘nggi yangiliklari bilan tanishtirib kelmoqda. "Markaziy Saylov komissiyasi yaqinlashayotgan parlament saylovlariga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi", deb boshlangan "Axborot"ning 15 oktyabrdagi ko‘rsatuvi.

"Markaziy saylov komissiyasi barcha to‘rt siyosiy partiyaga saylovda qatnashishga ruxsat berdi", deya xabar qilingan 9 oktyabrda.

Radiolar

Ko‘ngilochar va musiqiy FM radiostantsiyalar 30 soniyalik reklamalar va saylovchilarning huquqlari tushuntirilgan lavhalarni efirga uzatib kelmoqda.

Saylovchilarning saylov qonunchiligidan xabardorliklarini oshirish maqsadida ayrim moddalar tushuntirib berilayapti.

O‘zbekistondagi saylov jarayonini boshqa xorijiy radiolar ham kuzatib kelmoqda.

BBC Monitoring materiallari asosida tayyorlandi