Tajriba: Hijob o‘ragan rus qiziga munosabat qanday bo‘ldi?

Image copyright thevillage.ru

Moskvalik jurnalist Yuliya Reysner o‘z shahridagi musulmon ayollarga bo‘lgan munosabatni o‘z misolida sinab ko‘rishga qaror qilib, bir hafta hijob o‘rab yashab ko‘rdi.

U kundalik hayotiga boshqa hech qanday o‘zgartirish kiritmadi, va o‘zining hijobli va hijobsiz turmushini solishtirib ko‘rishni maqsad qildi.

Reysner xonimning aytishicha, hamma insonlarda o‘ziga yarasha muammolar bor va o‘zimizni boshqa odamning o‘rniga qo‘yib ko‘rsakkina, boshqalarning muammolarini tushunib etishimiz mumkin.

Ibrat Safo u bilan bog‘lanib, avvalo tajriba qanday o‘tganini so‘radi.

Reysner: Eksperimentim muvaffaqiyatli o‘tdi deb ayta olaman. Maqsadim - shariatning barcha qonunlariga asoslangan holda hijobga kirsam, menga atrofdagilar qanday munosabatda bo‘lishini aniqlash edi. Aniqlaganim shu bo‘ldiki, aslida bu hech kimni bezovta qilgani yo‘q, aksincha, menga ba’zi toifadagi odamlar avvalgidan yaxshiroq munosabatda bo‘la boshlaganlarini sezdim. Ko‘p hollarda odamlar hech qanday munosabat bildirishmadi. Lekin, sharqona ko‘rinishga ega bo‘lgan erkaklar menga mehr bilan qaray boshlashdi. Men yashaydigan mavzedagi metro bekati yonida qari musulmon amakining do‘konchasi bor, u poyafzallarimni ta’mirlab beradi. Avval hech menga e’tibor bermasdi, bu safar esa ko‘zlari mehrga to‘lib jilmaydi va menga "qanday go‘zal qiz" dedi. Boshqalarni sinab ko‘rish uchun men hatto kafega kirib pivo so‘radim, ofitsiantka hech narsa bo‘lmagandek menga pivo tortiq qildi. Balki bu munosabat "mijoz hamma vaqt to‘g‘ri" degan tushunchaga asoslanar, lekin uni mening hijobim ikkilantirmadi. Men ataylab pivo so‘raganim yo‘q, maqsadim avvalgi hayotim qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha davom ettirish edi, faqat bu safar boshimda hijob bilan.

Bi-bi-si: Siz yoshi kattaroq ayollar sizga yov qaragani haqida yozgansiz...

Reysner: Ular juda ham mendan qo‘rqib ketishdi deb ayta olmayman, lekin salbiy qarashdi. Aslida qariya ayollar juda ko‘p narsaga shunday yondoshadilar, bu hijob bo‘lishi ham shart emas. Bu yoshdagi ayollar, masalan, qo‘lingizda ko‘p uzuk bo‘lsa, yoki burningizda sirg‘a bo‘lsa, yoki noan’anaviy bir yubkani kiygan bo‘lsangiz ham sizga yov qarashadi.

Bi-bi-si: O‘zingiz qanday munosabat bo‘lishini kutgandingiz?

Reysner: Bu yaxshi savol. Men agar eksperiment natijalarini oldindan aniq bashorat qila olganimda, uni qilmagan bo‘lardim. Chunki odatda hamma sensatsiyani istaydi, hech kim "qarang, bizda qanday toqatli odamlar" deb yozilgan maqolani o‘qigisi kelmaydi. Aslida mening salbiy munosabatlar haqidagi bashoratlarim noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. O‘zim ham juda hayron qoldim. Chunki hatto o‘zim ham birovning ko‘rinishiga qarab ular haqida fikr yuritishga o‘rgangan ekanman. Bu stereotiplar mening miyamga shunday mustahkam o‘rnashgan ekanki, men odamlardan nafrat va ochiqcha tajovuzni kutgandim. Kutgan narsalarim ushalmaganidan juda ham mamnun bo‘ldim. Men odamlar munosabatini 0dan 10gacha baholamoqchi edim, ya’ni 0 - butkul beparvolik, 10 esa ochiq tajovuz. Natijada men minusga tushib ketdim. Chunki hech kim menga tashlanmadi, metroda hech kim menda uzoqlab boshqa joyga borib o‘tirmadi, aksincha, menga ijobiy qarashlar oshdi.

Bi-bi-si: Siz oddiy odamlar munosabatini baholabsiz, lekin agar, masalan, politsiya yoki mahalliy hukumat vakillariga ishingiz tushsa, ularning munosabati qanday bo‘lgan bo‘lardi deb o‘ylaysiz? Buni bashorat qilish mumkinmi?

Reysner: Bu kabi vaziyatga tushmaganim uchun bironta xulosa chiqarish mumkin deb o‘ylamayman. Asossiz bir bashorat bo‘lib qolishi mumkin. Lekin, politsiyaga ko‘p duch keldim, chunki Moskva ko‘chalarida va metroda politsiya juda ko‘p. Har kuni men juda ko‘p politsiyachilar yonidan o‘tib ketardim. Menga ular qarashmadi ham, qarashsa ham, hech qanday ijobiy yo salbiy reaktsiyani uyg‘otmadim.

Bi-bi-si: Sizga qaerdan keldi bu kabi eksperiment o‘tkazish g‘oyasi?

Reysner: Amerikaning Buzzfeed veb saytida bir narsani o‘qib qoldim. Bu juda ommabop sayt, va ular, masalan, "Ozg‘in qizlarni o‘ylantiradigan 21ta muammo" yoki "Ishsiz odamlar duch keladigan 25ta muammo" kabi qiziq ro‘yxatlarni chop qilishadi. Shu maqolalardan biri "Hijob o‘raydigan qizlar duch keladigan 16ta muammo" deb nomlangandi. Meni bu juda qiziqtirib qoldi, ham insoniy, va ham maishiy jihatdan. Unda ovqat eganda hijobingizga ushoq tushishidan tortib boshqa odamlarning yov qarashlari kabi muammolar haqida yozilgandi. Shunda menda g‘oya tug‘ildi. Chunki men uchun Islom va hijob butkul yot tushuncha edi. Hijob o‘rasam, menda hijobli va hijobsiz hayotim o‘rtasida qiyoslash imkoniyati tug‘ilishiga ishonchim komil edi. Shuning uchun unga qo‘l urdim. Men jurnalist bo‘lganim uchun shu eksperimentni qildim. Buning o‘rtidan amin bo‘ldimki, hamma insonlar bir-birlariga o‘xshash, hammamizda o‘zimizga yarasha muammolar bor, va o‘zimizni boshqa odamning o‘rniga qo‘yib ko‘rsakkina, boshqa odamlarning muammolarini tushunib etishimiz mumkin.

Bi-bi-si: Moskva haqida qanday xulosaga keldingiz?

Reysner: Men Moskva toqatliroq ekan degan xulosaga keldim. Men hijobni normal bo‘lmagan narsa demoqchi emasman, lekin bizda aksar aholi pravoslav nasroniylar. Shuning uchun yomon munosabatni kutgandim. Bilasizmi, ko‘p odamlar avvaldan miyaga o‘rnashib qolgan tushunchalar, ya’ni stereotiplarga asoslanib fikr yuritadilar va voqe’likdan uzilib qoladilar. Men ham shunday fikr yuritib, Moskva toqatsiz shahar deb o‘ylab yurgan ekanman, aslida bunday bo‘lmay chiqdi.

Bi-bi-si: 4 noyabrda Moskvada rus millatchilarining "Rus marshi" bo‘lib o‘tadi. Bu kunda ko‘p osiyolik muhojirlar uydan chiqmay o‘tirishga urinar ekanlar. Siz o‘sha kuni hijob o‘rab chiqqan bo‘larmidingiz? Yoki bu provokatsiya bo‘lardi deb o‘ylaysizmi?

Reysner: Men sizga shuni aytgan bo‘lardim. Agar qandaydir go‘yoki oliy bir g‘oya bilan jazavaga tushgan katta sondagi odamlar ko‘chaga chiqsa, men ulardan o‘zimni yiroqda tutgan bo‘lardim. Bular bir dinning ikkinchisi, yoki bir irqning ikkinchisi, yoki bir futbol jamoasining ikkinchisi ustidan ustivorligini namoyish qilish uchun chiqadilar. Ularga yaqinlashmayman, chunki olomonning psixologiyasini avvaldan bilib bo‘lmaydi, yagona bir odam ham olomon ichiga tushganda eng past instinktlariga erkinlik berishi mumkin.