Rossiya Ukrainaga gaz berishga rozi bo‘ldi

Image copyright Reuters

Tomonlar bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik muzokaralar chog‘ida kelishib olishdi.

Yangi kelishuvga muvofiq, Ukraina noyabr-dekabr oylarida bir ming kubometr gaz uchun qo‘shnisiga 378 AQSh dollari miqdorida haq to‘laydi.

Ukraina Energetika vaziri Yuriy Prodanning bunga qo‘shimcha qilishicha, yangi haq bozordagisiga yaqin bo‘ladi.

Unga ko‘ra, kelasi yilning aprel oyigacha bu haq bir ming kubometr gazga 365 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ammo Ukraina vazirining bu so‘zlarini hozircha Rossiyaning davlatga qarashli “Gazprom” shirkati rahbari Aleksey Millerning shaxsan o‘zi tasdiqlagani yo‘q.

Janob Millerning bayon qilishicha, kelasi yilning birinchi choragida Ukrainaga sotilayotgan gazning bahosi “bozordagi talabga qarab” belgilanadi.

Ovro‘po Ittifoqining Energetika masalalari bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger ham bu masalaga oydinlik kiritishga uringan.

Uning aytishicha, avvaldan haq to‘lash asosida Ukraina Rossiya gazining bir ming kubometrini 385 AQSh dollari yoki bundan ham pastroq narxda xarid qilishi mumkin.

Komissar janoblariga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi undan uyog‘iga Rossiya gazining ta’minoti borasida Ukrainaga hech qanday kafolat bermagan.

Ammo 2015 yilda rasmiy Kievga qanday qilib moliyaviy ko‘mak berish masalasida bosh qotirishmoqda.

Rozilik

Image copyright BBC World Service

Rossiya tomoni kecha payshanba kuni Ukrainaga gaz berishga rozi bo‘lgandi.

Rasmiy Moskvaning bu xususdagi roziligi Bryusselda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik muzokaralar chog‘ida olingandi.

Har ikki tomon o‘rtasidagi muloqotlarga Ovro‘po Ittifoqi vositachilik qilgandi.

Ovro‘po Hay’ati raisi Joze Manuel Barrozoning bayon qilishicha, “Bu – butun Ovro‘po qit’asida energetika xavfsizligini ta’minlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘lgan”.

“Endi, ovro‘poliklar bu yilgi qishdan qanday chiqish haqida xavotirlanmasalar ham bo‘ladi”, - deb qo‘shimcha qilgan janob Barozzo.

Uning umid qilishicha, ikki tomon o‘rtasida bu xususda imzolangan yangi bitim Rossiya va Ukraina orasidagi ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bryusselda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya, Ukraina energetika vazirlari va Ovro‘po Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari ishtirok etgandi.

Rasmiy Moskva o‘z roziligini berishdan avval Ovro‘po Hay’atining Ukraina gaz haqini o‘z vaqtida to‘lashiga oid kafolatini ham qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Xabarlarga ko‘ra, hay’at Rossiya tomonini kamida shu yil oxirigacha Ukraina gaz haqidan qochmasligiga ishontirgan.

Ukraina gazdan qarzini to‘lash uchun Ovro‘po Ittifoqi va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining moliyaviy yordamiga umid qilishi mumkin.

Bu haqda Ovro‘po Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger matbuot anjumani chog‘ida bayon qilgan.

Uning aytishicha, 1.45 milliard dollar haq “Gazprom”ga hech bir kechikishlarsiz to‘lanadi. Qolgan 1.65 milliard dollarni esa, “Naftogaz” shu yil oxiriga qadar Rossiyaning davlat shirkati hisobiga o‘tkazadi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, so‘nggi kelishuvga Ovro‘po tomoni rasmiy Kremlni asosiy aybdor, deb sanovchi Ukraina inqirozi hanuz barham topmagan bir sharoitda erishilgan.

Mavjud inqiroz o‘zining avj nuqtasiga etgan shu yilning iyun oyida Rossiya Ukrainaga gaz ta’minotini butkul kesib qo‘yishgacha borgandi.