Toshkentda yo‘l chetidagi kameralar naf beradimi?

Image copyright redpen

Toshkent yo‘llaridagi chorrahalarga 1,5 ming atrofida videokameralar o‘rnatilishi mumkin. Poytaxt ko‘chalarida kuzatuv kameralarining o‘rnatilayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda chiqa boshladi.

Avvaliga toshkentliklar chorrahalar hech qanday ogohlantirishlarsiz nima sababdan qazib tashlanayotganiga tushunishmayotganini bildirishdi. Keyinchalik ushbu chorrahalarda kuzatuv kameralari o‘rnatish uchun ustunlar ko‘milayotgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

O‘zbekistonda chop qilinuvchi redpen.uz saytidagi maqolada yozilishicha, poytaxt ko‘chalariga kuzatuv kameralari o‘rnatish haqida shahar avtoinspektsiyasi uch yil avval qaror qilgan.

2012 yili esa Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘llardagi xodimlarni videokameralarga almashtirish haqida aytgan. Xullas, 2014 yilning kuziga kelib ushbu ishlarga kirishilgan ko‘rinadi.

Katta shov-shuvga sabab bo‘layotgan va toshkentliklar o‘z ko‘zi bilan har kuni guvohi bo‘layotgan kameralar o‘rnatish jarayoni borasida rasmiy idoralar, an‘anaga binoan, miq etishmayapti.

Ichki ishlar vazirligining onda-sonda yangilanadigan veb sahifasi hatto shu kunlarda ochilmayapti ham.

Ushbu kuzatuv kameralari avtomobilning tezligi, qizil chiroqda to‘xtamaganligi va avtomobilning davlat raqamini aniqlashi mumkin. Bu ma‘lumot markazga yuborilgach, kompьyuterlashtirilgan tizim qancha jarima to‘lash kerakligini mashina egasiga pochta orqali yuboradi.

Nazariy jihatdan, bu yo‘llardagi qoidabuzarlikni kamaytirishi bilan birga poraxo‘rlikni ham kamaytiradi.

Qo‘shni Qozog‘istonning Olma-ota shahrida bir necha yillardan beri kuzatuv kameralari amalda.

U yerdagi haydovchilar yo‘llarda kameralar paydo bo‘lganidan keyin boshqaruv ancha tartibga kelib qolganini aytishadi.

Biroq, mintaqadagi jurnalistlarga ko‘ra, bu kameralar korruptsiyaga butunlay barham beradi deyishga biroz erta.

Haydovchilarning aytishicha, oldin pora DAN xodimiga berilgan bo‘lsa, endi u ushbu kompьyuterni boshqarib o‘tirgan nazoratchiga beriladi va qoidauzarlik xotiradan o‘chirib tashlanadi.

Olma-otadagi haydovchilar ayniqsa kameralar o‘rnatilgan chorrahalarda qoidani buzmaslikka harakat qilishadi.