Turkiya: "Biz Suriyadagi AQSh va Ovro‘po o‘yinida ishtirok etmaymiz"

Image copyright bbc

Turkiya Bosh Vaziri Ahmat Davuto‘g‘lu o‘z mamlakati Kobanida suriyalik jangchilarga Islomiy Davlatni mag‘lub qilishda etarlicha yordam bermayotgani borasidagi da’volarni rad qildi.

Bi-bi-si bilan suhbatda u agar AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriya hukumatiga qarshi harbiy amaliyotga qo‘l ursagina, Turkiya bunga qo‘shilishini aytdi.

Janob Davuto‘g‘lu agar AQSh va Ovro‘po davlatlari Suriyaga o‘z piyoda qo‘shinlarini joylashtirsa, Turkiya ham o‘z qo‘shinlarini safarbar qilishini urg‘uladi.

Hozirda G‘arb va arab davlatlarining havodan hujumlari faqat Suriya va Iroqdagi jihodchilarni nishonga olmoqda.

Janob Davuto‘g‘li hozircha Turkiya Kobaneda IDga qarshi kurashayotgan suriyalik isyonchilarni tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularni qurollantirishni "tezlashtirish"ini aytgan.

Biroq, u "shartlar aniqlanmaguncha", Turkiya G‘arb qiruvchi uchoqlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun o‘z harbiy bazalarini ochmasligini ta’kidladi.

"Kobanini saqlab qolish juda muhim, biroq bir narsani unutmasligimiz kerak, Kobani Suriyadagi ancha kengroq va kattaroq muammoning oqibatidir", - dedi u.

Turkiya tashqi ishlar siyosatining eng asosiy me’morlaridan biri bo‘lgan janob Davuto‘g‘li Prezident Bashar al-Assadning ashaddiy tanqidchisidir.

O‘z o‘rnida, G‘arb rahbarlari havodan hujumlarning yagona nishoni Islomiy Davlat ekanini aytishmoqda.

Janob Davuto‘g‘lu Turkiya tanqidchilariga keskin javob qaytara turib: "Turkiya Amerika yoki Ovro‘podagi jamoatchilik fikrini qoniqtirish uchun bir necha hafta yo bir necha oylik o‘yinda ishtirok etishni istamaydi", - dedi.

Jahon bo‘ylab tarqalgan suratlarda Kobani ID hujumlari ostida qolayotgan bir vaqtda Turkiya tanklari chegara ortida "qo‘l qovushtirib" o‘tirganlari aks etgan va bu Turkiyaning o‘nlab shaharlarida misli ko‘rilmagan namoyishlarga turtki bo‘lgan.

Biroq, yirik bosim ortidan Turkiya Iroq kurdlarining Peshmerga jangchilariga chegarani Turkiya orqali kesib o‘tib Suriyadagi kurdlarga IDga qarshi jangda yordam berishlariga yo‘l ochib bergan.

Haftalab davom etgan AQSh havo hujumlari Kobanini saqlab qola olganicha yo‘q.

Bosh Vazir Davuto‘g‘lu Turkiya Islomiy Davlat tarafini olayotgani borasidagi iddaolarni rad qildi.