OI: O‘zbekistonda ahvol o‘zgarmasa jazo choralari kiritiladi

Image copyright s

Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistondagi inson haqlari yuzasidan yangi rezolyutsiyani qabul qildi.

23 oktyabr kuni qabul qilingan rezolyutsiyada aytilishicha, O‘zbekiston Fuqaro va Siyosiy erkinliklar Xalqaro Konventsiyasi asosida so‘z, yig‘ilish va vijdon erkinligi, Qiynoqlarga qarshi Konventsiya doirasida qiynoqlarni taqiqlash va’dasini bergan bo‘lsa-da, bu sohalarda atigi bir necha ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan.

Rezolyutsiya bandlaridan birida aytilishicha, O‘zbekiston rasmiylari o‘z repressiv boshqaruvlarini kuchaytirish maqsadida minglab kishilarni qamoqqa tashlagan, huquq va muxolifat faollari, jurnalistlar, taqvodorlar, san’atkorlar va hukumat tanqidchilarini nishonga olgan.

O‘zlarining so‘z erkinligi huquqlarini izhor etganlari uchungina qamoq jazosiga hukm qilinganlar orasida 15 nafar taniqli huquq faoli, 5 jurnalist, 4 muxolifatchi va 3 mustaqil diniy ulamo borligi ham aytilgan.

OIga ko‘ra, bu amallari uchun jazo choralari (cheklovlar va tanqidlar doxil) hamda xalqaro bosimga qaramay, inson huquqlari sohasidagi vaziyatni yaxshilash bobida O‘zbekiston juda kichik qadamlarni qo‘ygan.

Bu "xo‘ja ko‘rsin" qadamlar orasida muhim xalqaro uchrashuv va safarlar arafasida siyosiy mahbuslardan ba’zilarining ozod qilinishi tilga olingan.

"2005 yiligi Andijon hodisalari yuzasidan mustaqil tekshiruvni rad etib kelish bilan birga protsessual jarayonlar buzilgan va qiynoqlar ostida olingan iqrorlar asosida o‘tkazilgan mahkamalar natijasida 200 dan ortiq inson qamoq jazolarini o‘tamoqda".

Rezolyutsiyada aytilishicha, 2009 va 2010 yillari o‘zbek rasmiylarini vaziyatni yaxshilash bobidagi qadamlarga undash maqsadida kiritilgan jazo choralarini OI bekor qilgan edi.

Lekin, shunga qaramay, xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta terimida kattalar va bolalarning majburiy mehnatidan foydalanish keng tus olishda davom etmoqda.

Rezolyutsiyada Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2013 yilgi hisobotiga muvofiq yosh bolalar doxil millionga yaqin kishi paxta terimiga majburan safarbar etilganligi aytilgan.

Ana shular asosida OI ikki tomon o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishni ko‘zlab, siyosiy faoliyatlari uchun qamalganlarning barini ozod qilish, qiynoqlarga chek qo‘yish, qiynoqlarda qo‘li bor rasmiylarni javobgarlikka tortishga da’vat qilgan.

OIning aytishicha, yuqorida keltirib o‘tilgan sohalarda kelgusi olti oy mobaynida ko‘zga ko‘rinarli siljishlar ro‘y bermasa, O‘zbekistonga nisbatan muayyan jazo choralari kiritiladi.

Your contact details
Disclaimer