325 qo'shma korxona O'zbekiston uchun ko'pmi yo oz?

O'zbekistonda 2014 yilning to'qqiz oyi mobaynida xorij sarmoyasi ishtirokida 325 ta korxona tashkil etilgan.

Bu haqda O'zbekiston Davlat Statistika qo'mitasi xabar tarqatgan.

Goskomstatga ko'ra, eng ko'p qo'shma korxona Toshkent shahrida tashkil etilgan.

Yil boshidan buyon O'zbekiston poytaxtida 222 ta chet el investitsiyasi yotqizilgan korxona ish boshlabdi.

Toshkent viloyatida 31, Farg'ona viloyatida 17, Samarqand viloyatida 13, Jizzax viloyatida 12, Navoiy viloyatida, Surxondaryoda 5 va Sirdaryo viloyatida ham beshta qo'shma korxona yanvardan-sentyabrgacha ro'yxatdan o'tkazilgani xabar qilinadi.

Statistika qo'mitasiga ishoniladigan bo'lsa, O'zbekistonga sarmoya yotqizishga eng ishqibozlar xitoyliklar ekan.

O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida 85 qo'shma korxona, Rossiya bilan 53, Buyuk Britaniya bilan 28, Janubiy Koreya bilan 27, Turkiya bilan 22, Hindiston bilan 12 hamda Qozog'iston bilan 11 hamkorlikda biznes boshlangani xabar qilinmoqda.

O'zbekiston biznes yuritish uchun muhiti toqatsiz mamlakat deb ko'riladi.

Bir paytlar O'zbekistonning chet elliklar bilan muvaffaqiyatli biznes hamkorligi namunalari deb ko'rilgan nomdor shirkatlar ham mamlakatni tark etishga majbur bo'lganlar.

O'zbek rasmiylari o'z statistik ma'lumotlarida to'g'ridan-to'g'ri xorij sarmoyalari ko'rsatkichlarini e'lon qilmay qo'yganlar.

Misol uchun, statistika qo'mitasi 325 qo'shma korxonadagi xorij sarmoyasi qanchani tashkil etganini ochiqlashni istamagan.

Xo'sh, to'qqiz oy mobaynida 325 ta chet el sarmoyasi bilan korxona tashkil etilgani O'zbekistondek mamlakat uchun ko'pmi yoki oz?

BBC ushbu savolni Toshkentda biznes yuritgan turkiyalik ishbilarmon Vohid Guneshga berdi.

Vohid Gunesh: 325 shirkat bu kulgili raqam. Normal davlatda bir yilda 3500 va hatto 5000 ta qo'shma korxona ochiladi. Yana ushbu 325 shirkat sirtdan kelgan korxonalar emas. O'zbekistonda valyuta konvertatsiyasi muammosi bo'lgani uchun, O'zbekistonda yashaydigan davlat va tuzumga yaqin kishilar chet elda shirkat ochib, u orqali O'zbekistonda qo'shma korxona ochadilar. Bularning hammasi hiyla yo'lida ochiladigan korxonalardir. Konvertatsiya bo'lmagan, korruptsiya rivojlangan joyga chetdan firma kelib ish qilmaydi. 325 qo'shma korxona tizimga yaqin va pulini yashirishni istagan va ayrim narsalardan qo'rqqadigan kishilarning hiyla uslubi bilan chetda firma ochib, O'zbekistonda filial ochish harakati natijasidir.

BBC: Biroq qo'shma korxona sohiblarining Xitoy va Turkiya kabi davlatlardan kelgani aytilmoqda xabarlarda?

Vohid Gunesh: Turkiyadan va hattoki Xitoydan biror kishi u erga borib korxona ochadi deb o'ylamayman. Bir o'zbekistonlik fuqaro Xitoyga borib korxona ochadi va u shu korxona orqali O'zbekistonda ish qiladi. O'zbekistondan kelib Turkiyada shirkat ochib olgan bir guruh odamlarni taniyman. Ular ushbu firmalari orqali O'zbekistonda korxona ochadilar.

BBC: Biroq Turkiya yoki Xitoydan tadbirkorlarning O'zbekistonda ish qilayotganini inkor qilolmaysiz-ku?

Vohid Gunesh: Turkiyadan yoki Xitoydan kelib 5-10 korxona ochgan odamlar bordir. Ammo 325 ta emas. Bu korxonalarning asosiy qismi hiyla yo'li bilan ochilgan shirkatlardir. Biz O'zbekistondagi sharoitni bilamiz. O'zbekistonda konvertatsiya yo'q. Shunday ekan Xitoydan kelgan odam qanday qilib molini sotib pulini olib chiqib ketadi.

BBC: Biroq O'zbekistonda ish qilayotgan xorijlik shirkatlar bu muammoni qanday hal qilayapti unda?

Vohid Gunesh: Rejimga yaqin kishilarga nisbatan konvertatsiya bor. Markaziy bank tor doira uchun ishlaydi. Masalan, Markaziy Bank 10 kishiga konvertatsiya uchun ruxsat beradi. Qolganlarga esa yo'q. O'zbekiston militsiya va SNB davlatidir. Hamma narsa Milliy xavfsizlik xizmati atrofida bo'ladi. Yotqizilgan sarmoyalardan tortib, ochilgan shirkatlargacha hammasi MXX bilan bog'liq. Boshqalarga kun yo'q.

Aloqador internet sahifalari

BBC tashqi internet sahifalar uchun mas'ul emas