Peshmerga jangchilari Turkiyaga kiritilganlar

Image copyright bbc

O‘nlab yillar davomida Turkiya xavfsizlik kuchlariga qarshi urushib kelgan Kurdiston Ishchi partiyasi jangchilari "Islomiy Davlat" guruhi bosib olgan Suriya-Turkiya chegarasidagi Kobani shahrini ozod qilish janglarida qatnashish uchun Turkiya hududiga kirganlar.

150 Peshmerga jangchilarining bir qismi 29 oktyabr kuni ertalab Turkiya janubi-sharqidagi Sanliurfa aeroportiga qo‘ngan.

Yana bir qismi esa qurol-yarog‘lar, xususan, zambaraklar kajavalangan og‘ir yuk avtomobillari bilan quruqlik orqali harakatlanmoqdalar.

Kobani shahri uchun urushga kirishmoqchi bo‘lgan Iroqdagi kurd jangchilarini o‘z hududidan o‘tkazishga Turkiya o‘tgan hafta rozi bo‘lgan edi.

Turkiyada istiqomat qiladigan kurdlar Turkiya hukumatining Kobani borasida tutgan siyosatidan norozi bo‘ldilar, protestlar uyushtirildi.

Turkiyaning qator nuqtalarida norozi kurdlar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y berdi.

Peshmerga jangchilarini olqishlab minglab kurdlar ko‘chalarga chiqqanlar.

Uchoqdan tushgan jangchilar avtobuslarga o‘tirg‘izilgan, Turkiya xavfsizlik kuchlari hamrohligida Turkiya-Suriya chegarasiga olib ketilganlar.

Chorshanba kuni kurd jangchilari Kobanidan 16 kilometrcha uzoqlikdagi Turkiyaning Suruch shahriga etib borishlari, so‘ng chegaradan o‘tishlari mo‘ljallangan.

Turkiya Kobani borasida xalqaro bosimlar ostida qolgan, deyish mumkin.

Xalqaro hamjamiyat Turkiyaning Kobani shahrining "Islomiy Davlat" qo‘liga o‘tishi oldini olish uchun ko‘proq choralarga qo‘l urishini istagan.

Xususan, Kurdiston Ishchi partiyasi jangchilarini Turkiya hududidan o‘tishlariga izn berilishini xohlaganlar, ammo Turkiya hukumati boshida bunga ko‘nmagan.

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li mamlakati "Islomiy Davlat" jangarilariga qarshi etarli chora ko‘rmayotgani haqidagi tanqidlarni rad etgan.

Bi-bi-si bilan suhbatda janob Dovuto‘g‘li aytishicha, Turkiya AQSh etakchiligidagi koalitsiyaning amaliyotlariga qo‘shilishi mumkin, qachonki "integratsiyalashgan strategiya" Suriya Prezidenti Bashar al-Assad kuchlariga qarshi amallarni ham ko‘zda tutsa.

Iroq Kurdistoni parlamenti Suriya Kobanisiga 150 Peshmerga jangchisini yo‘llash qarorini o‘tgan hafta qabul qilgan edi.

Jangchilarni yuborish nega shu paytgacha cho‘zilgani sababi ayon emas.

AQSh hukumati Peshmerga jangchilarini Kobaniga yuborish qarorini olqishlagan.

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, Kobani uchun janglar AQSh etakchiligidagi koalitsiya uchun bir sinovga aylangan.

Bir necha haftadan buyon Kobani shahri va atrofi havo hujumlariga tutilayotgani bois "Islomiy Davlat" jangarilari shaharni to‘la qo‘llariga kirita olmadilar.

Biroq janglar hamon davom etmoqda va mahalliy kurd qo‘mondonlarining aytishlaricha, "Islomiy Davlat" Kobani shahrining 40 foizcha qismini haligacha nazorat qilib turipti.

Kobani uchun janglar 200 mingdan ortiq aholini Turkiya hududiga qochib o‘tishga majbur etgan.

Bir yarim oylik janglar oqibatida 800 dan ziyod inson halok bo‘lgan.