Moskva politsiyasi 27000 muhojirni ushlagan

Moskva politsiyasi xabar qilishicha, "Migrant-2014" deb nom berilgan amaliyotning etti kuni mobaynida 27 ming xorij fuqarosi huquq-tartibot idoralariga etkazilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bu tadbirdan ko‘zlangan maqsad, Moskvadagi huquq-tartibot va ijtimoiy xavfsizlik vaziyatini yaxshilashdir.

Bunday "tozalash" amaliyotining 23 oktyabrdan 2 noyabrgacha o‘tkazilishi rejalangan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahri boshqarmasi matbuot xizmatiga ko‘ra, chet elliklarni ushlashdan maqsad, ularning shaxsini aniqlash, biror bir jinoyatga aloqador yoki aloqador emasligini aniqlash, Rossiya hududida bo‘lishiga ruxsat beradigan hujjatlari qonuniy-noqonuniyligini tekshirish bo‘lgan.

Moskva politsiyasi 7000 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgani haqida xabar qilgan.

Noqonuniy muhojirlik bandi bo‘yicha 129 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

126 insonni Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborishga qaror qilingan, 837 kishiga esa mamlakatni mustaqil tark etishga buyruq berilgan.

Moskvalik jurnalist Davlat Qudratga ko‘ra, bunday "tozalash" amaliyotlari har yili o‘tkaziladi, bunga turtki bergan siyosiy va iqtisodiy omillar bor.

Bunday tadbirlari bilan rossiyalik huquq-tartibot organlari, siyosatchilar Rossiya xalqiga o‘zlarining noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash olib borayotganlarini namoyish etishni istaydilar, deydi u.

Ayni paytda Tojikistonning Moskvadagi elchiligi bu mamlakatning yuzlab fuqarolari ommaviy hibs qilinganlari haqida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etib chiqqan.