"Qat’iy qonunlar bilan giyohmandlikni engib bo‘lmaydi"

Image copyright

Britaniya Ichki Ishlar vazirligi mamlakatdagi giyohmandlikka qarshi siyosatni Ovro‘poning boshqa 13 mamlakatidagi siyosatga qiyoslab, tadqiqot o‘tkazgan.

Giyohvand moddalarni mutlaqo taqiqlovchi qonunlardan tortib, bu amalni jinoyat emas, deya hisoblovchi usullar o‘rganib chiqilgach, qat’iy cheklovlar u qadar samarali emasligi aniqlangan.

Masalan, Portugaliyada 2001 yili giyohmandlik jinoyat emas, kasallik, deya talqin qilina boshlaganidan beri, giyohvand moddalarga berilganlar sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan.

Lekin, deyiladi vazirlik hisobotida, bu natijalarni faqat mu’todlarni jinoyatchi emas, deya ko‘rilishi samarasi, deb talqin qilib bo‘lmaydi.

'Hech kim ko‘ngilli ravishda giyohmand bo‘lishni tanlamaydi'

Aleks giyohmandlikdan davolanayotgan londonlik.

"Mening oilam a’zolarining aksari bangi va ba’zilari shu tufayli olamdan o‘tishgan. Bu yil men ikki do‘stimni dafn qildim. Bu bir mutassil kasallikka o‘xshaydi. Universitetda bo‘lgan vaqtim, 18 yoshimdan nasha cheka boshlaganman. Keyin harbiy xizmatga borib, u erda to‘xtatdim. Lekin o‘rniga ichishni boshladim. Iroqda xizmat qildim. Bomba hujumiga uchradim. U erdan qaytgach yana giyohvand moddalarga berildim".

Aleksga ko‘ra, joriy qonunlar hech bir kishini giyohmandlikdan qaytara olmaydi.

"Chunki bu qonunlar go‘yoki inson uchun bu yo‘lda tanlov bordek qilib ko‘rsatadi. Hech kim bangi bo‘lishni o‘zi istab, tanlamaydi".

Giyomandlikka qarshi kurashuvchi Action on Addiction tashkiloti vakilining aytishicha, hisobot xulosalari bangilikka jinoyat emas, kasallik deya yondoshish to‘g‘riroq ekanligi dalilidir.

Unga ko‘ra, giyohmandlarni qamash echim emas.

Portugaliya misoli

1990 yillarda Portugaliyada giyohmandlik o‘ta keng tus olgandi. Aholining har 100 dan bir nafari geroinga berilgandi.

O‘shanda muammoga qarshi kurashda taklif etilgan yo‘lni ko‘plar qo‘llamadilar. Aksincha, o‘ng qanot siyosatchilarning aksari giyohmandlarga qarshi jinoiy javobgarlikning bekor qilinishidan hayratga tushdilar.

Ular bangilarga o‘z tobeliklariga qarshi kurashish uchun qo‘llov va tibbiy yordam etkazilishi g‘oyasiga qarshi edilar.

Lekin hozirga kelib bu kabi norozi ovozlar tinchigan.

O‘shandan beri o‘tgan 15 yil mobaynida mamlakatdagi bangilar soni yarmiga qisqardi. VICh, sariq kasalligi va shunga o‘xshash kasalliklarning tarqash sur’ati ham pasaydi.

"1990 yillarda biz Portugaliya bangilar uchun jannatga aylanadi, deb qo‘rqqandik. Lekin yangi siyosat tufayli bu narsa ro‘y bermadi", deydi mamlakat giyohmandlikka qarshi kurash Agentligi rahbari.