100 ayol 2014: 'U meni bo‘g‘a boshladi'

Hindistonda har besh daqiqada maishiy zo‘ravonlik, qonunda ta’riflangan "er va yo uning qarindoshlari tarafidan shafqatsizlik" hollari sodir etilgani xabar qilinadi.

Image copyright none

"Erim xonaga kirib keldi va eshikni qulfladi. Tashqariga ovozim chiqmasligi uchun musiqani baland qilib qo‘ydi. Keyin kamarini olib, meni kaltaklay boshladi. Shu zayl meni u 30 daqiqa to‘xtovsiz urdi".

Aditi (haqiqiy ismi emas - Bi-bi-si) maishiy zo‘ravonlikka duch kelgan millionlab hind ayollaridan biri.

"Kaltaklay turib, u meni ovoz chiqarmasligim, yig‘lamasligim, qichqirmasligimni aytib ogohlantirdi. Agar aksini qilsam, bundan ham qattiqroq urishini aytdi. Erim meni kamari, qo‘llari bilan urar... keyin bo‘g‘a boshlagandi. U shu qadar g‘azab otiga mingandi".

Aditi aytayotgan hodisa u bor-yo‘g‘i 19 yoshda payti, "dabdabali to‘yi"dan bir yil o‘tib, yuz bergan.

To‘ydan bir necha oy oldin uni eri bilan bir do‘sti tanishtirib qo‘yadi. Boshida u "juda jozibali, mehribon" bo‘lgan. Ammo, bu hol uzoqqa cho‘zilmagan.

"Erim beparvo bo‘lib qoldi va meni haqoratlab, turli nomlar bilan chaqira boshladi. Ammo, otam ichuvchi edi, onamni doim tahqirlardi va buni hayotimning bir qismi deb o‘ylardim".

"Biroq, vaziyat yomon tus oldi", deydi Aditi ko‘zida yoshi bilan.

"Yillar osha tahqirlar kuchaya bordi. Men agar uning aytganini qilsam, hammasi yaxshi bo‘ladi, degan xayolda edim. Ammo, bunday bo‘lmadi. U har doim meni ayblashga sabab topardi. Hayotimning har bir lahzasi bashorat qilib bo‘lmas edi. Erim ko‘chaga chiqib ketib, qaytganidan keyin nima bo‘lishini bilmasdim. U meni nomlar bilan chaqirar yoki shunchaki kaltaklardi".

Image copyright none

Aditi uyida 2012 yilning apreligacha, turmushga chiqqaniga roppa-rosa 6 yil to‘lgunga qadar yashaydi. Keyin do‘stlarining yordami bilan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi".

Bugun uning o‘tmishi ortda qolgan. U nohukumat tashkilotidan ish topgan va hayotini qayta tiklashga harakat qilmoqda.

Ammo, Aditi yolg‘iz emas.

Image copyright none

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yil asnosida ayollarga qarshi jinoyat sifatida maishiy zo‘ravonlik xabar qilingan va raqamlar borgan sari o‘sib bormoqda.

Maishiy zo‘ravonlik Hindiston uchun g‘ayrioddiy holat emas, biroq unga qarshi ovoz chiqarmaslik madaniyati hamon saqlanib qolgan.

Aditi onasidan ko‘mak so‘raganda juda oz hamdardlik bildirilgan.

"Men ko‘kargan joylarimni ko‘rsatgan paytlarim bo‘lgan... U esa, bunga chidashim kerakligini, nima bo‘lmasin, turmushimni saqlab qolishim kerakligini aytdi".

2005 yil Hindistonda ayollarni maishiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid yangi qonun chiqarildi. Ammo, qonun muammoni yo‘qotishga xizmat qila olmadi. Chunki, unga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortish imkonsiz.

Hukumat tomonidan olib borilgan so‘nggi oilaviy so‘rovlarga ko‘ra, 54% erkak va 51% ayol er o‘z xotinini kaltaklashi odatiy holat degan fikrni bildirgan. Ya’ni, ularga ko‘ra, agar erning qarindoshlarini hurmat qilmas, bolalari yoki uyiga bee’tibor bo‘lsa va yo arzimas bir ish - ovqatga tuzni ko‘p yo-da, kam solib qo‘ysa, xotinni urish mumkin ekan.