Har bir eronlikning uyidagi kitob haqida

Image copyright THINKSTOCK

14 asrda yashab, ijod qilgan Hofiz Sheroziy kitoblarini deyarli har bir eronlikning uyidagi javonidan topa olasiz. O‘limidan 600 yil o‘tib uning she’riyati hamon eronliklarning o‘zliklarini ifoda etuvchi timsoldir.

Eronliklarning aytishlaricha, har bir uyda albatta ikki kitobni topasiz - biri Qur’oni Karim, ikkinchisi Hofiz g‘azallari. Lekin, biri o‘qilmaydi, ikkinchisi muttasil mutolaa qilinadi.

Bu istehzoni tushunish uchun har yili Hofiz maqbarasini ziyorat qiluvi millionlab eronliklarga qo‘shilish kerak.

Maqbaradagi muhit ko‘tarinki ruh, xursandchilik va osoyishtalikdan iborat.

Atirgul chamani ora, norinj daraxtlar va arig‘u sharshalar uzra maqbaradagi toshga o‘rnatilgan oppoq qabrni ziyoratchilar silab, she’rlarini ibodat qilgandek, yoddan pichirlab o‘qishadi. Uning so‘zlari jilosiga g‘arq bo‘ladilar.

Hofiz eronliklar uchun o‘zliklarining murakkab xosliklarini aks ettira olgan shoirdir. U tomonidan o‘ta mohirona qo‘llangan istioralar eroniylarni birlashtiruvchi omildir.

Lekin Hofiz maqbarasidan qadam uzilmasligining yana bir sababi bor.

Image copyright ALAMY

Bugungi Eronda mavjud qudratga muxolif fikrni izhor etish o‘ta mushkul vazifa.

Mamlakatni boshqarib kelayotgan ruhoniylar elitasi qudratni o‘z qo‘llarida juda mahkam ushlaydilar.

Ular inqilobiy ohanglarda gapiradilar, lekin muxolifatni bo‘g‘adilar.

Prezident Hasan Ruhoniyning jilmayib tushgan suratlari xorijda Eronning yangi siymosi ramzi bo‘lsa ham, mamlakat ichkarisida tazyiqlar va qatllar har qachongidan ham ko‘paygan.

Lekin muxolif fikrni yashirin yo‘lda ham izhor qilish mumkin. Hofiz tufayli Sheroz Erondagi eng liberal shaharlardan biridir.

Ayollarning ust-boshlariga qarang. Ana shuning o‘zi shahardagi fazoni o‘zgacha taqdim qilayotgan qirralardan biridir.

Eronda ayollarning boshdan-oyoq chodirga o‘ranishlari talab qilinadi. Sherozda esa Eron odatlari bo‘yicha ularning ust-boshlari qabul qilib bo‘linmas darajada erkindir.

Boshlaridagi ro‘mollari rango-rang va sochlarini deyarli yopmaydi, ular boshlarining orqa tomonida nomigagina osilib turadi.

Yosh qizlar esa tor shim ustidan, undan-da torroq paltochalarni kiyib, kimniki kaltaroq bo‘lishida musobaqalashayotgandek.

Ularning ust boshlari qonun-qoidalarda talab qilinganidek ayol kishi badanining pastu-balandliklarini yashirish emas, aksincha bo‘rttirish uchun xizmat qilayotgandek. Ko‘chalarda xushchaqchaqlik bilan suhbatlashib turgan yigitu-qizlarni uchratasiz.

Bu bo‘ysunmas Eron. Boshqaruvdagilar o‘z aholisi ustidan o‘rnatmoqchi bo‘lgan diniy konservatizmdan bosh tortish ramzi.

Shu o‘rtada mashhur bir aktyor ham Hofizga o‘z hurmatini izhor qilish uchun etib keladi. Uni Hollivudda bo‘lganidek qiy-chuvlar bilan o‘rab olishadi.

Quyosh botib, maqbara atrofidagi chiroqlar yonar ekan atrofdagi muhit yanada qizg‘inlashadi. Ziyoratchilar qo‘shiq aytib, Hofiz she’rlarini baralla o‘qiy boshlaydilar.

Bolalar oyoqlarini hovuzlarga osiltirib, hazil-handa qilib, ota-onalarining ko‘ngixushligidan mast bo‘lgandeklar.

Bu manzara Erondagi qarama-qarshiliklarni yashirayotgandek... Lekin mullalarning hamma uchun majbur ta’lim siyosatiga ko‘ra, mamlakatda juda qiziqarli o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Oxirgi yillarda oliygohlarni yigitlarga ko‘ra ko‘proq qizlar bitirib chiqmoqdalar.

Tug‘ilish darajasi keskin tushib, oilalar ko‘pda bir farzandli bo‘lib bormoqda.

Rahbariyat hatto ko‘proq farzand ko‘rganlar uchun rag‘batlarni e’lon qila boshladi.

Lekin ko‘plar farzand o‘stirish juda qimmatga tushayotganligini aytib, rag‘batlardan voz kechmoqda.

G‘arb Eron tomonidan uranni boyitish siyosati borasida tashvishlanishda davom etar ekan, hech kimga sir emaski ishbilarmonlar va rahbariyatdagilar jazo choralaridan foydalanib, o‘zlarini boyitish bilan ovoralar.

Qo‘limda naqd pul yo‘qligi va Eronda g‘arbning kredit kartochkalari taqiqlangani tufayli, gilam olishda qiynalib, boshimni qashlab turgan vaqtim tujjor-gilamchi shundoqqina Dubayga telefon qilib, pul o‘tkazmasi "mushkulimni hal qildi" qo‘ydi.

Mullalar baxtiga qarshi Hofiz nafaqat muhabbat va may haqida kuylabgina qolmay, o‘z she’riyatida diniy ikkiyuzlamachilikni ham nishonga olgan.

"Namoz va mehrobga sodiqliklarini targ‘ib qilgan va’zxonlar tanho qolganda o‘zgacha yo‘l tutadilar", deb yozgandi Hofiz bundan 600 yil avval.

Eronda ko‘p narsalar taqiqlangan, jumladan Bi-bi-si ham. Lekin Bi-bi-sining televizion kanali mamlakatda eng ko‘p tomosha qilinadigan kanal. Facebook, Twitter, GooglePlus va Instagram lar ham rasman taqiqlangan.

Prezident Ruhoniy Internetga cheklovlarning kamaytirilishiga da’vat qilmoqda. Lekin bu borada oxirgi so‘zni mamlakat Oliy diniy rahbari aytishi kerak. U esa hozircha bunday qilishni istamayapti.

Shuning uchun odamlar o‘zlarini Hofiz she’riyati bilan ovuntiradilar. Chunki hatto mullalar milliy shoirni taqiqlay olmaydilar.