O‘zbekiston: 'ID' mintaqani beqarorlashtirishi mumkin

"Islomiy davlat" saflarida qancha o‘zbekistonlikning borligi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Hukumatning Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi oralarida markaziy osiyoliklar ham bo‘lgan "ekstremistlar yangi beqarorlik hududlarini keltirib chiqarishlaridan" xavotir bildirgan.

Qo‘mita veb sahifasida e’lon qilingan bayonotda "Islomiy davlat" Qur’on oyatlarini o‘zicha talqin qilib, "Hijrat" va "Jihod" tushunchalarini ilgari surayotgani va harbiy to‘qnashuvlar o‘choqlariga odamlarni jalb qilayotgani aytiladi.

Bu O‘zbekistoni hukumati Iroq va Suriyaning katta hududlarini nazorat qilayotgan "Islomiy davlat"shu yil iyunida Xalifalik e’lon qilishidan buyon ushbu guruh borasida tarqatgan birinchi rasmiy bayonotidir.

Avvalroq Prezident Islom Karimov Yaqin Sharqdagi "yangi va yangi jangari guruhlar" tahdididan ogohlantirgan.

O‘tgan hafta Turkmanistonga safari chog‘ida gapirgan janob Karimov "hech kim tomonidan boshqarilmaydigan turli-tuman buzg‘unchi va terrorchi kuchlar" mintaqaga xavf solayotgani, ular, xususan, qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga keladigan siyosiy bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin"ligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston rahbari "Afg‘onistonda Iroqdagi vaziyat qaytarilishi mumkin", - deb aytgan.

O‘tgan oy internetda Suriyadagi o‘zbek jangarilari tomonidan suratga olingan, deb ishonilgan "Islomiy davlat"ning targ‘ibot videosi paydo bo‘lgan.

Videotasvirda kadr ortidagi odamlarning o‘zbek tilida so‘zlashayotganini anglash mumkin.

Avvalaroq shuningdek, Suriyaning Raqqa shahridagi havo hujumlarda 17 nafar O‘zbekiston fuqarolari o‘ldirilgani haqida xabarlar olingan.

Afg‘oniston va Pokistonning chegara hududlarida amal qilayotgan O‘zbekiston Islomiy harakati shu yil sentyabrida "Islomiy davlat"ni qo‘llab-quvvatlashi aytilgan bayonotni e’lon qilgan.

O‘zbekiston hukumati internetda paydo bo‘lgan videolar hamda o‘zbek jangarilarining ID bilan bir safda ekanliklari aytilgan bayonotiga hozirga qadar munosabat bildirmagan.

ID safida qancha o‘zbekistonlikning borligi haqida ham hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q.

Afg‘oniston va Pokistonda jang qilgan o‘zbek jangarilarining bir qismi keyinroq Suriyaga o‘tgan, deb ishoniladi.

O‘zbekiston Prezidentining sobiq maslahatchisi Rafiq Sayfullinning Bi-bi-siga aytishicha, O‘zbekiston hukumati Iroq va Suriyadagi voqealarning mintaqada takrorlanishidina xavotirda.

"Bizdagi sa’y-harakatlar asosan, xuddi shunday voqealar o‘zimizning O‘zbekistonda qaytarilmasligini ta’minlashga qaratilgan. Dunyodagi har qanday ziddiyat O‘zbekistonda o‘rganib chiqiladi, tadqiq va tahlil qilinadi, lekin, bu degani - o‘zbek hukumati ochiqcha munosabat bildirishga majbur degani emas", - deb aytgan janob Sayfullin Bi-bi-si bilan suhbatda.