'Amnesty International' o‘zbekistonlik qochqin taqdiridan xavotirda

Image copyright AP I Anistia Internacional

Xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotining xavotir bildirishicha, Mirsobir Hamidqoriev O‘zbekistonda ekstremizmga oid ayblovlar bilan 15 yillik qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

Tashkilot tarqatgan bayonot tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, qochqin Rossiyada o‘g‘irlab ketilgan va majburan O‘zbekistonga qaytarilgan.

“Amnesti Interneyshnl”, o‘z navbatida, Mirsobir Hamidqorievning Toshkentda hibsda ekani chog‘i qiynoqqa solinganiga oid ishonchli da’volarga ega ekanini ham bildirib o‘tadi.

Xuddi shu o‘rinda o‘zbekistonlik qochqin mahkama jarayonining qanchalik adolatli bo‘lib o‘tishi yuzasidan o‘z xavotirlarini izhor etadi.

Xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotiga ko‘ra, Mirsobir Hamidqoriev yana qiynoq va boshqa nomaqbul munosabatlarga duchor bo‘lish xavfi ostidadir.

Tashkilot o‘z ma’lumotlariga tayanib, ishbilarmonlik bilan shug‘ullanib kelgan o‘zbekistonlik qochqinning hozir Toshkentdagi Tergov izolyatorida tutib turilganini aytadi.

Hammasi qanday boshlangandi?

Ayon bo‘lishicha, Mirsobir Hamidqoriev 9 iyun kuni Rossiya Federal Xavfsizlik Kuchlari tomonidan Moskva markazida o‘g‘irlab ketiladi.

Shundan so‘ng, hech kim bilan muloqot qilishiga izn berilmay, noma’lum bir binonining erto‘lasida bir kun tutib turiladi.

Boshiga qop kiygizilib, davomiy ravishda kaltaklanadi.

Ertasi kuni esa, Moskva aeroportida o‘zbekistonlik huquq-tartibot xodimlariga topshirishadi.

Ayoli va Moskvadagi himoyachisi uning qaerda ekanini bilolmay, halak bo‘lishadi.

Faqat oradan ikki hafta o‘tib, Mirsobir Hamidqorievning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qarashli hibsxona erto‘lasida ekani ma’lum bo‘ladi.

Toshkentda

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, rossiyalik himoyachisi 31 oktyabr kuni Toshkentda mijozi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ladi.

Toshkentda ekani chog‘ida "Mirsobir Hamidqorievning o‘ziga qo‘yilayotgan uydirma ayblovlarga iqror bo‘lishi uchun qiynoqqa solingani va boshqa nomaqbul munosabatlarga duchor etilgani ma’lum bo‘ladi".

“Amnesti Interneyshnl” bayonoti tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, uning oyog‘ini tepaga, boshini pastga qilgan holatda devordagi ustunga bog‘lab, davomiy ravishda do‘pposlashadi: Ettita tishini urib tushirishadi va ikkita qovurg‘a suyagini sindirishadi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, Mirsobir Hamidqoriev o‘zbekistonlik mas’ullar tomonidan taqiq ostidagi “Islom jihodchilari” ekstremistik tashkilotini tuzishda ayblanmoqda.

O‘zbekistonlik qochqinning o‘zi esa, bu kabi ayblovlarni keskin rad etadi, deydi “Amnesti Interneyshnl”.

Rossiyalik himoyachisining aytishicha, Mirsobir Hamidqorievga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlar Toshkentdagi norasmiy bir yig‘in chog‘idagi suhbatga aloqador bo‘lishi mumkin.

Iddao qilinishicha, o‘sha yig‘in chog‘ida Mirsobir Hamidqoriev, go‘yoki, Islomga jabr-zulm qilinayotgani va xotin-qizlarning hijobda yurishlarini ma’qullashini aytgan.

Bayonot tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik qochqinning mahkamasi bir necha bor kechiktirilgan va hozir uning 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Chaqiriq

“Amnesti Interneyshnl” eng so‘nggida Mirsobir Hamidqoriev qiynoqqa solingani va boshqa nomaqbul munosabatlarga duchor etilganiga oid da’volarni tezlikda, xolislik va jiddiylik bilan tekshirishga chaqirgan.

Uni shu kuyga solishga mas’ul, deb topilgan har qanday militsiya zobiti yoki boshqa mas’ul shaxslarni adolat mahkamasiga tortishga da’vat qilgan.

Rasmiylarni esa, Mirsobir Hamidqorievning mahkama jarayoni O‘zbekiston ham ma’qullagan Fuqaroviy va Siyosiy Huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ko‘zda tutilgan me’yorlarda bo‘lib o‘tishini ta’minlashga undagan.