Janubiy Koreya kemasi rahbariga 36 yillik qamoq jazosi belgilandi

Image copyright AFP

2014 yil aprelida bortida 476 inson bilan cho‘kkan va 300 dan ortiq insonni g‘arq etgan Janubiy Koreyaning “Sevol” kemasining sardori Li Chjun Sok jinoiy mas’uliyatsizlik oqibatida ehtiyotsizlik bilan jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan va mahkama uni 36 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.

Halok bo‘lganlarning aksari sayohatga chiqqan maktab o‘quvchilari bo‘lganlar.

“Sevol” kemasining cho‘kishi Janubiy Koreyaning yaqin dengizchilik tarixidagi eng halokatli hodisa bo‘lgan.

Mahkamaga kema kapitani bilan birga yana 14 ekipaj a’zosi tortildi.

Qoralov tomoni Li Chjun Sokka o‘lim jazosi tayinlanishini so‘ragan.

Biroq mahkama hukmiga ko‘ra, 69 yoshli Li Chjun Sok fojea uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgar bo‘lmagan, unda kimnidir o‘ldirish niyati bo‘lmagan.

Ayblov tomoniga ko‘ra, etarli sondagi qutqaruv kemachalari borligiga qaramasdan, kema sardori yo‘lovchilarga cho‘kayotgan kemada qolishga buyruq bergan.

Cho‘kish davom etayotgan paytda Li Chjun Sok kemani tark etayotgani tasvirga olingan.

Mahkama payti “Sevol” sardori fikrlash qobiliyati ishdan chiqqani, atrofida nimalar yuz berayotganini anglay olmay qolganini aytgan.

U kemani tashlab ketgani uchun kechirim so‘ragan.

Mahkamada paromning Park nomli bosh mexanigiga 30 yillik ozodlikdan mahrum etish hukmi e’lon qilingan.

U jarohatlangan ikki ekipaj a’zosiga yordam ko‘rsatmaganlikda aybdor deb topilgan, oqibatda ikki hamkasbi hayotdan ko‘z yumgan.

Boshqa ekipaj a’zolariga ham 20 yilgacha qamoq jazolari tayinlangan.

Aniqlanishicha, halokat paytida “Sevol” kemasini ekipajning etarli malakaga ega bo‘lmagan a’zosi boshqarayotgan bo‘lgan.

U kemani birdan burgani oqibatida “Sevol” yonboshiga qulagan, so‘ng butkul ag‘darilgan.

Tergovchilar xulosasiga ko‘ra, halokatga bir necha omil sabab bo‘lgan.

Bular - paromning boshqarishni bilmaydigan dengizchi tomonidan boshqarilgani, talab qilinadiganidan ko‘p yuk ortilib, og‘irlashgani hamda kema konstruktsiyasiga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritilganidir.