Po‘lat Oxunov: "Buyuk davlat" shiorlaridan voz kechish kerak

O‘zbek siyosiy faoli Po‘lat Oxunov bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Po‘lat Oxunov (Axunov Po‘latjon Olimjon o‘g‘li) — 1962 yilning 12 martida Andijon viloyatining Shahrixon shahrida tug‘ilgan.

1969-79 yillarda o‘rta maktabda, 1979-84 yillarda Andijon Davlat Pedagogika institutining kimyo va biologiya yo‘nalishida tahsil olgan.

1984-1985 yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan. So‘ngra maktabda o‘qituvchi, maktab direktorining tarbiyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Maktab yoshlar (komsomol) tashkilotini boshqargan.

1989-1991 yillarda SSSR Xalq deputati, 1991 yilning sentyabrida SSSR Oliy Sovetiga deputat bo‘lib saylandi, SSSR Oliy Sovetining "1991 yil 18 avgustdagi davlat to‘ntarish voqealarini tekshirish komissiyasi a’zosi".

Shuningdek, SSSR ilk demokratik parlamenti tarkibida taniqli dissident, Tinchlik uchun Nobel mukofotining laureati Andrey Saxarov va keyinchalik Rossiya Prezidenti bo‘lgan Boris Elьtsinlar rahbarlik qilgan deputatlik guruhi safida siyosiy faoliyatini boshlagan Po‘lat Oxunov O‘zbekistonda xam ilk harakat — "Birlik" asoschilaridan biridir.

1992 yili muxolif–deputat va "Birlik"dagi siyosiy faoliyati uchun O‘zbekistonda bir necha bor hibsga olingan va qator mahkama qarorlari bilan jami 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qator koloniyalarda jazo muddatini o‘tagan Po‘lat Oxunov 1994 yili xalqaro jamoatchilik va g‘arb davlatlarining bosimi ostida qamoqdan ozod qilingan.

SSSR Oliy Soveti deputati o‘laroq, Ittifoq darajasida milliy manfaatlarni himoya qilishga uringan.

1995 yildan buyon Shvetsiyada Qirolligi bergan boshpana asosida mazkur mamlakatda istiqomat qiladi.

Po‘lat Oxunov 2002 yilda muxolfatchilar orasida ilk bor vatanga qaytish tashabbusi bilan chiqqan, g‘arb va O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy hamkorlik tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, muxolifat faoliyatini jonlantirish, uni birlashtirish borasida sa’y-harakatlar boshlagan.

U muxolifatning "Davra kengashi"ni tuzgan.

Po‘lat Oxunov 2005 yilda Andijon voqealari tufayli mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy tarang vaziyat unga nisbatan ham bosimlarning kuchaytirganini aytadi.

Xususan, uning fuqarolik pasportidan mahrum qilinishi, o‘zining majburiy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborilishi shular jumlasidandir.

Po‘lat Oxunov jamoatchilikka bahsli tanqidiy chiqishlari, O‘zbekistondagi vaziyatga doir siyosiy tahlillari bilan tanilgan.

2013 yilgacha "Birlik" partiyasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Shvetsiyada vaqtincha istiqomat qiladi, 5 nafar farzandi bor.

Bi-bi-si mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob berdi.

Suhbatning radio versiyasini juma kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Zoirjon Ahmedov: Nima uchun haligacha mamlakat ichidagi oddiy odamlarga Cizning borligingiz va faoliyatingiz sezilmaydi?

Po‘lat Oxunov: Oldin mening chiqishlarim va faoliyatimni televizor orqali ko‘rsatib, xabar berib turishgan paytlarda odamlar borligimni ham, faoliyatimni ham sezishar edi.

Hozir esa mamlakatimizda asosiy axborot faqat bir shaxsga bag‘ishlanadi. Demak, masalaning boshqa tomoni bor, ya’ni faoliyatni yoritish tomoni. Bir tomonlama axborot natijasida mustaqillik uchun kurashganlar bugun xalq dushmaniga, mustaqillikka qarshi bo‘lganlar esa, aksincha, qahramonga aylandilar.

O‘zbekiston ichida har qanday ma’lumot olish qiyin. Xususan, muxolifat saflaridagi odamlar haqida ma’lumot tarqatish cheklangan. Men O‘zbekistonga ta’siri bor turli xil dunyo siyosatchilari bilan tez-tez uchrashib turaman, ular orqali vatanimizda ijobiy o‘zgarishlarga ta’sir qilishga intilaman.

Hozir korruptsiyaga qarshi kurash fondini tuzdik va iloji boricha O‘zbekistonda poraxo‘rlik va korruptsiyaga qarshi ish olib borishga harakat qilyapmiz. Bu ishimizdan ko‘p vatandoshlarimiz xabardor va ko‘plar o‘zlarining muammolari haqida menga va hamkasblarimga yozishmoqda, biz esa ularga yordam berish uchun amaliy ish olib boryapmiz.

Bunday sharoitda ko‘rinmasam ham, vaziyatga ta’sir qilish imkoniyatini topish, xalqimiz uchun foydali deb o‘ylayman.

Bilol: 1. Nima uchun Birlikdan qochdingiz? (Men ketdingiz demoqchimasman)

Po‘lat Oxunov: Xavf-xatardan qochadigan odatim yo‘q. Xudoga shukur, jismonan sog‘lomman, ba’zi odamlar, menga qarashsa, boshlaridan do‘ppilari tushib ketadi (bo‘yim 2 metrligini hisobga olsak). Endi jiddiy aytadigan bo‘lsak, Birlikka tashkilot uchun eng og‘ir damda kelgan edim. 1989 yili tashkilot ikkiga bo‘linib parchalanib ketgan edi. O‘sha vaqtda men SSSR Xalq deputati sifatida Birlikka kirdim. Tashkilot qayta tiklanishga ko‘maklashish maqsadida o‘z deputatlik vakolatlarim bilan Birlik a’zo va rahbarlarini qo‘limdan kelgancha himoya qildim, ularning faoliyatiga yordam berib keldim.

Keyinchalik siyosiy faoliyatim uchun hukumat meni qamoqqa tashladi, qamoqdan ozod bo‘lganimdan keyin muhojirlik boshlandi. Bu davr ichida mamlakatdagi boshlangan tazyiq va quvg‘inlar natijasida Birlik yana yo‘q bo‘lib ketish holatiga kelgan edi. Lekin biz yana tashkilotni tikladik va uni partiya shakliga o‘zgartirib yana faoliyatni qaytadan yo‘lga qo‘yishga harakat qildik.

Ketishim sababi oxirgi yillarda Birlik nomidan qilinayotgan bayonotlar va harakatlar partiyaga zarar etkaza boshlagani bo‘ldi. Odamlarni va butun xalqni tahqirlash, haqorat qilish va to‘g‘ridan to‘ri so‘kishlar partiyamizga nisbatan munosabat o‘zgarishiga jiddiy omil bo‘ldi. Bu jarayonlar to‘xtatilishi kerak edi va bu yo‘nalishda harakat qildim. Lekin natija chiqishiga ishonchim qolmaganda, partiya ichida bema’ni tortishishlarni kuchaytirmaslik uchun, rais o‘rinbosari vazifasidan iste’foga chiqdim va Birlikda faoliyatimni to‘xtatdim.

Bugungi kunda Birlik nomidan aytilayotgan gaplar va bayonotlarga mening hech qanday aloqam yo‘q.

2. Sizda qanday kuch borki, Siz bilan opponentlaringiz (rasmiy hokimiyat) hisoblashishga majbur qila olasiz? Hamda: Muzaffar Qosimov, Sirdaryo viloyati: Qachon oxirgi marta O‘zbekistonga borib kelgansiz?

Po‘lat Oxunov: 27 yoshimda SSSR Xalq deputati bo‘lib saylangan edim. U paytlarda bunday muvaffaqiyat yosh yigitga butun umr mansab pog‘onalarida ko‘tarilib, katta amaldorlarning "lazzatli hayotiga" yo‘l ochib berar edi. Buning uchun "xo‘jayinlarga xizmat qilish" kerak edi. Lekin men bu yo‘lni tanlamadim. "Agar jim o‘tirsam, xalqning dardini kim aytadi" deb, amaldorlarni emas, oddiy odamlarni uylab ish tutishga qaror qildim va bu tanlangan yo‘lim to‘g‘ri ekaniga ishonch menga hozirgacha kuch bermoqda. Oddiy xalqni, millatini o‘ylagan inson hech qachon kam bo‘lmaydi.

Yana bir muhim omil bor: deputat bo‘lganimdan beri ko‘p mashhur va tarixiy shaxslar bilan hamkorlik qildim, ular ichidan misol sifatida Nobel mukofoti laureati Andrey Saxarov va keyinchalik Rossiya prezidenti bo‘lgan Boris Elьtsinni keltirish mumkin. Galina Starovoytova, Anatoliy Sobchak va boshqalar kabi taniqli demokrat arboblar bilan xam birga ishlashga muyassar bo‘ldim. Hukumat keyinchalik meni qamoqqa tashlaganida, aynan xalqaro doiralarda tanilgan odam bo‘lganim va Rossiya prezidenti Elьtsin bilan birga Frantsiya prezidenti Mitteran shaxsan aralashuvlari natijasida Islom Karimov meni maxsus farmoni bilan ozodlikka chiqarishga majbur bo‘lishiga olib kelgan.

Hozirgi kunda ham avvalgi tajribam va parlamentda ishlaganim menga Evropa Ittifoqi rasmiy idoralari va Evropa davlatlarining rasmiy amaldorlari eshiklarini ochib beradi, chunki ular meni o‘tmishimni Saxarov va Elьtsin bilan birga ishlaganimni, keyinchalik siyosiy mahbus bo‘lganimni va e’tiqodimdan qaytmay, kina va kudratga berilmasdan Vatanimda demokratiya uchun kurashayotganim sababli hurmat qilishadi. Bu esa, o‘z navbatida, rasmiy hokimiyatni ham men bilan hisoblashishga majbur qiladi.

O‘zbekistonga borish masalasiga kelsak, men vatanga qaytish tashabbusi bilan chiqqan odamman va buni amalda bajarishga xam harakat qildim va qilyapman. 2008 yili meni vatanimdan majburan chiqarib yuborishdi va fuqarolikdan mahrum etishganini e’lon qilishdi, lekin men bu qarorni noqonuniy deb hisoblayman va 2012 yili O‘zbekistonga borishga harakat qildim va 72 soatga vatanga kiritildim.

Mamlakatga kiritilishimdan avval, meni Toshkent aeroportida chegarachilar kamerasida to‘rt soat, keyin transport militsiyada ham kamerada sakkiz soat mobaynida ushlab turishdi. Lekin, alaloqibat, menga kasal onamni ko‘rishga ruxsat berishdi. Hukumatning bu qadamini muxolifatning vatanga qaytishi uchun to‘siqlarni olib tashlash yo‘lidagi ijobiy qadam, deb baholadik va bu haqda maxsus bayonot ham berdik. Mening vatanga kiritilishim haqidagi ijobiy xabarni Shvetsiya parlamenti raisi va Shvetsiyaning O‘zbekistondagi elchisi ham mamnuniyat bilan qarshi olishdi va bu yo‘nalishda harakatlarimni qo‘llab quvvatlashlarini bildirdilar. Lekin hukumatning muxolifatchilarni fuqarolikdan mahrum qilish siyosatini noto‘g‘ri deb hisoblashdi. Chunki bu O‘zbekistonda hukumat va muxolifat orasida murosaga erishish va demokratiyani rivojlanishiga to‘siq buladi, deb o‘ylashdi. Shuning uchun men muxolifatni vatanga qaytishini va shaxsan o‘zimning vatanga qaytish harakatlarimni davom ettiraman. Bu ishim muhojiratdagi barcha o‘zbeklarni vatanga qaytish imkoniyatiga ijobiy ta’sir qiladi, deb ishonaman.

Palangi, Toshkent-Nyu-York: Kutilayotgan saylovlarda o‘sha eski tos eski hammom qabilida qo‘g‘irchoq o‘yini bo‘ladi, deb taxmin qilyapman. Haqiqatan ham, vaziyat o‘zgarmasa, g‘arb davlatlari O‘zbekistongayam sanktsiya kiritishadimi rasman?

Po‘lat Oxunov: Haqsiz. Kutilayotgan saylovlar G‘arbga "bizda ham demokratiya va saylovlar bor", degan tasvirni ko‘rsatishga mo‘ljallangan qo‘g‘irchoq o‘yini bo‘lishi aniq. Lekin hech qanday sanktsiyalar kiritilmaydi va buni to‘g‘ri deb bilan. Ishonchim komilki, agar sanktsiyalar kiritilsa, mavjud rejimning o‘zgarishiga umid qilish qiyin. Aksincha, buning o‘rniga mamlakatimiz chegaralari yopiladi, odamlar chetga chiqa olmaydi, bosim, siquv va tazyiqlar kuchayishiga olib kelishi mumkin. Oxir oqibat bundan faqat oddiy xalq zarar ko‘radi, davlat amaldorlari esa ushbu sanktsiyalarni sezishmaydi ham. Sanktsiyalarning boshqacha ta’siri ham bo‘ladi: O‘zbekistonning to‘liq Rossiya va Xitoy pinjiga kirib ketishi va ularning tomorqasiga aylanib qolishi ehtimoli baland.

Abdulatif Adhamov: Po‘lat akaga savol: Akaxon, muxolifat nega parchalanib ketgan deb o‘ylaysiz?

Po‘lat Oxunov: Muxolifatni birlashtirgan g‘oya bu millatchilik va mustaqillik g‘oyalari edi. Bu maqsadlarga erishilgandan keyin yangi g‘oya va maqsadlar hosil bo‘lmadi. Yangi g‘oya qidirish yo‘lida muxolifatning bir qismi demokratik yo‘nalishga o‘tdi, boshqalari esa siyosiy din yo‘nalishga o‘tdi, uchinchilar esa to‘liq hukumat tarafidan dastaklangan ("Milliy qadriyatlarga qaytish") millatchilikning yangi turiga o‘tishdi. Bu omillarning hammasi bir bo‘lib muxolifatni parchalab yubordi.

Alohida aytish kerakki, mamlakatimiz boshqa millat vakillari mustaqillikka erishilgandan so‘ng muxolifatda o‘z o‘rinlarini topa olmasdan uning saflarini tark eta boshlashdi, chunki yurtimizga kelgan o‘zbeklar bayramida o‘zlarini begona his qilishdi va milliy shaklga ega bo‘lgan muxolifatga qo‘shilishni istashmadi. Bu omil, albatta, muxolifatning kuchsizlanishga olib keldi.

Maksim Nazirov, Frantsiya: Yangi muxolif kuch tashkil qilib, hozirgi Karimov hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro qonunlarga asoslanib, bahsga kirsak bo‘ladimi, yo‘qmi?

Po‘lat Oxunov: Muxolifatimiz xalqaro qonunlarga asosan emas, O‘zbekiston qonunlariga, respublikamiz Konstitutsiyasiga tayanib Karimov hukumati bilan mubohisga kirishi kerak, deb o‘ylayman. Jamiyatimizda siyosiy bahslar va muzokaralar madaniyatini shakllantirishimiz kerak.

Qanat Odil: Po‘lat Oxunov, Sizning fikringiz bo‘yicha, fuqarolarning shaxsiy hujjatlarida, shu jumladan fuqaro pasportlarida, "Millat" deb atalgan 5-moddani saqlash zarurati bormi? Mustaqillikdan 23 yil o‘tib, "titul millati" ("titulьnaya natsiya"), "milliy ozchiliklar" ("natsionalьnыe menьshinstva") degan tushunchalar mamlakatimizga qanchalik kerak?

Po‘lat Oxunov: Fuqarolarning shaxsiy hujjatlarida, shu jumladan fuqaro pasportlarida, "Millat" deb atalgan 5-moddani saqlanishi bu Sovet davridan qolgan salbiy merosdir va bugungi sharoitda jamiyatimizni jipslashtirishga jiddiy to‘sqinlik yaratmoqda. Ushbu omil xalqimizda "titul millati" va "milliy ozchiliklar" tushunchalarini saqlab qolmoqda va aholining ko‘p millionli qatlamini siyosiy jarayonlardan tashqariga chiqarmoqda. Shu sababdan ular demokratiya uchun kurashish o‘rniga ijtimoiy befarq bo‘lishmoqda, siyosiy sukut saqlashmoqda yo bo‘lmasa mamlakatni tark etishni afzal bilishmoqda. Qolaversa, bu Islom dinimiz asoslariga ziddir va ko‘p adolatsizliklarga olib kelish ehtimoli bor. Tasavvur qiling, siz tojik, turkman, qirg‘iz yoki qozoq millatiga mansub shaxssiz va davlat idorasida biron ishga davogarlik qilmoqdasiz. O‘zbekcha gapirishni hattoki ayrim o‘zbeklardan ham yaxshi bilasiz. Qiyofangizga va muomilangizga qarab kadrlar bo‘limida sizni samimiy kutib olishadi, lekin hujjatnigizni ochishlari bilanoq va u erda o‘zga millatdan ekaningizga ko‘zi tushiboq xodimning rangi o‘zgaradi. Shunday vaziyatlar bor deb aytishdan uzoqman, lekin buning ehtimolini inkor qilib ham bo‘lmaydi. Unutmasligimiz kerakki, yuqorida ko‘rsatilgan xalqlar Vatanimizning o‘zbeklar singari tub aholisi hisoblanadi, ularning ajdodlari o‘zbeklarning ajdodlari bilan asrlar bo‘yi ushbu zaminda yonma-yon hamsoya bo‘lib yashashgan, umumiy madaniyatimizni barpo etishgan va ota-bobolari qabrlari shu erda qolgan. Boshqa millat vakillari ham, ya’ni ruslar va tatarlar, koreyslar va ukrainlar, yahudiylar va armanilar mamlakatimizning to‘la huquqli fuqarolaridir. Konstitutsiyamizga muvofiq, ularning huquqlari hamma bilan teng deb belgilangan. Demak, mamlakatimiz mustaqilligi sharoitida 5-moddaning saqlanishiga hech qanday asos qolmadi, deb e’tirof etishimiz zarur.

Mehribon Qadamova: Po‘lat Oxunga savol: Siz dunyodagi bugungi geosiyosiy vaziyatga qanday baho berasiz? O‘zbekistonga bu siyosatning ta’sirini qanday tushunasiz? Kelajakda O‘zbekistonning siyosiy va ijtimoiy tuzumi qanday bo‘lishi kerak?

Po‘lat Oxunov: Butun dunyo uchun gapirish hojati yo‘qdir, lekin mintaqamizning bugungi geosiyosiy vaziyatini Rossiyaning agressiv siyosati va aynan shu siyosat tufayli Ukrainada kelib chiqqan inqiroz, Qrim anneksiyasi belgilamoqda. Diniy ekstremizm omili ham saqlanib hamisha xavf solib turibdi. Ushbu jarayonlar ustida mintaqamiz bo‘lingani, unda joylashgan davlatlar rahbarlari o‘zaro kelisha olmasligi nihoyatda katta xavf tug‘dirayotganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun mintaqaviy hamjihatlik, hamkorlik, integratsiya va, nihoyat, birlashishimiz hayotimizda eng dolzarb masalaga aylandi. Bu masalada O‘zbekistonning mas’uliyati alohida o‘rinda turibdi. Ushbu mas’uliyatni namoyon qilish uchun davlatimiz qo‘shnilarga nisbatan mensimaslik mavqesida turishdan, "Buyuk davlat" shiorlaridan voz kechishi kerak, ularga hurmat, do‘stlik va hamkorlik qo‘lini uzatishi kerak.

O‘zbekistonni etnokratik tuzumdan xolis bo‘lgan umumdemokratik printsiplarga asoslangan davlat sifatida ko‘rmoqdaman. Ijtimoiy tuzumimizning asosi xususiy mulk hurmat qilinishi, fuqarolarning ijtimoiy huquqlariga va majburiyatlarga rioya qilinishidir.

Shermuhammad Shamsitdinov: O‘zbekistonni etakchi davlat qatorida ko‘rish uchun bizdagi qaysi illatni birinchi o‘rinda yo‘q qilish kerak?

Po‘lat Oxunov: Qonunga hurmatsizlik. Chunki hamma narsa shundan boshlanadi. Bu odamlarimizni qon–qoniga singib ketgan. Agar qonunga munosabat o‘zgarmasa, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar qilib bo‘lmaydi. Shu bilan birga korruptsiya va poraxo‘rlikni rivojlanishimiz uchun eng katta to‘siq, deb hisoblayman.

Fazliddin, Andijon: Siz yoshligingizdayoq yuqori minbarlarni ko‘rib, siyosatda pishgan insonsiz. Ya’ni hozirgi kunda sizdan boshqa muxolifatni birlashtirishi mumkin bo‘lgan shaxs muxolifatda yo‘q. Nega uni (Bi-bi-si: muxolifatni) birlashtirishga harakat qilmayapsiz?

Po‘lat Oxunov: Mavjud muxolifatni birlashtirish zaruratini ko‘rmayabman. Xalqimizning, aholimizning yangi qatlamlarini siyosiy va ijtimoiy faollikka jalb qilishimiz lozim. Ushbu qatlamlarning e’tiborini va bilimlarini umumjahon demokratik an’analarga qaratishimiz kerak. Yangi yo‘l topib, yangi g‘oyalar hosil qilib, Vatanga qaytish va Vatanda ishlash hamma vatanparvar kuchlar bilan hamkorlik qilishga umidim bor.

Zubayr Fozil: Po‘latjonga bizning savolimiz oddiy: Siz muhojirlikdan mamnunmisiz? Agar mamnun bo‘lsangiz, qaysi tomonlari sizni mamnun qilyapti?

Po‘lat Oxunov: Mamnunman. Shvetsiya jamiyatida shakllangan munosabatlar xuddi bizni Islom dini chaqirayotgan tartibga mos keladi desa bo‘ladi. Musulmonchilik qadriyatlari bu yurtda o‘zining amaliy o‘rnini topgan. Odamlar o‘zaro hurmat va erkinlik, shu bilan birga o‘zaro talabchanlik sharoitida yashamoqda. Postsovet mamlakatlarda mavjud bo‘lgan ommaviy korruptsiya va poraxo‘rlik, o‘g‘rilik darajasini bu erda tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Jamiyat hayoti Inson huquqlarga nisbatan hurmat va himoya sharoitida o‘tmoqda. Buning ustiga davlat moddiy tomondan nihoyatda boy va fuqarolarni mustahkam ijtimoiy himoya bilan ta’minlaydi. Siyosatchilar, rahbarlar, hattoki Shvetsiya qiroli, xalqdan uzilib qolgani yo‘q. Men va oilam shu muhitda o‘zimizni baxtli his qilamiz. Vatandan olisda bo‘lsa ham, hayotim oldingidan ham go‘zalroq shaklda davom etyapti. Xususan, butun dunyoni kezib chiqish biz uchun muammo emas. Farzandlarim shu erda o‘qib ta’lim olishdi. Katta o‘g‘lim bank sohasida yuqori lavozimli mutaxassis, ikkinchisi kompьyuter muhandisi, uchinchi o‘g‘limiz huquqshunos. Qolganlari maktabda o‘qishadi. Vatanimiz O‘zbekistonda ham shunday sharoitlarni yaratib, bu erlarda o‘rgangan narsalarni tatbiq etish bizning mamlakatimizni rivojlanish darajasi Shvetsiya darajasida bo‘lishini orzu qilaman va shu yo‘nalishda ish olib boryapman.