Putin Afg‘oniston yuzasidan ogohlantirdi

Image copyright AP

Rossiya prezidentining ogohlantirishicha, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan Afg‘onistondagi vaziyat oson bo‘lmaydi.

Vladimir Putinga ko‘ra, Afg‘onistondagi voqealarning bundan keyingi rivoji birgina xalqaro hamjamiyatning e’tiborini o‘ziga tortayotgani yo‘q.

Uning aytishicha, Afg‘onistondagi vaziyat butun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlarning diqqat-markazida turibdi.

O‘tgan 13 yil davomida Afg‘onistonda hozir bo‘lgan o‘n minglab xorijiy askarlarning aksariyati esa, shu yil oxirigacha afg‘on tuprog‘ini tark etishadi.

Ammo, ta’kidlash joiz, G‘arbning eng qudratli davlatlari va Nato kabi eng yirik harbiy ittifoqning ham qurolli va ham diplomatik sa’y-harakatlariga qaramay, afg‘on mojarosi o‘zining yakuniy echimini topmagan.

Ham xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi va ham yarim yilga cho‘zilgan Afg‘oniston prezidentlik saylovi bilan bog‘liq bo‘hron allaqachon Afg‘oniston barqarorligida o‘z so‘zini aytmay qolmagan.

Afg‘oniston Tolibon harakati so‘nggi oylarda butun mamlakat bo‘ylab o‘z hujumlari sonini keskin oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Jumladan, kecha dushanba kuni Afg‘oniston birvarakayiga to‘rtta qonli hujumga sahna bo‘lgan, mavjud vaziyat mamlakat parlament vakillarining jiddiy tashvishlari va tanqidlariga ham sabab bo‘lgandi.

O‘z o‘rnida, Tolibon mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan halokatli qo‘shaloq xudkushlik hujumi Afg‘onistondagi vaziyat butkul nazoratdan chiqib ketdimi, degan xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagandi.

Xuddi shu hujumlar arafasida chiqish qilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa, agar lozim bo‘lsa, mamlakati Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘mak berishga tayyor ekanini aytgan.

Rossiya rahbari bu haqda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti parlament kengashining yig‘ini chog‘ida bayon qilgan.

Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadan tashkil topgan ushbu tashkilotda Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Prezident Putinning aytishicha, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi Afg‘onistonda terrorchilar faoliyatining kengayishi va bu, o‘z navbatida, butun mintaqaga tahdid solishi mumkin.

Markaziy Osiyo

So‘nggi yillarda shundoq Afg‘onistonning biqinida joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari ham voqealarning xuddi shu kabi rivojidan o‘z xavotirlarini oshkora izhor etib kelishadi.

Xuddi shu manzarada Afg‘onistonning qator Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh shimoliy mintaqalarida ham vaziyat yanada yomonlashgan.

Jumladan, qo‘shni Turkmaniston toliblarning hujumlari xavotiri ostida o‘zini qo‘shni Afg‘onistondan ihotalashga kirishgan.

Ya’ni, mintaqada o‘z manbalariga ega ayrim G‘arb nashrlariga ko‘ra, rasmiy Ashxobod o‘z chegaralarini mustahkamlash uchun hozir "mislsiz choralar"ga qo‘l urmoqda.

O‘z o‘rnida, xalqaro ittifoq kuchlarining katta sondagi safarbarligi ortidan, Afg‘onistondagi vaziyatning qay yo‘sin tus olishi qolgan mintaqa davlatlarini ham jiddiy xavotirga solib keladi.

Afg‘onistonga bevosita qo‘shni Tojikiston qolib, Qirg‘iziston ham o‘z chegaralarini mustahkamlash tashvishida.

O‘zbekiston prezidenti ham kuni-kecha aynan Turkmanistonga qilgan safari chog‘ida bu xususda yana bir bor o‘z xavotirlarini izhor qildi.

Afg‘onistonda Iroqdagi joriy vaziyat takrorlanishi mumkinligi ehtimoli xususida ham so‘z yuritdi.

Xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki undan tashqarida ham xavfsizlikka tahdidning kuchayishiga olib kelishini aytdi.

Prezident Islom Karimovga ko‘ra, Afg‘onistonda yuzaga keladigan siyosiy bo‘shliqni "hech kim tomonidan boshqarilmaydigan turli-tuman buzg‘unchi va terrorchi kuchlar" to‘ldirishi mumkin.

Rossiya va Afg‘oniston

Rasmiy Moskva eng avvalo Rossiya musulmon aholisi orasida islomiy ekstremizmning kuchayishidan xavotirda.

Rossiya hukumati, ayniqsa, mamlakat janubidagi turli bo‘lginchi guruhlarni davlat barqarorligiga tahdid, deb biladi.

Tahlilchilarning aytishlaricha, xuddi shu bois ham, rasmiy Kremlь Afg‘onistonda o‘z Islomiy Amirligiga asos solgan Tolibon tuzumini qulatishida 2001 yilda AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarini qo‘shqo‘llab dastaklagan.

Boshqa tomondan, tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya hamon o‘z ta’sir doirasida saqlab qolishga urinayotgan janubiy chegarasidagi mintaqa davlatlarida ham islomiy ekstremizm va terrorchilikning kuchayib borishidan xavotirda.

Chunki O‘zbekiston Islomiy Harakati doxil xuddi shu erdan chiqqan qator isyonchi guruhlar Afg‘onistondagi Tolibon harakati, “al-Qoida” va “Haqqoniy” tarmog‘iga o‘xshash guruhlar bilan mustahkam aloqalarga ega.

Xuddi shu bois ham, Rossiya Natoning shundoqqina tumshug‘i ostidagi harbiy hozirligini xush ko‘rmasa-da, bunga tishini-tishiga qo‘yib, rozi bo‘lgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Kremlь Afg‘onistonga yana toliblarning qudratga qaytishi va yoki Afg‘onistonning davlat sifatida tanazzulga uchrashini sira ham istamaydi.

Rossiyaning nazdida bu kabi holat Afg‘onistonni yana bo‘lginchi, terrorchi yoki islomchi kuchlarning xavfsiz boshpanasiga aylantiradi.

Rossiya nima qiloladi?

Lekin, shunga qaramay, o‘tgan 13 yil davomida Rossiya Afg‘onistonga o‘z harbiy qo‘shinlarini yubormagan.

Faqat ta’minot ishlari va AQSh bilan hamkorlikda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini qurollantirish ishlariga bosh qo‘shib kelgan.

Afg‘onistonni qayta tiklash harakatlarida moliyaviy jihatdan ko‘mak bergan.

Orada Afg‘onistonning Sho‘rolar davridan qolgan 10 milliard dollardan oshiqroq qarzidan ham butkul voz kechgan.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Moskva bundan buyog‘iga ham Afg‘onistonga qo‘proq iqtisodiy jihatdan ko‘mak beradi, yangi uy-joylar, suv to‘g‘onlari qurilishi va Afg‘onistonda Sho‘rolar ishg‘oli davridan qolgan zavodu korxonalarni qayta ta’mirdan chiqarish ishlariga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Ular, o‘z o‘rnida, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan katta sondagi safarbarligi mintaqada kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga olib kelishi, bundan buyog‘iga Rossiya va Xitoy o‘z iqtisodiy yordamlari bilan Afg‘oniston masalasida yakuniy so‘zni aytishga urinishlarini taxmin etishadi.

Afg‘oniston Rossiyayu Xitoy etakchi maqomga ega va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistonni o‘z ichiga oluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotida ham kuzatuvchi maqomiga ega.

Rasmiy Vashington va Afg‘oniston yangi milliy birdamlik hukumati orasida yaqinda imzolangan xavfsizlik bitimiga muvofiq, bu yilgi ommaviy safarbarlik ortidan bor-yo‘g‘i 10 mingga yaqin xorijiy askar va ularga qarashli bir nechta harbiy baza kelasi ikki yilgacha afg‘on tuprog‘ida qolishi mumkin bo‘ladi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Tolibon harakati bu kelishuvni “riyokorlik” ekanini aytib, butun Afg‘oniston bo‘ylab o‘z hujumlarini kuchaytirish bilan ogohlantirgan.

Sobiq Sho‘rolar Ittifoqi ham 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg‘onistonni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Azizlar, Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002