Rossiya nimaga hozirlik ko‘rmoqda?

Image copyright BBC World Service

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Rossiya o‘tgan sakkiz kun ichida to‘rtta qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan.

Rossiya tomonining bu kabi xatti-harakatlari Ukraina inqirozi yuzasidan rasmiy Kremlь va G‘arb orasidagi tanglik yanada kuchaygan bir manzarada kuzatilmoqda.

O‘z o‘rnida ta’kidlash joiz, voqealarning bu kabi rivoji qator Natoga a’zo davlatlar harbiy ekspertlarini xavotirga solmay qo‘ymagan.

Ular qit’alararo ballistik raketalar sinovini Rossiya strategik qiruvchi uchoqlarining Ovro‘po fazosi uzra yaqinda qilgan parvozlari bilan bir kontekstda baholashgan.

Xuddi shu manzarada Rossiya harbiylarining shu kunlarda juda faollashib qolishganidan xavotir bildirishgan.

“Barents Observer” nashrining yozishicha, Rossiya 72 soat ichida butun yadroviy triadasi: strategik qiruvchi uchoqlari, suvosti qayiqlari va qit’alararo ballistik raketalarini sinab ko‘rgan.

Rossiyaning bu kabi harbiy faolligiga o‘z harbiy ekspertlarining munosabati anchayin og‘ir-bosiq bo‘lgan.

Ammo ular ham rasmiy Moskva o‘zining yadroviy qudratini kuchaytirish harakatida ekaniga diqqat qaratishgan.

Xavfli o‘yin

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya anchayin qaltis yadroviy o‘yin boshlashi mumkin.

Ularning aytishlaricha, sobiq Sho‘rolar Ittifoqi kuch-qudratga to‘lgan davrlar bilan taqqoslanganda, hozir Rossiyada boshqa yo‘l bilan G‘arbga qarshi turish imkoniyatlari nisbatan kam.

“Qiziq, 90-yillar oxiri va 2000 yillar boshlarida Rossiya rahbarlari yadroviy arsenallari bo‘lsa-da, hech kim so‘zlariga quloq tutmasligidan shikoyat qilishardi. Ammo o‘sha paytda G‘arb ularning aqllari raso ekaniga ishongan. Bu ishonchlari qat’iylashib borarkan, Rossiyaning yadroviy qudratiga kamroq e’tibor qaratishgan. Chunki aqli-hushi joyida bo‘lgan odam qizil tugmani bosmaydi, to‘g‘rimi? Ammo hozir G‘arb ancha tashvishga tushib qolgan. Bu esa, rasmiy Moskvaga, so‘zsiz, qo‘l kelmoqda”, - deydi rossiyalik harbiy ekspert Aleksandr Golts.

Ammo qanchaga tushadi?

Neftь narxining tushishi va rublning juda qadrsizlanib borayotgani Rossiyaning harbiy byudjetiga zarba bermay qolmaydi.

Biroq, shunda ham, strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega yadroviy arsenali emas, deydi Moskvadagi muxbirimiz Olьga Ivshina.

Uning xabaridan ma’lum bo‘lishicha, Rossiya davlat dasturida eng avvalo mamlakat yadroviy arsenali, keyin havodan himoya tizimini rivojlantirish va undan so‘ng yagona fazo tizimini yaratish masalasiga asosiy urg‘u berilgan.

Ammo Rossiya piyoda, havo-desant va piyoda-dengiz qo‘shinlarini kuchaytirish jarayoni sustlashishi mumkin.

Chunki bu kuchlarni zamonaviylashtirish uchun lozim bo‘lgan mablag‘ning aynan 2015 yilda ajratilishi ko‘zda tutilgandi.

Voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida esa, bu kabi tashabbuslar savol ostida qolishi mumkin, deydi muxbirimiz.

Harbiy ekspertlar orasidagi mavjud qarashlarga ko‘ra, hozirgi sharoitda umumiy jangovar kuchlar faqat mahalliy va mintaqaviy mojarolarda ish berishi mumkin.

Jiddiy qarama-qarshiliklarda esa, yakuniy so‘zni faqat yadroviy qurollar aytadi, deyishadi ular.

Ekspertlarga imkonli bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya shu yaqin oylarda yana bir qancha rusumdagi harbiy raketalarini sinab ko‘rishni mo‘ljallab turibdi.