Xitoyda 22 uyg‘ur uzoq yillarga qamaldi

Image copyright AP

Xitoyning davlat nazoratidagi matbuoti xabar tarqatishicha, Shinjonda 22 uyg‘ur ustidan hukm o‘qilgan.

Qashg‘ar mahkamasi aybdor deb topganlar orasida imomlar ham borligi xabar qilinmoqda.

Xitoyning uyg‘urlarni ayblab e‘lon qiladigan mahkama va hukmlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilinadi, bu mahkamalarda hatto o‘lim jazosiga hukm qilingan insonlarning chindan-da aybdor ekani isbotlangani savol ostiga olinadi.

Xitoyning Sinxua axborot agentligi xabariga ko‘ra, 22 uyg‘ur noqonuniy diniy faoliyat bilan shug‘ullanishda ayblanganlar.

Kashg‘ar mahkamasida o‘tgan jarayonda ayblanuvchilarga milliy nizo qo‘zg‘ash, ijtimoiy tartibni izdan chiqarish hamda jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari qo‘yilgan.

Mahkamada bir necha imom jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgani xabar qilinmoqda.

Ularga "yashirin imomlar" deb nom berilgan.

Ular rasman biror bir masjidga imom etib tayinlanmagan, biroq ibodatlarda namoz boshlovchilari bo‘lganlar.

Yoki boshqalari masjiddagi imomlik vazifasidan chetlatilganlaridan keyin xam ibodatga yetakchilikni davom ettiraverganlari uchun javobgarlikka tortilganlar.

22 kishiga 5 yildan 16 yilgacha qamoq jazolari tayinlangan.

Xitoydagi ayrim veb-saytlar mahkamaga tortilgan insonlarning fotosuratlarini e‘lon qilganlar.

Xitoy hukumati uyg‘urlarni terrorizm, diniy ekstremizm, bo‘lginchilikda ayblaydi.

Ammo xorijdagi uyg‘ur faollari Xitoy hukumatini musulmon uyg‘urlarning diniy, madaniy xayotlariga suqilib kirib bosimni davom ettirishda ayblaydilar, bu esa, faollarga ko‘ra, uyg‘urlarni g‘azablantirib, noroziliklarga yetaklamoqda.

O‘tgan oy Shinjondagi mahkama yozda 37 inson o‘limiga olib kelgani aytilgan hukumat va politsiya idoralariga hujumlarda aybdor deb topib 12 kishiga o‘lim jazosi tayinlagan, yana o‘nlab kishilarga uzoq yillik qamoq hukmlari e‘lon qilingan edi.